Линклар

Pokiston hukumati: Terror hujumini uyushtirganlar albatta qo‘lga olinadi


Pokiston rasmiylari yakshanba kuni Lahor shahrida 70 dan ziyod odam umriga zomin bo‘lib, 300 ga yaqin odamni yaralagan xudkush hujumni amalga oshirganlarni topishga va’da qildi. Portlash nasroniylar Pasxa bayramini nishonlayotgan istirohat bog‘ida sodir etilgan.

Armiya yetakchisi Rahil Sharifga ko‘ra, mamlakat qurolli kuchlari hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan terror guruhini qo‘lga olishga tayyordir.

Shuningdek, harbiylar 28 mart kuni Lahor shahrining bir necha ko‘chasida reydlar o‘tkazilgani va bir necha gumonlanuvchi qo‘lga olgani haqida xabar qildi.

Pokiston Mudofaa vazirligi rasmiysi Asim Bajva Twitterda “Bir necha uyushtiruvchi va terrorchi qo‘lga olindi, ko‘pgina qurol-aslaha yashirilgan joy ham topildi”, deb yozdi. Uning aytishicha, terrorchilarni qo‘lga olish jarayoni davom etmoqda.

27 mart kuni Lahordagi Gulshani Iqbol istirohat bog‘ining bolalar maydonchasi yaqinida yuz bergan portlash uchun mas’uliyatni Tolibonning Pokistondagi “Jamoatul-Ahror” guruhi o‘z zimmasiga oldi.

“Jamoatul-Ahror” terror hujumi nasroniylarga qarshi qaratilganini va yana bunday hujumlar maktab, kollej, davlat va harbiy muassasalarda uyushtirilishini aytib, tahdid qildi.

Guruhga ko‘ra, portlash Panjob viloyati va uning poytaxti Lahorni o‘zining siyosiy tayanchi deb bilgan Pokiston bosh vaziri Navoz Sharifga berilgan ogohlantirishdir.

28 mart kuni politsiyahalok bo‘lganlar soni 72 ga etganini, ularning orasida 29 yosh bola borligini bildirdi. Og‘ir yaralanganlar soni ko‘p bo‘lgani uchun keyingi kunlarda o‘lganlar soni yanada ortishini kutish mumkin.

Lahor politsiyasi rasmiysi Haydar Ashraf odam gavjum bo‘lgan bog‘da halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi musulmon bo‘lganini aytdi.

Mahalliy hukumat uch kunlik motam e’lon qildi, mamlakat bo‘ylab davlat bayroqlari yarim tushirildi.

28 mart kuni maktablar va bozorlar yopilib, ko‘cha harakati siyraklashib qoldi.

Bosh vazir ofisidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Sharif kasalxonaga tashrif buyurib, yaralanganlarning holidan xabar oldi.

Oldinroq Sharif terror hujumini qoralab, halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta’ziya bildirgan edi.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Sharif bilan telefon orqali suhbatlashib, “Hindiston xalqi ushbu og‘ir damda pokistonlik birodarlari bilan birga turadilar”, dedi.

BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun portlashni qoralab, uni “vahshiy” terror hujumi, deya ta’rifladi.

Rim papasi va boshqa davlat rahbarlari ham terror harakatini qoralab chiqdilar.

Vashington esa Lahordagi hujumni qoralar ekan, terrorchilikka qarshi kurashda Pokiston bilan hamkorlik qilishini bildirdi.

28 mart kuni jangarilarning tarafdorlari g‘alayon ko‘tarmasliklari uchun poytaxt Islomobodda hukumat kuchlari parlament va boshqa strategik joylarni qo‘riqladi.

“Jamoatul-Ahror” ochiqchasiga “Islomiy davlat” jangari guruhini qo‘llaydi. “Jamoatul-Ahror” bir yil avval Lahordagi cherkovda sodir bo‘lgan ikki portlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. O‘shanda kamida 14 odam halok bo‘lgan edi.

Pokiston hukumati kuchlari 2014 yilda shimoli-g‘arbiy viloyatlarda “Al-Qoida” kabi terror tashkilotlariga qarshi keng qamrovli amaliyotlarni boshlaganidan keyin mamlakatda zo‘ravonlik darajasi 2014 yilga nisbatan ancha pasaygani kuzatiladi. Biroq janggarilar vaqti-vaqti bilan Pokiston shaharlarida yirik terror hujumlarini amalga oshirishga muvaffaq bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG