Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:19

O‘zbek-qirg‘iz chegarasi: “O‘gay” kelinlarni aylanma yo‘lga yo‘llamoqdalar


O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi taranglik tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘plab chegara maskanlarining yopilishi qo‘shni mamlakatdan uylangan qirg‘izistonlik va o‘zbekistonliklarni yana mushkul ahvolga solib qo‘ydi. Ota-onasini ko‘rish uchun qo‘shni mamlakatga o‘tgan kelinlarga oilalariga qovushish uchun 500 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tish shart qilib qo‘yilmoqda.

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Novken tumanida joylashgan Qo‘qonlik qishlog‘iga kelin bo‘lib tushgan va ota-onasini ko‘rish uchun tug‘ilgan yurtiga ketgan 15 chog‘li o‘zbekistonlik ayol yarim oydan buyon turmush o‘rtoqlari va farzandlarining yoniga qayta olmayapti. Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan mazkur qishloq turg‘uni Naziraxonga (ismi o‘zgartirilgan – tahr.) ko‘ra, O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan va Qirg‘izistonga kelgan 3 ayol ham hozirda qo‘shni davlatdagi bolalarining oldiga ketolmayapti.

- Mahallamizda 15 ga yaqin kelin O‘zbekistonga ota-onasining uyiga o‘tibketgan. Ikki oylik registratsiya muddati tugaganidan keyin “kirdi-chiqdi” qilish uchun o‘tib ketib, 18 martda chegara yopilganidan beri uylariga qaytib o‘tolmayapti. Bu yoqda turmush o‘rtog‘i, farzandlari qolishgan. Chegaradan o‘tkazmayapti, tamojnyaga kelsa, “yopiq” deb, qaytarib yuborayapti ekan. Avvallari nikoh guvohnomasini ko‘rsatib, o‘tib yurishgan. Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan qizlar ham O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan. Ulardan ham 3 nafar qiz o‘tgan. Ularning ham bolalari, turmush o‘rtog‘i O‘zbekistonda qolgan. Ular ham u yoqqa o‘tolmayapti, ularni ham o‘tkazmayapti, - deydi Qo‘qonlik qishlog‘ida yashaydigan Naziraxon.

Eslatib o‘tamiz, 18 mart kuni O‘zbekiston bahsli bo‘lib turgan Chalasart hududiga harbiy texnika va askar kiritganidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara-o‘tkazish maskanlari yopib qo‘yilgan. Qo‘shni davlatlar rasmiylari muzokaralaridan so‘ng 26 mart kuni o‘zbek chegarachilari Chalasartni tark etganiga qaramay, ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara maskanlarining aksariyati, shu jumladan, novkenliklar o‘tib yurgan “Madaniyat” va “Kengsoy” maskanlari yopiqligicha qolmoqda.

Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot kotibi Gulmira Bo‘rubaeva 2010 yildagi qonli voqealardan keyin O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi 15 ta chegara-o‘tkazish punktidan faqat 8-9 tasi faoliyat ko‘rsatib kelgani, ulardan ham odamlar O‘zbekiston tomonidan bir tomonlama kiritilgan cheklovlar bilan o‘tkazilganini aytadi.

- Hozirgi paytda ishlayotgan o‘tkazish punktlariga kelsak, bular “Qizilqiya-avtodorojniy” va “Qadamjoy-avtodorojniy” maskanlaridir. Bu maskanlar 18 martdagi voqealardan keyin yopilgandi. 26 martdan ularni ochganmiz. Afsuski, hozir fuqarolarning faqat shu o‘tkazish punktlari orqali o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Qirg‘izistonga qaytayotgan bizning fuqarolarimiz yana “Do‘stlik” chegara-o‘tkazish punkti orqali ham qaytishlari mumkin. Chiqishda esa faqat Qizilqiya va Qadamjoy orqali chiqiladi, - deydi Gulmira Bo‘rubaeva.

“Madaniyat” chegara-o‘tkazish punkti haqida gapirarkan, Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi bu maskan O‘zbekiston tomonidan rekonstruktsiya bahonasida bir tomonlama yopib qo‘yilganini aytib, uning ochilishi bo‘yicha o‘zbekistonlik hamkasblariga murojaat qilishimizni tavsiya qildi.

Savolimizga javob izlab Toshkentga – O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasiga qo‘ng‘iroq qildik. Go‘shakni ko‘targan, ammo o‘zini tanishtirmagan qo‘mita xodimining javobi qisqa bo‘ldi.

- Hozircha bu borada hech qanaqa ma’lumot yo‘q. [Chegara] qachon ochilishini aniq aytisholmayapti, balki yaqin orada ochishar. Shunday ekan, hozircha sizga biror narsa deyolmaymiz, - dedi Davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasi xodimi.

Shu tariqa, chegara-o‘tkazish maskanlarini ochish masalasi hal bo‘lguniga qadar O‘zbekistondan Qirg‘izistonga yoki Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan ayollar yaqinlariga qovushish uchun 500 kilometrgacha yo‘l bosib, aylanma yo‘ldan yurishlariga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘l xarajati esa, Qo‘qonlik qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Naziraxonning aytishicha, ko‘pchilikning hamyoniga og‘irlik qilmoqda.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, chegaradan o‘tish va migratsion qayd bilan bog‘liq qiyinchiliklar tufayli chegara yaqinidagi qishloqlarda yashaydigan odamlar keyingi yillarda qo‘shni davlat qishlog‘idan qiz olib, qiz bermaydigan bo‘lgan.

O‘zbekistondan Qirg‘izistonga yoki Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan ayollar muammolari haqida Ozodlikning qirg‘iz xizmati tomonidan tayyorlangan film bilan quyida tanisha olasiz:

“Ўгай” келинлар (1-қисм)
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:18 0:00
Бевосита линк

“Ўгай” келинлар (2-қисм)
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:57 0:00
Бевосита линк

“Ўгай” келинлар (3-қисм)
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:00 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG