Линклар

Ushbu haftada O‘zbekistonda katta tantanalar bilan Navro‘z bayramining nishonlangani va O‘zbekiston musulmonlari idorasining ushbu bayramni nishonlashga ruxsat beruvchi juma ma’ruzasi ijtimoiy tarmoqlarda bahs bo‘lmoqda. Diniy idora Navro‘z O‘zbekistonda diniy bayram emas, balki bahor faslining boshlanishiga bag‘ishlangan umumxalq bayrami bo‘lgani bois, nishonlash mumkin, deya fatvo berdi.

Juma ma’ruzasi: Navro‘zning dinga daxli yo‘q

Diniy idora rasmiy saytida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan qator maqolalar e’lon qilindi va ularda, jumladan, bayramga bag‘ishlab o‘tkazilgan idora doirasidagi tadbirlar ham sanab o‘tildi.

Tilga olingan bayram tadbirlaridan biri idora ichidagi futbol jamoalari orasida Navro‘z arafasida o‘tkazilgan turnidir. Yana bir tadbir esa Buxorodagi ayollar madrasasida o‘qiyotgan xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovdir.

18 mart kuni - Navro‘z bayrami arafasida respublika masjidlarida o‘qish uchun hozirlangan Juma ma’ruzasida esa, jumladan, shunday deyildi:

“...Alloh taolo O‘z irodasi bilan inson yer yuzini obod qilishi va unda chiroyli hayot kechirishi uchun lozim bo‘lgan havo, suv, quyosh va tuproqni unga bo‘ysundirdi... Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Ko‘rayapsizki, osmonlarni ustunlarsiz yaratib, sizlarni tebratmasligi uchun Erda tog‘larni barpo qildi va unda turli jondor(lar)ni tarqatib qo‘ydi. Yana Biz osmondan suv (yomg‘ir) yog‘dirib, (erda) turli chiroyli (o‘simliklarni) undirib qo‘ydik” (Luqmon, 10).

Bu bayram xalqimiz Islom dini bilan sharaflanishidan oldin ham bo‘lgan, Islomdan keyin ham u din ta’limotlariga va musulmon aqidasiga zid bo‘lmagani uchun hanuz nishonlab kelinadi... U hozir mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Ta’kidlash joizki, Navro‘z bayramining din yoki e’tiqodga umuman daxli yo‘q bo‘lib, ushbu kun azal sharq xalqlarida yangilanish, yasharish bayrami, dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yangi hayot pallasi sifatida ko‘rilgan".

Bahs: Islomda ikki Hayitdan boshqa bayram yo‘qmi?

O‘zbekistonda umumxalq bayrami sifatida rasmiy bayram tadbiri bilan nishonlanadigan ikki yirik sanadan biri – Navro‘zdir. Yana biri esa Mustaqillik bayrami.

Bu yil ham Navro‘z katta tantanalar bilan Toshkent markazida inshonlandi va ijtimoiy tarmoqlarda bu bayramning Islomda taqiqlanganini ta’kidlagan hamda aksincha, buni diniy ahamiyatga ega bo‘lmagan umumxalq bayrami sifatida nishonlash kerak, deguvchilar ichida bahs yana qizidi.

Navro‘z mumkinmas, deguvchilar asosan ikki diniy dalilni ilgari surmoqdalar. Jumladan, ular Navro‘zning olovga sig‘inuvchi otashparastlar orasida keng tarqalgan yirik bayram bo‘lganini tilga olib: "Kim bir xalqqa o‘xshasa, bas u, ulardan biridir!" degan hadisni keltirmoqdalar. Bundan tashqari, Islom payg‘ambari Muhammad alayhissalomning ummatga yanada yaxshiroq ikki bayram - Ramazon va Qurbon hayiti berilganini aytgani haqidagi hadisni tilga olmoqdalar.

Ammo, bahsning qarshi tarafidagilar, xuddi Musulmonlar idorasi ta’kidlagani kabi, O‘zbekistonda bu bayramni diniy marosim emas, balki bahor fasli boshida dehqonchilikning boshlanishiga bag‘ishlangan an’anaviy-milliy-ijtimoiy bir marosim, deb baholamoqdalar. Ya’ni, Islomda ikki Hayitdan boshqa bayram yo‘q, deguvchilarga qarshi fikr bildiruvchi musulmonlar ham ko‘p bo‘lmoqda.

Biz avvaliga 31 million aholi istiqomat qilayotgan musulmon O‘zbekistonda dindorlarga bosh-qosh bo‘lgan diniy idoradan Navro‘zni nishonlashga oid keltirgan asoslari, dalillarini so‘radik.

A.Mansur: Islomning bag‘rini toraytirmaslik kerak

Ozodlik savollariga javob bergan shayx Abdulaziz Mansurdan ijtimoiy tarmoqlarda Navro‘zni nishonlash mumkin emas, degan ahli ilmlar ilgari surayotgan dalillarga javob berishni ham so‘radik.

U kishi O‘zbekistonda Navro‘z bayramining nishonlanishi va bunda diniy idora ishtirokini yoqladi hamda bunga o‘z dalil-izohlarini keltirdi.

Diniy idora pozitsiyasiga ko‘ra, Navro‘z bayramining dinga aloqasi yo‘q va O‘zbekistonda u bahor faslinining boshlanishi bilan bog‘liq ijtimoiy ahamiyatga ega bir bayramdir.

Bundan tashqari, bu bayram O‘zbekistonda rasman umumxalq bayrami sifatida e’lon qilingan va davlat miqyosida nishonlanadi. Abdulaziz Mansur bunga qiyoslab Mustaqillik bayramini keltirdi.

Quyida u kishi bilan suhbat o‘rin olgan "Islom va musulmonlar" eshittirishini tinglashingiz mumkin:

Ammo, musulmonlarning Navro‘z va umuman, ikki Hayitdan boshqa bayramlarni nishonlash mumkinki yoki yo‘qmi, degan bahs jiddiy bahslardan yana biridir.

Shu bois, kelgusida bu mavzuda tomonlarni suhbatga chorlash niyati bor. Yangiliklar uchun saytimizni kuzatib boring!

Ayni paytda, bu bahsli mavzu xususida sizda biror munosabat bo‘lsa va xususan, Diniy idoradan olingan javobga e’tirozlaringiz bo‘lsa, marhamat, bizga bog‘laning:

WhatsApp + 420 724 971 539, + 420 602 612 713

VIBER + 420 602 612 713

SKYPE ozodskype, ozodlikonline, ozodovoz

XS
SM
MD
LG