Линклар

logo-print

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilgan, hozirda Rossiya fuqarosi bo‘lgan Baxtiyor Xudoyberdiev qariyb uch oydan buyon ekstremizmga aloqador moddalar bo‘yicha gumonlanib, Toshkentdagi MXX tergov izolyatorida saqlanmoqda. Baxtiyorning ota-onasi uning ekstremistik g‘oyalarga oshnolik u yoqda tursin, besh mahal namoz ham o‘qimaganini aytmoqda.

2009 yili Rossiya fuqaroligini olgan 34 yoshli Baxtiyor Xudoyberdiev O‘shda yashaydigan onasini ko‘rib ketish uchun shu yil 8 yanvarida Janubiy Koreyaning Seul shahridan Toshkentga uchgan, keyin taksida tug‘ilgan yurtiga ketmoqchi bo‘lgan. 9 yanvar kuni Toshkent aeroportidagi tekshiruvdan so‘ng uni xavfsizlik xizmati xodimlari noma’lum yoqqa olib ketganlar.

O‘shda o‘g‘lini kutayotgan Rahima opa farzandidan darak bo‘lavermagach, xavotir ola boshlagan. Toshkentdagi qarindoshlar barcha kasalxona, hatto morglardan Baxtiyorning daragini topolmagan. Yanvar oyini ming bir xavotir va gumonlar bilan o‘tkazgan ona fevral boshida Toshkentga yo‘l olgan.

- Bolamni olib kirib ketgani xayolimda ham yo‘q edi. “Birov o‘ldirib ketdi”, deb qo‘rqdim. Onaman-ku, xayolimga har o‘y keldi. 1 fevral kuni Toshkentga bordim. 2 fevral kuni sahar GUIN (Jazoni o‘tash bosh boshqarmasini nazarda tutmoqda, – tahr.) degan yeriga bordik, u нerdan daragi chiqmadi. Keyin aeroportga bordik. Aeroportda menga: “Xudoyberdiev Baxtiyor Yunusobodda”, deb xabar berishdi. Keyin o‘sha yerga (ya’ni MXXning Yunusoboddagi tergov izolyatoriga) bordik. Mansur degan tergovchi bola chiqib kelayotgan ekan, unga yig‘lab: “Mening bolam 25 kun bo‘layapti - yo‘q” desam, “Soat 3 da keling”, dedi. Keyin meni bolamning oldiga olib kirdi. Eshikni ochuvdi, o‘g‘lim o‘tiribdi. Ko‘rishdim, yig‘ladim. “Nima bo‘lsa ham tirik ekan” deb, ko‘nglim sal tinchidi. “Nima masalada bolamni qamadinglar” ham deyolmabman – bolamni ko‘rib shu darajada suyunib ketibman. Yonida 1,5 soatcha o‘tirib, chiqib kelaverdim, - deydi Rahima opa.

Ma’lum bo‘lishicha, Baxtiyor Xudoyberdiev qo‘l telefonidan Internetdan yuklangan oyat va suralar hamda 2010 yildagi O‘sh voqealariga aloqador materiallar chiqqanidan so‘ng ekstremistik faoliyatda gumonlanib qo‘lga olingan.

Migratsion cheklov tufayli O‘zbekistonni uch kun ichida tark etishga majbur bo‘lgan Rahima opa “diniy ekstremizm”da gumonlanayotgan o‘g‘lining hatto besh mahal namoz ham o‘qimasligini, Hayit namozlariga va ba’zan Jum’a namozlariga borib turganini aytadi.

Farzandining o‘ta dindor bo‘lmaganini Baxtiyorning otasi Tohirjon aka ham tasdiqlaydi. Hozir Vladivostokda ishlab yurgan Tohirjon akaning aytishicha, 17 mart kuni uning uyiga Rossiya Interpolidan xodimlar qidirib kelgan va o‘g‘lini so‘ragan.

- Obedga yaqin eshik taqillagandi, eshikni ochsam, ikki kishi guvohnomasini ko‘rsatib kirdi. “Baxtiyor sening o‘g‘lingmi?” degandi, “Ha” dedim. Ichkariga kirib, o‘tirib, u yoq – bu yoqdan so‘radi. “O‘g‘ling bu erda soqollilar bilan uchrashgan emasmi?” degandi, men: “Masjidga ham borgan emas”, dedim. “Yana surishtiramiz, agar yangilik bo‘lsa, senga qo‘ng‘iroq qilamiz” deb, telefon nomerimni olib ketdi. Ular: “Prosto, telefonining ichidan bir narsa chiqibdi”, deyishdi, - deydi Baxtiyor Xudoyberdievning otasi Tohirjon aka.

Tohirjon aka endilikda Rossiya fuqarosi bo‘lgan o‘g‘lining O‘zbekistonda hibsga olinishi yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga xat yozmoqchi.

Mazkur voqeadan xabar topgan ikki xalqaro tashkilot – “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” assotsiatsiyasi va Xalqaro Inson huquqlari uchun hamkorlik tashkilotlari o‘zbek rasmiylarini Baxtiyor Xudoyberdievning haq-huquqlarini toptamaslikka, uning bu mamlakatda keng tarqalgan qiynoq va g‘ayriinsoniy munosabatdan holi tutilishini ta’minlashga chaqirgan.

Har ikkala tashkilot Baxtiyor Xudoyberdiev ishi bo‘yicha ma’lumotlarni Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ham yo‘llagan.

O‘zbekiston aeroportlarida xavfsizlik xodimlari tomonidan terror tahdidi bahonasida yo‘lovchilarning telefon, kompyuter va boshqa shaxsiy ashyolarini ko‘zdan kechirish odat tusiga kirgan. Bunday tekshiruvlar paytida Internet yoki boshqa bir manbadan ko‘chirilgan diniy mazmunga ega kichik bir material ham yo‘lovchining jinoiy jihatdan ta’qib qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG