Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:22

Assad Palmiraning jangarilardan ozod qilinishini olqishladi


Suriya hukumati kuchlari Rossiya havo hujumlari yordami bilan Palmira tarixiy shahrini “Islomiy davlat” jangarilardan ozod qildi. Suriya prezidenti Bashar al-Assad bu g‘alabani o‘z armiyasining terrorizmga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatini ko‘rsatuvchi “muhim yutuq” o‘laroq olqishladi.

Palmiraning ozod qilinishi Suriya va Iroqning yirik hududlarini egallab olib, 2014 yil xalifalik e’lon qilgan “Islomiy davlat” guruhi uchun katta muvaffaqiyatsizlikdir.

Palmirani jangarilar 2015 yil bosib olgan edi. Assad kuchlari uch hafta davom etgan janglardan keyin shaharni ulardan tortib oldi.

Damashq shahrida Frantsiya parlamenti a’zolari bilan uchrashgan Assad “Palmira tarixiy shahrining bugun ozod qilingani muhim yutuq bo‘lib, Suriya armiyasi va uning hamkorlari terrorizmga qarshi olib borayotgan strategiyaning muvaffaqiyatini ko‘rsatadi”, dedi.

Assad yana Suriya va Iroqda Islomiy davlatga qarshi kurashayotgan global koalitsiyani tanqid qildi. Suriya armiyasining g‘alabasi “AQSh yetakchiligidagi 60dan ziyod mamlakat birlashgan koalitsiya terrorizmga qarshi kurashga jiddiy yondashmayotganini ko‘rsatadi”, dedi prezident Assad.

Suriya televideniesi armiya va u bilan birga kurashayotgan jangchilar Palmirani butunlay qo‘lga olganini va shaharni jangarilar o‘rnatgan bombalardan tozalayotganini bildirdi.

Londondagi Suriya inson huquqlari observatoriyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, yakshanba kuni ertalab shaharning sharqiy qismida otishma ovozlari eshitilgan, ammo “Islomiy davlat” jangarilarining chekinayotgani kuzatilgan.

Shaharning qaytib olinishi Assad hukumati uchun muhim ramziy hamda strategik g‘alabadir. Keyingi oylarda hukumat kuchlari Islomiy davlat jangarilariga hamda muxolifatchi guruhlar ustidan muntazam ravishda g‘alaba qozonib kelmoqda.

“Islomiy davlat” boshqaruvidagi Raqqa shahrini Palmira bilan bog‘lab turuvchi yo‘l endilikda armiya nazoratiga o‘tdi. Bu esa jangarilar faqat shimolga, Iroq chegarasi tomon chekina oladi, degani.

Suriya armiyasining Bosh qo‘mondonligi Palmira shahri Raqqa hamda Dayr uz-Zur shaharlaridagi “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlarni kengaytirish nuqtasiga aylanishini bildirdi.

Qo‘mondonlik terror guruhini butunlay yengishdan avval unga qarshi kurashni kuchaytirishga hamda uning ta’minot yo‘llarini yopishga va’da berdi.

Rossiya ikki hafta avval Suriyadan harbiy kuchlarining aksar qismini olib chiqib ketayoganini bildirgan bo‘lsa ham, Palmira uchun bo‘lib o‘tgan jang davomida Rossiya uchoqlari hamda vertolyotlari o‘nlab hujumni amalga oshirdi.

Rossiya xabar agentliklariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi 27 mart kuni o‘z kuchlari oxirgi 24 soat ichida Palmira ustida 40 marta uchgani, 117 mo‘ljalga hujum qilgani hamda 80 dan oshiq jangarini o‘ldirganini bildirgan.

Vazirlik oxirgi 24 soat ichida otashkesim 10 marta buzilganini, shunday bo‘lsada, umuman olganda unga amal qilinganini bildirgan.

Kreml esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriya prezidenti Bashar al-Assadni Palmira shahrining ozod qilinishi bilan tabriklaganini e’lon qildi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Damashq jangarilar Palmiradan siqib chiqarilgani haqida xabar berganidan keyin Putin Assad bilan telefon orqali suhbatlashganini bildirdi.

“RIA Novosti” tarqatgan xabarda aytilishicha, Peskov “Vladimir Putin Suriya prezidenti bilan suhbatlashib, hamkasbini Suriya kuchlari tomonidan Palmira shahrining terroristlardan ozod qilinishi bilan tabriklagan va mazkur noyob tarixiy shaharni dunyo madaniyati uchun saqlash muhim ekanligini aytdi”, degan.

Britaniyadagi inson huquqlari himoyachilari observatoriyasi direktori Rami Abdulrahmon Palmira jangida 400 nafar Islomiy davlat jangarisi hamda 180 nafar hukumat askarlari hamda ular bilan birga kurashgan jangchilar halok bo‘lganini bildirdi.

Abdulrahmon bu jangni “Islomiy davlat” guruhi 2014 yilda xalifalik e’lon qilganidan beri boshdan kechirgan eng katta mag‘lubiyat o‘laroq ta’rifladi.

Suriya hamda Iroq habiy kuchlari “Islomiy davlat”ning muhim harbiy istehkomlarini tortib olish uchun harbiy amaliyotlarni boshlaganidan beri jangarilar bosim ostida qolmoqda.

Uch oy avval jangarilar Ramadi shahridan siqib chiqarilgan edi. Bu esa Iroq uchun katta g‘alaba bo‘ldi. Jangarilar o‘tgan yili Iroqning Tikrit shahrini, fevralda esa Suriyaning Al-Shaddoda shahrini qo‘ldan boy berishdi.

24 mart kuni Iroq armiyasi mamlakatning ikkinchi eng yirik shahri bo‘lmish Mosul shahrini ozod qilish uchun harbiy amaliyot boshlashini bildirdi. Mosul 2014 yilning iyunida jangarilar nazoratiga o‘tgan.

Palmiraning juda ko‘p qadimiy obidalari, jumladan, 2000 yillik tarixga ega Bel ibodatxonasi hamda Zafar arkasi jangarilar tomonidan portlatib yuborildi. “Islomiy davlat” bunday obidalar “butparastlik”ni targ‘ib qilishini iddao qilib keladi.

YuNESKO bu obidalarning vayron qilinishini Xalqaro jinoiy sudda ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan urush jinoyati o‘laroq baholab keladi.

XS
SM
MD
LG