Линклар

Naqd pul taqchilligi O‘zbekiston iqtisodining jiddiy kasalligini ko‘rsatuvchi birlamchi simptomga aylandi. Naqd pul yo‘qligi oqibatida maosh, pensiya va nafaqalarni ommaviy tarzda majburan plastikka o‘tkazish absurd darajaga etmoqda; terminal siyrak¸ bankomat esa¸ mutlaq yo‘q mamlakatda odamlar qo‘liga naqd pul olish uchun kunlab navbat kutmoqda. O‘zbekning qadri kun sayin yo‘qolib borayotgan so‘mi qaerga g‘oyib bo‘lmoqda? Jonli suhbatda shu haqda gaplashamiz.

Ozodlikka oddiy o‘zbekistonliklardan kelayotgan xabarlardan¸ xalq boshdan kechirayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarni yanada og‘irlashtirgan naqd pul taqchilligi muammosi bilan bog‘liq vaziyat kun sayin keskinlashayotgani kuzatiladi.

Xususan¸ pensiyasining 40-50 foizini hozircha naqd pulda olishi kerak bo‘lgan o‘zbekistonlik pensionerlar¸ sahardan oqshomga qadar kunini pochta bo‘limlari yoki bank eshigida o‘tkazmoqda. Bank va pochta rasmiylari Ozodlik bilan suhbatda¸ naqd pul taqchilligi borgan sayin kuchayib¸ pensionerlarga tarqatiladigan oylik naqd pulning bor-yo‘q 5-6 foizigina berilayotganini e’tirof etdilar.

Ayni paytda¸ naqd pul taqchilligi bois tijorat banklari fuqarolar qo‘ygan omonatlarni naqdda berolmasligini aytmoqda. Bu esa¸ qonunchilik tomonidan banklar zimmasiga yuklanadigan birlamchi mas’uliyat – omonatga xiyonat qilmasdan uni egasiga vaqtida qaytarish mas’uliyatini qo‘pol buzuvchi g‘ayriqonuniy harakatdir.

Naqd pul taqchilligi vaziyati kun sayin og‘irlashayotganiga qaramasdan, hukumat tarafidan muammoni hal etish borasida jiddiy choralar ko‘rilmayotgani mutaxassislarni hayratga solmoqda.

Sizningcha¸ O‘zbekistonda o‘nlab trillion so‘m muomalaga chiqarilganiga qaramay¸ nega naqd pul taqchilligi yuzaga keldi?

Bu taqchillikni kuchaytirayotgan omillar nima?

Trillonlagan so‘m qaerda turib qolmoqda va nima uchun turib qolmoqda?

Naqd pulni muomalaga qaytarish uchun O‘zbekiston hukumati qo‘llayotgan choralar nega natija bermayotir?

Joriy hukumat bu taqchillikka barham berishga qodirmi?

29 mart¸ seshanba kuni Toshkent vaqti bilan oqshomgi soat 7 dan 8 ga qadar bo‘ladigan jonli suhbatda shu haqda gaplashamiz.

O‘zbekiston tashqarisidagilar bu suhbatga OzodSkype, OzodlikOnline va OzodOvoz Skype manzillari orqali¸ O‘zbekiston ichkarisidagilar esa efir paytida WhatsApp, Telegram, Viber, IMOdan +420 724 971 539 raqamiga telefon qilish orqali bevosita qo‘shilishlari mumkin.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG