Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:33

AQSh Kongressi binosida to‘pponchasini chiqargan shaxs qo‘lga olindi


AQSh Kongressi binosi bo‘lmish Kapitoliyning sayyohlar uchun ochiq qismida bir kishi cho‘ntagidan to‘pponcha chiqargani uchun politsiya uni o‘qqa tutdi. Buning ortidan Oq uy kompleksi vaqtincha yopildi.

28 mart kuni kunduzi bo‘lib o‘tgan bu voqea o‘tgan hafta Bryusselda yuz bergan portlashdan keyin tahlikada yashayotgan katta shaharlardan biri Vashington aholisi ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib qo‘ydi.

AQSh Kongressi politsiyasining yetakchisi Metyu Verderossa bu hodisani terrorist hujumi emas, balki jinoyat o‘laroq ta’rifladi.

Kongressning ikkala palatasi joylashgan binoga kirishni istovchi har bir shaxs tekshiruvdan o‘tadi. Ayblanuvchi shaxs tekshiruv davomida to‘pponchasini chiqargan.

Natijada politsiya o‘qqa tutgan shaxs keyinroq kasalxonaga yetkazilgan. Verderossaning ma’lum qilishicha, uning ahvoli hozir qanday ekanligi noma’lum.

Voqea davomida politsiya xodimlaridan hech kim jarohatlanmagan. Faqat hodisa joyida bo‘lgan bir ayol yengil jarohat olgan.

“Dastlabki qidiruv natijasiga ko‘ra, ayblanuvchi avval ham Kongress binosiga tashrif buyurgan va bu voqea terror hujumi emas, balki oddiy jinoyatdir”, dedi Verderosa.

Keyinroq Kapitoliyni politsiya o‘rab oldi, Kongress o‘z ishini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Otishmalar to‘g‘risidagi ilk yangiliklardan bir soat o‘tgach, Vashington shahri politsiyasi o‘z Twitter sahifasida xavotirga o‘rin yo‘qligi haqida yozdi. 50 daqiqadan keyin esa Kapitoliy va Oq uy qaytadan ochildi.

Kapitoliyda o‘q otilgan paytda Oq uyda minglagan bolalar ota-onalari bilan Pasxa bayramini nishonlayotgan edi. Ular zudlik bilan Oq uyning yerto‘lasiga evakuatsiya qilingan.

Davlat ishchilari va sayyohlar bilan gavjum Vashingtonga mazkur haftada odatdagidan ham ko‘proq mehmon kelgan. Minglab bolalar va ularning ota-onalari gilos gullashini ko‘rish va Pasxa bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun shaharga tashrif buyurishdi.

Bundan tashqari, hafta yakunida shaharda dunyo boshliqlari yadroviy xavfsizlikni muhokama qilish uchun sammitga yig‘ilishadi. Shu sabab shahar va federal hukumat rasmiylari allaqachon ayrim ko‘chalarni yopib, Oq uy atrofidagi tumanlarni kuchaytirilgan tarzda qo‘riqlay boshlagan edilar.

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG