Линклар

O‘zbekiston-Bahrayn o‘yiniga chiptalar 10 barobar qimmat sotildi


"Bunyodkor" stadioni oldida chipta kutayotgan futbol ishqibozlari

"Bunyodkor" stadioni oldida chipta kutayotgan futbol ishqibozlari

O‘zbekiston-Bahrayn o‘yini uchun Toshkent chiptaxonalaridan topilmayotgan, ammo "qo‘l"ga o‘tib ketgan 15 ming so‘mlik bir dona chipta narxi 150 minggacha ko‘tarildi. Chiptalar muammolaridan charchagan futbol ishqibozlari ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini boykot qilishga chaqirishdi.

Chiptaxona oldida sarg‘aygan muxlislar

O‘zbekiston-Bahrayn o‘yiniga chiptalar 26 mart kuni soat 10dan boshlab sotuvga chiqarilishi aytildi. O‘sha kuni Ozodlikning mobil muxbiri ertalabki soat sakkizdan “Bunyodkor” stadioni chiptaxonasi oldida navbatga turdi. Muxbir chiptaxona ochilishini 2 soat emas, balki 4 soat kutishiga to‘g‘ri kelganini aytadi:

“Chiptaxona soat 12larda ochildi. Faqat beshta kassadan bittasigina ochildi. Navbatda turganlar juda ko‘p edi. Nimagadir bitta kassa ishladi”, deydi navbati kelishini kutib charchagan mobil muxbir.

Chiptaxonalar oldidagi turnaqator navbatlarni mahalliy saytlar ham keng yoritdi.

Markaziy sektorlarga chipta sotilmadi

Futbol ishqibozi bo‘lgan mobil muxbir o‘yinni ko‘rish qulay bo‘lgan markaziy sektordan joy olish ilinjida bo‘lgani, biroq bu niyati amalga oshmaganini aytadi:

“Kassir markaziy sektorga chipta yo‘qligini aytdi. Faqat ko‘rish noqulay bo‘lgan joy ya’ni darvozaning orqasidangina joy borligini aytishdi. Bitta chipta 15 ming so‘m ekan. Umuman chiptasiz qolishdan qo‘rqib, darvozaning orqasiga bo‘lsa, ham chiptani oldim”, deydi futbol ishqibozi.

Kimgadir faqat 3ta, boshqa birovga 100ta chipta sotildi

Mobil muxbirning aytishicha, futbol o‘yinini tomosha qilish istagida bo‘lgan do‘stlariga ham chipta olmoqchi bo‘lgan, biroq kassir bir kishiga uchtadan ortiq chipta sotilmasligini bildirgan:

“O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim: kimdir 50ta, kimdir 100ta chipta oldi. Bular 2-3ta odam edi. Boshqalarga 3tadan ko‘p chipta sotilmadi”, deydi chiptaxonadagi vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan mobil muxbir.

Chiptalar bir necha soatda “tugadi”

Mobil muxbirning aytishicha, o‘sha kuni tushdan so‘ng stadion chiptaxonalarida chipta qolmagani bildirilgan:

“Tushdan keyin bir tanishim chipta olaman deb stadionga borgandi, unga chipta sotib bo‘lindi deyishgan. Chipta faqat bir necha soatgina sotildi. Bu paytda hamma chipta sotilishi mumkin emas edi. Lekin kassirlar “chipta yo‘q” degan gapni aytishgan”, deydi Ozodlik iltimosiga ko‘ra chipta sotilishi bilan bog‘liq vaziyatni shaxsan kuzatgan mobil muxbir.

"Yo‘q" chipta “qo‘l”da paydo bo‘ldi

Toshkentdagi futbol ishqibozlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 27 martdan boshlab “Bunyodkor” stadionining chiptaxonasi yonida olibsotarlar guruhi paydo bo‘lgan. Ishqibozlar “qo‘l”dagi chiptalarning narxlari aslidan bir necha barobar qimmatligini aytishdi. Yakshanba kuni 15 minglik chiptalar “qo‘l”da 80 mingdan sotilganiga guvoh bo‘lgani haqida aytadi toshkentlik ishqibozlardan biri.

29 mart kuni Ozodlik iltimosiga ko‘ra, mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov "Bunyodkor" stadioniga borib, chiptalar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi.

Tashanovga ko‘ra, o‘yin oldidan chiptalar narxi olibsotarlar qo‘lida 10 barobar qimmatga sotilgan:

- Bugun stadion chiptaxonalariga odamlarni qo‘ymayapti. Atroflari o‘rab olingan. Chiptalar qo‘lga chiqib ketgan. 15 ming so‘m deb narx urilgan chiptalar 35000- 40000 va 150000 so‘mgacha sotilayapti. 150 ming so‘mlik chiptani ko‘rdim. Bu eng yaqin, markaziy sektorning eng pastidagi maydonga yaqin, trenerlarning orqasidagi joylar ekan,- deydi jurnalist Tashanov.

Chipta muammosi bois o‘yinlarni boykot qilishga chaqiriqlar

Chiptalarning olibsotarlarga o‘tib ketish holati har bir o‘yinda kuzatiladi.

Jumladan, 24 mart kuni Toshkentda o‘tgan O‘zbekiston - Filippin uchrashuvida ham chiptalar “qo‘l”ga o‘tib ketganidan shikoyatlar ko‘p bo‘ldi.

O‘sha o‘yinga ham chipta sotishga juda oz muddat ajratilgani va cheklangan miqdorda chipta sotuvga chiqarilgani natijasida olibsotarlarning bozori chaqqon bo‘lgani kuzatildi.

Hatto futbol ishqibozlari bu holatlarni adolatsizlik hisoblab, O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini boykot qilishga chaqirishdi.

"Ommaviy boykot qilish kerak. Toki chiptalar kassalarda o‘z narxida sotilishi ta’minlanmagunicha, futbolga bormaslik kerak. Televizorda ko‘rsa ham bo‘ladi o‘yinni", deyishdi Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi maslahat.uz guruhi a’zolari.

@eshonbova ham Tvitterdagi sahifasi orqali chipta muammosi hal qilinmaguncha futbol o‘yinlariga tushmaslikka qaror qilgani haqida yozdi.

Rasmiylar izohdan bosh tortdi

Futbol sohasi mutaxasislaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, chiptalar chiqarilishi uchun O‘zbekiston Terma jamoalar markazi mas’ul, “Bunyodkor” stadioni esa chiptalar sotilishini zimmasiga olgan.

Ushbu ikki tashkilot chiptalar bilan bog‘liq muammolar uchun asosiy javobgar sifatida ko‘rilmoqda.

Xo‘sh, nimaga chiptalar sotuvga cheklangan miqdorda chiqariladi va nima sababdan olibsotarlar qo‘liga o‘tib ketadi?

Ozodlik ushbu savollarga na Terma jamoalar markazidan, na “Bunyodkor” stadioni ma’muriyatidan javob ololdi. Ikkala tashkilot rasmiylari ham bu holatlarni izohlashdan bosh tortdi.

“Qo‘l”dagi chiptalar- mutasaddilarning o‘g‘irligi namunasi”

Chiptalarning olibsotarlar qo‘liga o‘tib ketish jarayonini o‘rgangan jurnalist Tashanov, buni mutasaddi shaxslarning cho‘ntagiga pul ishlab qolish harakatlari o‘laroq izohlaydi:

- Qo‘lga chiqib ketishining asosiy sababi – kassadagilar va bevosita o‘yin tashkilotchilari buning orqasidan foyda ko‘rishidir. Agar kassa orqali bo‘lsa hamma pullar davlat hisobiga va Futbol federatsiyasiga kirim bo‘ladi. Bundan ular shaxsiy foyda ko‘ra olmaydi. Shuning uchun bu o‘g‘irlikka o‘xshagan narsa. Biletlar avvaldan sotib olinadi, tarqatib yuboriladi yoki kassada ishlovchilar, bevosita Futbol federatsiyasining bilet sotish bilan shug‘ullanadigan moliya bo‘limlari bevosita olibsotarlar bilan kelshib qo‘yadi. U yoqqa biletlar sotib bo‘lindi degan hisobotlarni berishadi va odamlarga sun’iy oshirilgan narxdagi biletlarni sotishadi,- deydi Abdurahmon Tashanov.

"Hukumatning qo‘rquvi bois ishqibozlarga chipta sotilmaydi"

Futbol sohasini kuzatib keladigan yana bir mahalliy jurnalist ta’kidicha, chiptalar erkin savdosini cheklagan hukumat futbol maydoniga haqiqiy ishqibozlarni emas, buyruqqa bo‘ysungan tashkilot va hokimliklar xodimlarini kiritish bilan o‘z xavfsizligini o‘ylaydi.

Jurnalistga ko‘ra, haqiqiy ishqibozlar o‘rniga hokimlik va davlatga qarashli turli idoralar vakillariga chipta tarqatiladi. Ularga esa o‘yinni tartib saqlagan holda, intizom bilan o‘tirib kuzatish mas’uliyati yuklanadi.

XS
SM
MD
LG