Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:31

Dramaturglarning Gulnora Karimova jinoyat ishi doirasida muzlatilgan puli qaytarilmoqda


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi talabi bilan Gulnora Karimova jinoyat ishi doirasida o‘nlab dramaturglarning "Mualliflar va ijrochilar gildiyasi"da muzlatib qo‘yilgan gonorar pullari egalariga to‘lanadigan bo‘ldi. O‘tgan hafta o‘zbek dramaturglari 100 million so‘mlik gonorarlari berilmayotganidan hukumat rasmiylariga shikoyat qilishgan edi.

Gonorar bo‘yicha qarzlar uzilayapti

Ozodlikning O‘zbekiston Madaniyat va Sport vazirligidagi manbasiga ko‘ra¸ “O‘zbekiston Milliy teatri mualliflarga qarzini to‘lab bo‘lgan¸ Muqimiy teatri esa yanagi oy to‘lashni boshlaydi”.

O‘zbekistonlik 70 yashar dramaturg Isfandiyor (Iskandar Kimsanovich Matkarimov) o‘tgan hafta O‘zbekiston rahbariyatiga ochiq xat bilan chiqib mamlakat teatrlarida sahnalashtirilgan spektakllari uchun qalam haqi ololmayotganidan shikoyat qilgan edi.

O‘tgan yilining sentyabrida ham dramaturg Isfandiyor “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi rahbari bilan uchrashuv paytida dramaturglarning qalam haqi muzlatilgani masalasini ko‘tarib chiqqan edi.

Dramaturg iddaosiga ko‘ra¸ uch yildan beri qalam haqi ololmagan.

Ozodlikning O‘zbekiston Madaniyat va Sport vazirligidagi manbasiga ko‘ra¸ Iskandar Kimsanovich Matkarimovning qalam haqi Bosh prokuratura ko‘rsatmasi bilan muzlatib qo‘yilgan:

“Mualliflar va ijrochilar gildiyasi"dagi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan mulozimlar ustidan ochilgan ish doirasida O‘zbekiston Adliya vazirligi va Respublika Bosh prokuraturasi gil’diya hisob raqamini muzlatib qo‘ydi. Bu hisob raqamida o‘zbekistonlik dramaturglar uchun o‘tkazilgan¸ xususan Iskandar Kimsanovich Matkarimovning pullari bor edi. Bundan ikki yil oldin gildiya tugatildi. Jinoyat ishi yakunlanib, gildiya hisobidagi qoldiq pullar moliya vazirligi ixtiyoriga o‘tdi. Ayni paytda bu pullar “O‘zbekteatr”ga qaytarilib, mualliflarga gonorar to‘lash boshlandi"¸ dedi manba.

O‘zbekistonlik dramaturg Jo‘rabek Ro‘zmetov Ozodlik bilan suhbatda gonorar muammosi hal bo‘lganini aytadi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Respublikadagi 37 ta teatrda 2014 yili sahnalashtirilgan spektakllar uchun gonorar va foiz chegirmalari to‘lab bo‘lingan.

O‘zbekiston mualliflar va ijrochilar gildiyasi 2006 yilda Gulnora Karimova tashabbusi va moliyaviy ko‘magi bilan tashkil topgani aytiladi.

2013 yilda Gulnora Karimova siyosiy sahnadan chetlashtirilganidan keyin gildiya ham muammoga duch keldi. Dastlab gildiya joylashgan binosidan haydaldi, keyinchalik tashkilot yopib qo‘yildi.

O‘zbek sahnalarida komediyalar soni kamaygan

Jo‘rabek Ro‘zmetovning aytishicha¸ shu kunlarda O‘zbekiston sahnalarida komediya o‘rniga jiddiy asarlar qo‘yilayotgani bois kassa tushumlari kamayib va bu o‘z navbatida dramaturglar uchun ajratiladigan foiz chegirmalari ozayishiga sabab bo‘lgan:

- Alisher Navoiy va Layli-Majnun kabi jiddiy asarlar qo‘yilyapti. Qarshi teatrida Shekspirning “Otello” asari qo‘yildi. Urganch teatrida Sofoklning antik davrga oid “Antigona” asari qo‘yildi. Bu asarlarga jiddiy tomoshabinlar keladi. Zal to‘liq bo‘lmasa ham odamlar estetik zavq olib chiqadi. Komediya asarlarida zal to‘ladi¸ ammo shu kunlarda ko‘proq jiddiy asarlarga e’tibor kuchaygan,- deydi dramaturg Jo‘rabek Ro‘zmetov.

Suhbatdoshga ko‘ra O‘zbekiston teatrlarining faqat chipta puliga kuni qolmasdan davlat byudjetidan ta’minlanaëtgani ijobiy omildir:

- Faqat kassaga qarab¸ odamlarga ëqadigan komediya qo‘yish yoki bir taraflama targ‘ibot maskani bo‘lish to‘g‘ri emas. Teatr bu san’atdir¸ san’at esa davlat misolidagi ulkan homiyga doimo muhtoj. 1998 yil 26 mart kuni qabul qilingan “O‘zbekiston teatr san’atini rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra teatrlar davlat byudjetidan ta’minlanadi. Shu bois “Padarkush”¸ “Alisher Navoiy”¸ Layli-Majnun” kabi spektakllar sahna yuzini ko‘rdi- deydi Xalqaro teatr kunida Ozodlik bilan suhbatlashgan dramaturg Jo‘rabek Ro‘zmetov.

Suhbatdoshga ko‘ra 102 yoshga kirgan o‘zbek teatri avlodlar almashib navqironlik kasb qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda milliy teatr 1914 yili – Abdulla Avloniy “Turon” nomi ostida teatr truppasini tashkil etganidan boshlagan edi.

XS
SM
MD
LG