Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:36

Toshkent shahar hokimi tramvaylardan voz kechilishni ma’lum qildi


Chexiyaning “Pragoimex a.s.” shirkati ishlab chiqargan "Vario LF-2" tramvayi Toshkentda
Chexiyaning “Pragoimex a.s.” shirkati ishlab chiqargan "Vario LF-2" tramvayi Toshkentda

O‘zbekistondagi Internet nashrlari 28 mart kuni Toshkent shahar hokimi poytaxt tez orada tarmvaylardan butunlay voz kechishini bildirganini xabar qilmoqda. Dushanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida hokim Rahmonbek Usmonov bosqichma-bosqich tramvay yo‘llari olinib, o‘rniga avtobus qatnashini aytgan. Hokim bergan ma’lumotga ko‘ra, hozir mavjud jami 805 tramvay qatnovidan daromadi ozligi uchun voz kechilmoqda.

Dushanba kuni Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov qatnashgan matbuot anjumanida poytaxtda yaqin yillarda transport qatnoviga oid o‘zgarishlar haqida ma’lumot berilgan.

Jumladan, Gazeta.uz saytining xabar qilishicha, shahar hokimi tramvaylardan voz kechish qaroriga shaharda avtomobil transporti soni ortgani va tramvaylarning samarasiz qatnovi sabab bo‘lganini aytib o‘tgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, poytaxtdagi tramvay liniyalarini ko‘chirish ishlari davom etadi va jami 87 kilometrlik temir yo‘l olib tashlanadi. Hozirda tramvay liniyasi poytaxtning Muqimiy, Samarqand darvoza, Mehrjon-Sayxun, Alieva, Temiryo‘lchilar, MKAD, Beltepa‚ Shifokorlar, TKAD, Farhod-To‘qimachi, Mannon Uygur-Beshqayrag‘och, Lutfiy, Katta Xirmontepa‚ Qamarniso, Farobiy, Ohangaron shossesi, Qorasuv, Farg‘ona yo‘li‚ Yangi Qo‘ylik, Qushbegi va Bunyodkor ko‘chalariga yotqizilgan tramvay yo‘llaridir.

Hozir shaharda qatnab turgan 6 yo‘nalishdagi tramvaylar o‘rniga esa avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi aytildi. Hokim bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur yo‘nalishlar nomi o‘zgarmaydi. Ya’ni, 13-travmay o‘rniga "T13" deb raqamlangan avtobus qatnaydi. Aynan shu 13-tramvay yo‘nalishidagi avtobus 5 apreldan sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilishi aytildi.

Kun.uz saytining yozishicha, shahar hokimi poytaxt transport qatnovidagi bunday o‘zgarishlar 2030 yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kutilgan maxsus kontseptsiya asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu kontseptsiyadan bosh maqsad Toshkent yo‘llarini Yevropa standartlariga tenglashtirishdir.

Ayni sayt shahar hokimining hozir poytaxtda 805ta tramvay borligi va bularning 50 tasi talabga javob bermasligini bildirganini ham xabar qildi.

28 mart kungi bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda bahslarni boshlab berdi. Xususan, ekologik jihatdan bezarar bo‘lgan tramvaylardan voz kechilayotgani tanqid qilinmoqda va muhimi, mavjud 805ta tramvayning taqdiri faol foydalanuvchilarni qiziqtirmoqda.

Muhimi, 2030 yilga qaratilgan maxsus dastur mavjud ekan, Chexiyadan yangi tramvaylar qaysi mantiq asosida sotib olinganiga oid savol tarmoqlarda o‘rtaga tashlandi.

2011 yilda O‘zbekiston Chexiyaning Pragoimex shirkati bilan 20 ta past pollik VarioLF rusumidagi tramvay sotib olish haqidagi kelishuvni imzolagan edi. 2011 yilda bulardan ikkitasi Toshkentga etkazilgan, qolgani esa 2012 yil davomida sotib olinishi aytilgandi. Bu kelishuvning umumiy qiymati 19 million 800 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan.

Endilikda shahar hokimi tramvaylar xorijga sotilishi, xaridorlar orasida Rossiya ham borligini bildirgan.

Toshkent tramvayining tarixi esa 1901 yillarga borib taqaladi. Tarixiy hujjatlarda eski Toshkent markazida birinchi bo‘lib otlar tortib yuradigan vagonlar temir yo‘llar ustida qatnagani aytiladi. 1912 yilga kelib esa Toshkentda elektr bilan yuradigan tramvaylar paydo bo‘lgan.

Oldtashkent.ru sayti bu sohada Toshkent o‘sha vaqtdagi Rossiya imperiyasi tarkibida zamonaviy transport vositasi qatnay boshlagan 35 shahardan biri bo‘lganini xotirlaydi.

XS
SM
MD
LG