Линклар

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini beruvchi shved instituti 27 yillik sukutdan keyin britan yozuvchisi Salmon Rushdiy bo‘yicha Eron e’lon qilgan fatvoni qoraladi. Shved akademiyasi 24 mart kuni o‘z vebsaytida e’lon qilgan bildiruvda Eron fatvosi hamda Rushdiyni o‘ldirgan shaxsga berilishi va’da qilingan mukofot ilk marotaba qoralanib, bu fatvo xalqaro qonunchilikning yaqqol buzilishi ekanligi aytiladi.

Bildiruvda yana fatvo o‘tgan yili dunyoning qudratli mamlakatlari hamda Eron o‘rtasida mamlakatning yadroviy dasturi bo‘yicha erishilgan kelishuv ortidan “aloqalarning normallashishiga butunlay ziddir”, deyiladi.

Akademiya direktori Tomas Riad Rushdiy masalasi qayta ko‘rib chiqilishiga Erondagi 40 davlat nashrlarida Rushdiyning boshi uchun va’da qilingan mukofotning $600 000 ga ko‘paytirilgani haqida xabar berilgani turtki bo‘lganini bildirdi.

“Adabiyotning siyosiy boshqaruvdan ozod bo‘lishi printsipi tsivilizatsiya uchun o‘ta muhim va u qasoskor va tsenzura tarafdorlari hujumlaridan himoya qilinishi kerak”, dedi Riad.

“Adabiy asar uchun o‘lim hukmi chiqarilgani so‘z erkinligining jiddiy buzilishidan darak beradi”, deya so‘zini davom ettirdi direktor. Shved akademiyasi 1989 yil ham Rushdiyni qo‘llashini, ham betaraf qolishni istashini aytib, Eron fatvosi bo‘yicha biror tarafning yonini olishdan bosh torgan edi. Akademiyaning mazkur masala bo‘yicha sukut saqlashga qaror qilishi ortidan uning bir necha a’zosi institutni tark etgan edi.

Rushdiynin Muhammad payg‘ambar haqidagi “Shayton oyatlari” nomli kitobi chop etilganidan so‘ng Eron oliy ruhoniysi Oyatulloh Ruhulloh Humayniy 1989 yil yozuvchini Islom dinini tahqirlaganlikda ayblab, uni o‘ldirish haqida fatvo bergan.

Rushdiy o‘zining 2012 yil chop etilgan memuarida bu fatvoni “qora musiqaning ilk notasi”, deb atagan.

Hindistonda taqvodor bo‘lmagan musulmonlar oilasida tug‘ilgan Rushdiy ateistdir. Yozuvchi Eron fatvosi ortidan yashirin hayot tarzini kechirishga majub bo‘lgan.

Rushdiyning tarjimonlari hamda nashrchilarning joniga qasd qilinganidan keyin Britaniya hukumati Rushdiyni politsiya himoyasiga olgan.

Rushdiyga 1999 yil Frantsiyaning San’at va adabiyot ordeni berilgan. 2007 yil Qirolicha Yelizavetta II Rushdiyni adabiyotga ko‘rsatgan xizmatlari uchun ritsar-bakalavr unvoniga ko‘targan. 2008 yil esa The Times jurnali yozuvchini 1945 yildan keyingi yillarda ijod qilgan ellik eng buyuk britan yozuvchilari ro‘yxatida o‘n uchinchi o‘ringa qo‘ydi.

2000 yildan beri Rushdiy AQShda yashab, u erdagi Emori universitetida ishlab kelmoqda.

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG