Линклар

21 mart kuni ertalab Toshkentda Navro‘zga bag‘ishlangan rasmiy bayram tantanalari o‘tishi bilan O‘zbekiston tomoni o‘zbek-qirg‘iz chegarasida bahsli qolayotgan Chalasart bo‘lgasiga kiritgan harbiylarining asosiy qismini chaqirib oldi. So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, hozir chegaraning bu qismida ikki tomondan 8 nafardan chegarachi qolgan. 18 mart kuni O‘zbekiston ayni hududga zirhli harbiy texnika joylashtirgan edi.

Qirg‘iziston Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati raisi Raimberdi Duyshenbiev Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida yakshanba kuni kechqurun tomonlar o‘rtasida o‘tgan muzokaralarda harbiylar sonini qisqartirishga kelishilganini bildirdi:

- Chegaraning tilga olingan Chalasart uchastkasida hozir ham bizning va o‘zbeklarning chegarachilari turibdi. Kecha oqshom biz muzokaralar o‘tkazdik va natijada, askarlarni kamaytirishga kelishdik. Kecha oqshom chegara o‘tkazish postida 20 nafardan harbiy bor edi. Mana bugun atigi 8 kishidan qoldi.

Qirg‘iziston tomoni chegaradan o‘zbek harbiylari va zirhli texnikasi olib chiqilganini o‘rtadagi muzokaralar natijasiga bog‘lamoqda.

Ayni paytda, Qirg‘iziston tomoni 18 mart - Chalasart bahsli hududiga O‘zbekistonning 2 ta BTR, 2 ta yuk tashuvchi harbiy mashina va 40 ga yaqin askar kiritilganidan buyon Toshkent bu harakati sababini ochiq ifoda qilmayotir, deb kelmoqda.

Qirg‘iziston tomoniga ko‘ra, muzokaralarda ishtirok etgan o‘zbekistonlik mahalliy rasmiylar Toshkentdan chegaraga harbiy kiritish va qatnovni qisman cheklash haqida buyruq kelganini aytish bilan cheklanmoqdalar.

Ammo, 20 mart kuni O‘zbekiston Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasining matbuotda qisqa bir bayonoti tarqatilgan va unda chegaradagi nazorat Navro‘z bayrami munosabati bilan kuchaytirilayotgani aytilgan.

Darvoqe, O‘zbekiston Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi nomidan e’lon qilingan bayonotda harbiy texnika va askarlar chegaraning Chalasart bahsli hududiga kiritilganini ham inkor qilingan.

Qirg‘iziston tomoni esa o‘zbek BTRlari aynan bahsli hududga kiritildi va bu ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlarga zid, deb ta’kidlashda davom etmoqda.

O‘zbekiston har yili Mustaqillik va Navro‘z bayramlari arafasida poytaxt va davlat chegaralarida nazoratni kuchaytiradi.

Ammo, Qirg‘iziston chegarachilari bahsli hududga zirhli harbiy texnika kiritilgani va 40 yaqin qurollangan harbiyning joylashtirib qo‘yilganiga ilk bor guvoh bo‘lganini ta’kidlamoqda.

O‘zbekiston tomonining bu galgi harakati qirg‘iz matbuotida ba’zi vahimali xabarlar, xususan, "chegaraning ayni qismida otishma bo‘ldi" mazmunidagi ovozalarning tarqalishiga ham sabab bo‘ldi. Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati bunday ovozalarni inkor qildi.

Ikki davlat o‘rtasida bahsli qolayotgan Chalasart uchastkasi va unga yaqin Karvon-Olabuqa avtoyo‘lidagi chegara-o‘tkazish punktlari hanuz kuchaytirilgan rejimda qo‘riqlanmoqda.

Eslatamiz, 18 mart kuni Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston chegarachilari ertalab soat 7:40lar atrofida o‘rtada bahsli bo‘lib turgan hududga ikkita bronetronsportyor, 2 ta KamAZ va 40 ga yaqin harbiy kiritgani haqida xabar tarqatgan. O‘zbek harbiylari bahsli hudud yaqinidagi Karvon-Olabuqa yo‘lidan o‘tuvchi yo‘lovchilar tekshiruvini ham kuchaytirgan edi.

Bunga javoban Qirg‘iziston tomoni ham ayni miqdorda harbiy texnikani ushbu chegara yaqiniga joylashtirdi. Xabar agentliklariga ko‘ra, Qirg‘iziston chegaraoldi hududiga yo‘llagan harbiylar soni 200 atrofidadir.

XS
SM
MD
LG