Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:39

Rossiya sudi ukrainalik uchuvchi Savchenko qotillikka aloqador deb hukm chiqardi


Rostov oblastining Donetsk shahar sudi ukrainalik uchuvchi Nadejda Savchenko ustidan hukmni e’lon qilishni boshladi. 2 kun davomida o‘qiladigan hukmni boshlar ekan sudya uchuvchi Ukrainaning Lugansk viloyatida rossiyalik jurnalistlarning o‘ldirilishida ishtirok etgan va chegarani noqnuniy kesib o‘tgan, deb topilganini aytdi. Savchenko hukmni tan olmasligini bildirgan.

21 mart kuni ertalab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanayotgan Donetsk sudida ukrainalik 34 yashar uchuvchi Nadejda Savchenko ustidan chiqarilgan hukm matni o‘qib eshittirila boshladi.

Sudya hukmning ikki kun - 21 va 22 mart kunlari o‘qilishini e’lon qilgan.

Mahkamaning boshidayoq sud hay’ati uchuvchiga qo‘yilgan asosiy ayblovlarni tasdiqlagani hakam tomonidan e’lon qilindi:

"Savchenko Nadejda Viktorovna nafrat va dushmanlik motivlari asosida avvaldan kelishilgan holda bir guruh shaxs bilan birga Kornelyuk va Voloshinlarni o‘ldirishda ishtirok etgan, deb topildi", deb e’lon qildi sud hay’ati raisi Leonid Stepanenko.

Quyida sud zalidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyani tomosha qilishingiz mumkin:

Shuningdek, sudya "Savchenko Lugansk xalq respublikasi halqiga nafrat va dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan", deb qayd etdi. Sudya uchuvchi Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan, deb topilganini ham qo‘shimcha qildi.

Ayblov tomoni Nadejda Savchenkoga 23 yillik qamoq jazosini so‘ragan. Stepanenko uchuvchiga qo‘yilgan ayblovlarga asosli va jinoyatni tasdiqlovchi isbot-dalillar taqdim etildi, deb bildirdi.

​Nadejda Savchenkoning o‘zi sud hukmni tan olmasligini bildirgan. Uning advokati Nikolay Polozov: "Nadejda uchun hukm muhim emas, u bu hukmning adolatga hech bir aloqasi yo‘q, deb hisoblaydi. U hukmni tan olmaydi va shuning uchun, uning ustidan arz qilishni ham istamaydi", deb ma’lum qildi.

Ayni paytda Savchenko o‘n kundan so‘ng quruq ochlikni davom ettirish niyatini bildirgan. Advokatlari esa uni bu niyatidan qaytarishga urinmoqda.

Savchenkoning aytishicha, u 2014 yil iyunda Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilarga qarshi janglarda asir olinib, Rossiyaga noqonuniy tarzda o‘g‘irlab olib ketilgan.

Ukrainalik uchuvchi Nadejda Savchenkoni “noqonuniy qo‘lga olish va unga nisbatan soxta ayblov bilan sud jarayonini uyushtirish”da ayblangan 46 odam ro‘yxatini tuzdi.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko 17 mart kuni mazkur ro‘yxatni Bryusselda Yevropa Kengashi va Yevropa komissiyasiga taqdim etib, Yevropa Ittifoqidan ro‘yxatdagi shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etishni so‘ragan.

Ro‘yxatdagi 44 kishi Rossiya, 2 kishi Ukraina fuqarosidir.

AQSh prezidenti Barak Obama ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida Rossiyada qamoqqa olingan ukrainalik harbiy xizmatchi Nadejda Savchenkoni ozod qilishga chaqirgan.

34 yashar uchuvchi ayolning tutqinlikdagi ko‘rgiliklari va namoyish qilgan matonati uni Ukrainada milliy qahramon maqomiga ko‘tardi.

XS
SM
MD
LG