Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:38

Payariqlik vrach: “To‘rt oylik maoshsizlik bemorning qo‘liga qarashga majbur qilyapti”


Samarqand viloyati Payariq tumani tibbiyot birlashmasi
Samarqand viloyati Payariq tumani tibbiyot birlashmasi

Samarqand viloyati Payariq tumani tibbiyot birlashmasining shifokoru hamshiralari va texnik xodimlari to‘rt oydan buyon maoshsiz ishlamoqda. Bu haqda Ozodlikka gapirgan do‘xtirlarga ko‘ra, ular oilasini boqish uchun o‘zlari istamagan holda bemorlardan pul olishga majbur bo‘lmoqda.

Payariq tumani tibbiyot birlashmasining xodimlari to‘rt oydan buyon maoshsiz ishlamoqda.

Bu haqda Ozodlikka payariqlik shifokorlar yozdi:

“Birlashmamizda besh yuzdan ortiq odam ishlaydi. O‘tgan yilning dekabr oyligini taxminan 70 foiz odam olgan. Yanvar, fevral va mart oylari maoshlari esa shundayligicha turibdi. Buxgalterimizdan so‘rasak pul tushmayapti, deb aytadi. To‘rt oydan buyon maoshsiz qolayotgan do‘xtiru hamshiralar va boshqa texnik xodimlar juda qiynalib ketdi”, deb yozadi shifokorlar.

Payariq tuman markaziy kasalxonasining ismi sir qolishini so‘ragan shifokorlaridan birining Ozodlikka aytishicha, maoshsizlik va oila iqtisodiy ahvolining kun sayin og‘irlashib borayotgani do‘xtirlarni kasallar qo‘liga qarashga majbur qilmoqda:

“So‘nggi paytlarda shifokorlarning pora bilan qo‘lga tushgani haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Nima qilsin axir ular, o‘lsinmi ochidan yoki tilanchilik qilsinmi? Oilali va bola-chaqali odamning maoshsiz to‘rt oy yashashini tasavvur qilib ko‘ringchi, ana tasavvur ham qilolmaysiz. Chunki iloji yo‘q. Endi nima qilamiz, kasalning qo‘liga qaraymiz, ko‘nglidan chiqarib bir narsa berarmikin deb umid qilamiz. Bezbetroqlarimiz bemorga buncha berasan, deymiz. Bemor ham yashash uchun qanday kurashsa, biz ham shunday kurashyapmiz. Boshqa chora qolmadi”, deydi shifokorlardan biri.

Shu kasalxonaning boshqa bir shifokori esa, maoshsizlik ustiga turli xil komissiyalar uchun ma’muriyatning pul yig‘ishi haddidan oshib ketganini aytadi:

“O‘zi oylik yo‘q. Buning ustiga yaqinda Samarqanddan, viloyat markazidan bir avtobus vrachlarni jo‘natishdi. Chunki bu yil aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kerak ekan. Ularni boqish uchun hammadan pul yig‘dik. Ular ham birorta ko‘zga ko‘rinadigan ish qilgani yo‘q, qo‘l uchida ko‘rib ketishdi. Endi esa Toshkentdan yana bir gruppasi kelar ekan. Bizku bir amallab uch-to‘rt so‘m topib beramiz, lekin sanitarkayu hamshiralarga juda ham qiyin bo‘lib ketdi”, dedi shifokor.

Ozodlik payariqlik do‘xtirlarning bugungi ahvoliga munosabat olish uchun tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Shuhrat Boyzoqov bilan bog‘landi. Biroq janob Boyzoqov do‘xtirlarning nega to‘rt oydan buyon maoshsiz qolayotgani haqidagi muxbir savolidan so‘ng, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

O‘zbekistonda davlat byudjeti hisobidan moliyalanadigan tashkilot va korxonalarda ish haqining bir necha oylab kechikishi surunkali tus olmoqda.

Mustaqil iqtisodchilar bu holatni mamlakat iqtisodida jiddiy qiyinchiliklar, xususan, naqd pul taqchilligi yuzaga kelgani bilan izohlamoqda.

O‘tgan yilning may oyida O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosarining Bosh vazir Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan hisobotida mamlakat iqtisodida vujudga kelgan naqd pul taqchilligi bois banklarning oylik va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni vaqtida berish uchun naqd pul qolmagani to‘g‘risida ogohlantirilgan edi.

XS
SM
MD
LG