Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:17

Samarqandda aholi gaz quvurlarining kesilishiga norozilik bildirdi


Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Bulung‘ur ariq mahallasining 150dan ortiq aholisi dushanba kuni gaz quvurlarining kesib ketilishiga qarshi norozilik bildirdi. Mahalla ahli bu gaz quvurlarini o‘z yonlaridan pul to‘plab tortib kelganliklarini, tuman gaz ta’minoti bo‘limining bu quvurlarni kesib olishga haqqi yo‘q ekanligini aytmoqda.

Bulung‘ur tumanidagi Bulung‘ur ariq mahallasining 150 nafardan ortiq aholisi 28 mart kuni gaz quvurlarini kesish uchun kelgan tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlarini oldiga solib haydadi.

Bulung‘ur ariq qishloq fuqarolar yig‘ini binosining oldiga yig‘ilgan aholi o‘zlarining puliga tortib kelgan gaz quvurlarini kesishga yo‘l qo‘ymasligini aytib, rasmiylardan gaz idorasi xodimlari zudlik bilan mahallani tark etishini so‘ragan.

Bulung‘ur ariq qishlog‘i mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, ancha yil oldin mahallaga gaz berish to‘xtatilgan edi:

- Kecha raygazni odamlari ikkita Damasda keldida, “bu quvur raygazni hisobida, hokimni buyrug‘i bilan kesib ketamiz, deb bir parcha qog‘oz ko‘rsatyapti. Keyin 150dan ortiq odam yig‘ildi. Odamlar “bu xalqning mulki, kesmaysan”, dedi. Katta janjal bo‘ldi. Xalq baribir qo‘ymadi. Ular ertaga hokim bilan kelamiz, deb ketishdi, dedi mahalla faoli.

Bulung‘ur ariq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi o‘qituvchilardan biri bu gaz quvurini tortib kelish uchun aholi molini sotib, pul yiqqanini aytadi:

“2002 yilda qishloqning odamlari o‘zlari pul yig‘ib gaz quvurini tortib kelgan edi. O‘shanda qishloqning mo‘ysafidlari bu ishga bosh-qosh bo‘lgan edi. Kimdir molini sotib pul qo‘shdi, kimdir dehqonchiligini sotib. Hokimiyatdan yoki raygazdan bir so‘m ajratilgan joyi yo‘q. Svarshiklarga ham xalqning pulidan berilgan. O‘shandan keyin uch yil gaz keldiyu, shu bilan taqa-taq to‘xtadi. Xalq yaxshi kunlar kelishidan, bu quvurlardan yana gaz oqishidan umidvor hali”, dedi o‘qituvchi.

O‘qituvchining aytishicha, rasmiylar xalqning puliga qurilgan qariyb ikki kilometrlik gaz quvurini sotib, o‘zlashtirib yubormoqchi.

Bulung‘ur tumani gaz ta’minoti idorasi boshlig‘i Tohir Sulaymonov Ozodlik bilan suhbatda Bulung‘ur ariq qishlog‘i aholisi uning xodimlariga quvurlarni kesishga ruxsat bermaganini tasdiqladi:

- Tuman hokimining farmoyishi bor. Gaz bormaydigan hududlardagi trubalarni kesib, gazlashtirilayotgan boshqa hududlarda ishlatish uchun olib kelishimiz kerak edi. Bu trubalar gaz idorasi balansida turibdi. Lekin xalq chiqib, bizni ishlagani qo‘ymadi. Hozircha bu ishni to‘xtatib turibmiz, dedi Tohir Sulaymonov.

O‘zini Bulung‘ur tumani hokimining yordamchisi Otabek deb tanishtirgan mulozim Ozodlik savollarini obdon eshitgach, telefon raqamlarimizni yozib oldi va hokim bilan maslahatlashib, javob berishga va’da qildi.

Biroq kun davomida Otabekdan darak bo‘lmadi.

O‘zbekistonda gaz va elektr taqchilligiga qarshi aholining norozilik chiqishlari keyingi paytda tez-tez kuzatilayapti.

Jumladan, o‘tgan yilning oxirida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahrining yigirma kun davomida gazsiz o‘tirgan aholisi norozilik bildirib, bir hafta davomida deyarli har kuni shahar hokimligi va tuman gaz ta’minoti idorasiga borgan edi.

2015 yilning 22 dekabrida Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri Saxovat mahallasi aholisi tabiiy gaz va elektr yo‘qligidan norozi bo‘lib, to‘rt kun ko‘chaga chiqib, gaz bosimi nisbatan ko‘tarilishiga erishdi.

Marg‘ilonliklarning noroziligidan avval - 18 dekabr oqshomida esa Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida ko‘p qavatli uylarda yashovchi ikki yuzga yaqin odam gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, ko‘chaga chiqib, Marg‘ilon avtomobil yo‘lini bir soat davomida to‘sib turishdi. Militsiya va hokimiyat rasmiylari norozilar yoniga kelib, gaz ballonlari berilishini va’da qilganidan so‘ng olomon uylariga qaytgan edi.

XS
SM
MD
LG