Линклар

logo-print

Bu ma’lumotni Ozodlik Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining XChK va FRB dagi (Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi) manbasidan oldi.

Ayni paytda Vazirlar Mahkamasi 2016 yil, 26 fevralda qabul qilgan 54- qarorni ijro etish vazifasi yuklatilgan yana bir struktura - Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlarining poytaxtga vaqtincha ishlash uchun keladiganlar savollariga beradigan javobi yo‘q ekanligi ma’lum bo‘ldi.

XChK va FRBdan olingan ma’lumot

“Vaqtinchalik uchet 1 apreldan boshlanadi. Hozircha faqat Toshkentda doimiy ishi borlar propiskaga qo‘yilayapti. 1 apreldan kelganlar 1 aprelgacha vaqtinchalik uchetsiz yursa bo‘laveradi”, dedi Ozodlikning Toshkent shahar Xorijga chiqish-kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidagi manbasi.

Viloyatlardan kelganlarning poytaxtda va Toshkent viloyatida hisobdan o‘tmay (ya’ni manba aytganiday “uchet”dan o‘tmay) 5 kundan ortiq yashashini va ruxsatnomasiz ishlashini taqiqlovchi hujjat – Vazirlar Mahkamasining 54- qarori 2016 yil, 26 fevralda qabul qilingan edi.

Hukumat o‘z qarori bilan Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlariga viloyatlardan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga ish izlab kelganlarga "Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma" berish vazifasini yuklagan.

O‘tgan haftadagi gap

Hukumat qarori chiqqaniga qariyb bir oy to‘lganida – 24 mart kuni Ozodlik radiosi Toshkentdagi Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari bilan bog‘landi.

Shahar tumanlaridan biridagi Markaz xodimining gaplaridan u hali "Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma" to‘g‘risida eshitmagani ma’lum bo‘ldi. Uning fikricha, Markazning vazifasi viloyatdan kelgan ishsizni qayddan o‘tkazib qo‘yish, xolos va buning uchun pasport bo‘lsa bas.

Mirzo Ulug‘bek tuman Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazi xodimining hukumat qaroridan xabari borligi ma’lum bo‘ldi. "Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma" olish uchun hukumat qarorida belgilab qo‘yilgan barcha hujjatlarni birma-bir sanab o‘tdi. Lekin bu xodim ham “guvohnoma” qachondan berilishini ayta olmadi. “Balki 26 martdan boshlanar...” degan mavhum javobni eshitdik.

Bugungi gap

29 mart kuni Uchtepa tuman Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazi bilan bog‘landik va "Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma"larni berish boshlandimi-yo‘qmi, deb so‘radik.

- Hali boshlamadik. Qachon boshlanishiniyam bilmayman. Balki 10-15 kundan keyin boshlanar, dedi Uchtepa tumanidagi Markaz xodimasi.

Asosiy savol javobini bilmaydigan call centre

Fuqarolarning "Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma" olish bilan bog‘liq savollariga javob berish uchun Mehnat vazirligi maxsus aloqa markazi ochgan. Bu haqda xabar qilgan norma.uz sayti aloqa markazining telefon raqamini (200 06 00) ham e’lon qilgan.

Shunisi qiziqki, asosiy vazifasi "Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma" olish bilan bog‘liq savollarga javob berish bo‘lgan xodima guvohnomalar qachondan boshlab berilishi to‘g‘risidagi savolga javob berolmadi.

- Pozvonite v golovnoe upravlenie, oni vam tochno skajut, deb “futbol” qildi xodima.

Mavzuda kutilmagan burilish

U bilan gaplashar ekanmiz, birdan uning ruscha gaplashayotgani e’tiborimizni o‘ziga tortdi. Axir Mehnat vazirligi maxsus aloqa markaziga ruscha muloqot qila olmaydigan qishloqi yigit telefon qilsa qanday gaplashadi? Qolaversa, O‘zbekistonning Davlat tili to‘g‘risidagi qonuni hozircha bekor qilingani yo‘q.

Shuning uchun xodimadan fuqaro qo‘ng‘irog‘iga rus tilida javob bergani sababini so‘radik va uning o‘zbek ekanini bildik.

- Nima uchun qo‘ng‘iroq qilganimda rus tilida javob berdingiz?

- Chunki bizada reglament bo‘yicha shunaqa.

- O‘rischa javob berish kerakmi birinchi bo‘lib?

- Ha, ruscha privetstvie.

- Shunday deb yozilgan hujjat bormi?

- Hurmatli mijoz, bizani reglament bo‘yicha privetstvie rus tilida.

- O‘zbekcha salom bersa bo‘lmaydimi?

- Bizaga shunaqa reglament berilgan, dedi Mehnat vazirligi "Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma" olish bilan bog‘liq savollarga javob berish uchun ochgan aloqa markazi xodimasi.

Asosiy mavzuga qaytamiz

Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga viloyatlardan ish izlab keladiganlarni 5 kun ichida hisobga olish va ularga "Vaqtinchalik bir martalik ish uchun guvohnoma" berish to‘g‘risidagi hukumat qarori ijrosi boshlangan-boshlanmagani to‘g‘risida Siz tinglovchiga informatsiya topib berishga urindik.

Mahalliy inson huquqlari himoyachilari va qator xalqaro tashkilotlar, xususan Xyuman Rayts Votch tashkiloti Sovet hukumati ixtirosi bo‘lgan propiska tizimi O‘zbekistonda hanuz saqlanib qolganini, Toshkent amalda mamlakatning o‘z fuqarolari uchun deyarli yopiq shaharga aylantirilganini muntazam tanqid qilib keladi.

XS
SM
MD
LG