Линклар

Rossiyaning Rostov-Don shahri aeroportida Dubaydan uchib kelgan yo‘lovchi uchoq halokatini o‘rganayotgan tergovchilar apparat bortidagi ovoz yozib oluvchi moslamalarning biridagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi.

Birlashgan Arab Amirliklariga qarashli FlyDubai shirkatining yo‘lovchi samolyoti fojeasi sabablarini o‘rganayotgan tergovchilarning bildirishicha, uchoqning qora qutilaridan biridagi ma’lumot zarar ko‘rmagan.

Rossiya davlatlararo aviatsiya qo‘mitasining direktori Sergey Zayko 20 mart kuni qora quti uchoq yerga qulab tushguniga qadar ishlab turgani aniqlanganini bildirdi. 19 mart kuni qulagan uchoq bortidagi 62 kishining hammasi nobud bo‘ldi. Ular orasida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgani ham aniqlandi.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi e’lon qilgan ro‘yxatda uning shaxsini 47 yashar O‘zbekiston fuqarosi Allen Larisa Yuryevna deya e’lon qildi. Hozircha O‘zbekistonning Rossiya va Dubaydagi elchixonalari bu ma’lumotni izohlagani yo‘q.

Avvalroq qo‘mita samolyotning ma’lumot va ovoz yozib oluvchi moslamalari avariya paytida jiddiy zarar ko‘rganini bildirgan edi.

19 mart kungi hodisada samolyot Rostov-Don aeroportiga qo‘nayotgan paytda yerga qulab, parchalanib ketgan.

20 mart kuni tergovchilar 55 yo‘lovchi va 7 ekipaj a’zosining barchasi samolyot qulashi bilanoq halok bo‘lganini bildirishdi.

Ochilgan jinoiy ish doirasida fojeaga texnik xato, ob-havo yoki pilot xatosi sabab bo‘lgani to‘g‘risidagi taxminlar o‘rganilmoqda.

Rasmiylar halok bo‘lganlar shaxsini ularning qarindoshlaridan olingan DNK yordamida aniqlash jarayonini boshlashgan.

20 mart kuni aeroport ta’mirlash ishlari uchun yopildi. Qulagan samolyot aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagida katta voronka qoldirgan. Rasmiylar 21 mart kuni aeroport qayta ochilishini aytishmoqda.

FlyDubai shirkatining direktori G‘oit al-G‘oit 20 mart kuni aeroport ochilganidan keyin u yerga boradigan reys qayta tiklanishini e’lon qildi.

G‘oit qulagan samolyot uzoq payt aeroport atrofida aylangan bo‘lsa-da, unda yetarlicha yoqilg‘i bo‘lganini bildirdi. Direktor fojea sodir bo‘lgan paytda aeroport ochiq bo‘lganini aytib, uchuvchilarning qo‘nish qarorini qo‘llashini qo‘shimcha qildi.

Ammo DPA xabar agentligiga ko‘ra, FlyDubai samolyoti Rostov-Don atrofida aylanayotgan paytda Rossiyaning “Aeroflot” shirkati hamda “Chexiya havo yo‘llari”ga tegishli ikki uchoq – taxminan 250 km uzoqroqdagi Krasnodar aeporortiga jo‘nab ketgan.

XS
SM
MD
LG