Линклар

logo-print

Rossiya Davlat Dumasi O‘zbekistonning 885 million AQSh dollari miqdoridagi qarzidan voz kechish haqidagi kelishuvni ratifikatsiya qildi. Bu hujjat 2014 yilning dekabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga safari chog‘ida imzolangan edi. Moliyachi ekspert Saparboy Jubaev bu bilan Alisher Usmonov kabi puldorlarning O‘zbekistonga sarmoya kiritishidagi to‘siqlardan biri olindi, deb baholamoqda.

Rossiya Davlat Dumasi O‘zbekiston hukumati bilan o‘zaro moliyaviy talablar va majburiyatlarni muvofiqlashtirishga oid kelishuvni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini 25 mart kuni qabul qildi.

Shu vaqtgacha Kreml O‘zbekiston Rossiyadan jami 889 million 300 ming dollar miqdorida qarzdor ekanini aytib kelardi. Biroq, O‘zbekiston bu qarzning faqat 43 million 100 ming dollarini tan olgan va Moskva sobiq SSSR Olmos fondi orqali O‘zbekistondan kamida 1 milliard dollar qarz bo‘lib qolgan, deb da’vo qilardi.

2014 yilda dekabrda Putinning Toshkentga tashrifi davomida o‘tkazilgan muzokaralarda tomonlar o‘z iddaolaridan voz kechishga kelishib olgan. Kelishuv shartlariga ko‘ra, O‘zbekiston Moskvaga bo‘lgan 25 million dollar qarzini Duma O‘zbekiston qarzlaridan voz kechish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilganidan so‘ng 30 kun ichida to‘lashi shart.

Rossiya Davlat Dumasining MDH davlatlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Leonid Slutskiyga ko‘ra, 2014 yilda erishilgan kelishuv kuchga kirishi bilan "Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarni taranglashtirib turgan ko‘plab muammolar hal bo‘ladi".

Muqaddam O‘zbekiston moliya tizimlarida ishlagan, hozirda Ostonadagi Yevroosiyo universiteti dotsenti bo‘lgan Saparboy Jubaev ham shu fikrni ta’kidlarkan, bu bilan Rossiyadagi srmoyadorlar, jumladan Alisher Usmonov kabi puldorlar, O‘zbekistonda ishlab chiqarish sohasiga sarmoya yotqizishida mavjud to‘siqlardan biri olib tashlandi, deb hisoblamoqda.

Quyida u kishi bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG