Линклар

Jizzaxda korrupsiyaga qarshi kurashga mas’ul soliq nazoratchisi pora bilan ushlandi. Farg‘onadagi bog‘chalarda bolalarga karavot etishmasligi aniqlandi. Marhum xonanda Shahnozabonuning janozasiga estrada vakillaridan hech kim bormadi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Oliy Majlis deputati: O‘zbekistonga geni o‘zgartirilgan organizmli oziq-ovqatlarni olib kirishni tartibga solish lozim

O‘zbekistonga tarkibida geni o‘zgartirilgan organizmlar mavjud oziq-ovqat mahsulotlari olib kirilishini tartibga solish lozim (“Darakchi”, 24 mart). Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi qo‘mitasi a’zosi Islomjon Zokirov aytgan. “Geni o‘zgartirilgan soya o‘simligini yegan molning go‘shtidan homilador ayol tanovul qilsa, tug‘ilajak farzandi turli nuqson va kasalliklar bilan dunyoga kelishi xavfi juda yuqori ekani isbotlangan”, deb yozadi gazeta. Deputatga ko‘ra, oziq-ovqat sanoatida mahsulotlarga qo‘shilayotgan biologik faol qo‘shimchalar borasidagi huquqiy asoslarni ham o‘z vaqtida takomillashtirish lozim.

Jizzaxda korrupsiyaga qarshi kurashga mas’ul soliq nazoratchisi pora bilan ushlandi

Jizzax shahar davlat soliq inspeksiyasi idoralarida xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash sho‘’basi tezkor xodimi Akmal Bozorov pora bilan qo‘lga olindi (“Huquq”, 25 mart). Soliq nazoratchisi “Ko‘k bozor” hududidagi xizmat tekshiruv o‘tkazgach, qonunbuzarlikni ro‘kach qilib, tadbirkor Alisher Boymurodovdan 3 million 500 ming so‘m pora talab qilgan. Shu tariqa u do‘kondan dastlab 490 ming, keyin 516 ming so‘mlik mahsulotlarni olib ketadi. Tadbirkor huquq idoralariga murojaat qilgach, 1 million 700 ming so‘mni pora tariqasida olayotganda ushlanadi. Sud soliq xodimini 6 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Farg‘onadagi bog‘chalarda bolalarga karavot yetishmasligi aniqlandi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati Farg‘ona shahridagi maktabgacha ta’lim muassasalarda bir qator qonunbuzarliklarni aniqladi (“Iste’molchi”, 23 mart). Ba’zi bog‘chalarda bolalarga karavot, stol-stul va hatto tarelkalar yetishmasligi holati mavjud. O‘quv qurollari yaroqsiz holda, idish va qo‘l yuvish xonalari nosoz. Bog‘cha tarbiyalanuvchilar uchun keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonning yaroqlilik muddati va boshqa muhim ma’lumotlar ko‘rsatilmagan. Qo‘pol qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ygan bog‘cha mudiralari jarimaga tortilgan.

Jizzaxlik ota qiziga qo‘l ko‘targan kuyovini pichoqlab o‘ldirdi

Asli G‘allaorol tumanida tug‘ilib, Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida yashab kelgan Ural Rahmonov 2015 yil 16 oktyabr kuni kuyovi A.Fayzullaevning joniga qasd qildi. “Huquq” gazetasi xabariga ko‘ra, A.Fayzullaev xotini L.Fayzullaevani urib haqoratlaydi. Shundan keyin kelin bir muddat otasinikida yashaydi. U.Rahmonov qizining kaltaklangani va haqoratlangani uchun o‘ch olish maqsadida kuyovining uyiga borib, uni chavaqlab o‘ldiradi. Ushbu jinoyat yuzasidan sud qaynotaga 11 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

Farg‘ona shahar tibbiyot kolleji o‘qituvchisi 3000 dollar pora bilan ushlandi

Farg‘ona shahar tibbiyot kollejida 15 yil davomida ishlab kelgan o‘qituvchi poraxo‘rlik uchun qo‘lga olindi (“Postda”, 22 mart). Ismi oshkor etilmagan o‘qituvchi kollejga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan qizlarning ota-onasidan 500 dollardan pora so‘ragan. Ota-onalar qizlarimizni imtihondan yiqitmasin degan hadik bilan o‘qituvchiga 6 kishi uchun 3000 dollar bergan. O‘qituvchi ko‘rsatilgan mablag‘ni olayotganda ushlangani va qilmishiga yarasha jazolangani xabar qilingan.

Marhum xonanda Shahnozabonuning janozasiga estrada vakillaridan hech kim bormadi

14 mart kuni 41 yoshidagi vafot etgan xonanda Shahnozabonuning dafn marosimiga san’at olami vakillaridan hech kim bormadi, deb xabar beradi “Darakchi” nashri. “Instagramda “opajonim”lab uni o‘limi bilan keng ommani “tabriklagan”lar birontasi janozaga kelmadi… Mayli, davlat tadbiri bilan banddir desang, shu kuni davlat tadbiri yo‘q edi, to‘y desang ham, hozir u darajada to‘y mavsumi emas. Biron joyi og‘rib qolgandir desang, nahotki hammasi yoppasiga birdan aynan shu kuni og‘rib qolgan bo‘lsa?!” deya hamkasblarini tanqid qilgan xonanda Manzura. “Biz artistlarning hammamiz faqat “pont”da, o‘zga brendlarni kiyib olib reklama qilamiz, ertalabdan kechgacha qaerda ovqatlanayotganimizni ko‘rsatamiz va kimningdir tug‘ilgan kuni yo o‘limi haqidagi “tabrik”lar bilan kifoyalanamiz, xolos”, degan Manzura.

Surxondaryodagi gapiradigan qarg‘ani 70 mingga yaqin muxlis “ziyorat” qildi

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi o‘qituvchi Bo‘ri Rahimovning shaxsiy hayvonot bog‘chasidagi “Gosha” laqabli gapiruvchi qarg‘ani ko‘rgani O‘zbekistonning turli hududlari va chet ellardan odamlar bormoqda (“Hurriyat”, 22 mart). Qayd etilishicha, 2003 yildan hozirga qadar qarg‘ani yaqin va olis yurtlardan borgan 70 mingga yaqin muxlis “ziyorat” qilgan. Ayni paytda 45 ga kirgan qarg‘ani parvarishlash uchun yuz gramm xom go‘sht, 1 litr ichish uchun, 4 litr cho‘milish uchun suv, yong‘oq, pishgan tuxum, kartoshka, sabzi, karam, uy noni, kungaboqar, yeryong‘oq mag‘zi, chigirtka, ninachi kabilar kerak bo‘ladi. “Gosha”ni sotib olish uchun muallim B.Rahimovga 30 ming dollargacha mablag‘ taklif qilingani aytilgan.

XS
SM
MD
LG