Линклар

logo-print

1 apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi qarindoshinikiga 5 kundan ziyod vaqtga mehmonga kelgan viloyatliklar militsiya bo‘limlarida hisobga turishlari shart. Vazirlar Mahkamasining maxsus qaroriga ko‘ra, endilikda Toshkentdagi sanatoriylarga dam olish uchun kelganlar ham militsiya hisobida turishlari majburiy qilib belgilangan. Bu tartibni buzganlar jarimaga tortiladi va Toshkentdan majburan chiqarib yuboriladi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi tanish-bilishi yoki qarindoshinikiga mehmonga kelgan viloyatliklar endilikda poytaxtda faqat 5 kun mobaynida yashashlari mumkin. 5 kundan uzoq qoladigan odam militsiya bo‘limiga borib hisobga turishi lozim.

Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish Respublika bo‘limi (xalq tilida OVIR)dan olingan ma’lumotga ko‘ra, viloyatlardan kelganlar hisobda turish uchun 5 kun muddat ichida Toshkent shahri va viloyatida vaqtincha turgan joyidagi militsiya tayanch punktiga borib, hujjat topshirishi shart.

Yangi tartib Vazirlar Mahkamasining 26 fevraldagi 54-sonli qaroriga asosan amalga tadbiq qilinmoqda.

Mazkur hujjatga ko‘ra, Toshkentga 5 kundan ortiq muddatga mehmonga kelgan odamdan militsiya bo‘limida hisobga turish uchun qarindoshi yoki tanishining uyida yashash uchun tuzilgan ijara shartnomasi talab qilinadi. Viloyatdan kelgan kishi Toshkentdagi tanishikida tekinga yashasa ham shunday shartnomani militsiya bo‘limiga topshirishi lozim.

Agar viloyatlik Toshkentda yashovchi farzandi yoki boshqa juda yaqin qarindoshinikiga kelsa, ijara shartnomasi talab qilinmaydi. Bu holatda fuqaro qarindoshlik darajasini tasdiqlaydigan hujjatlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish Respublika bo‘limi (OVIR) rasmiysiga ko‘ra, Toshkentda yashovchi shaxs bilan viloyatdan kelgan mehmonning qarindoshligi darajasi juda uzoq bo‘lsa, uni hisobga olish rad qilinishi mumkin.

Shuningdek, agar viloyatdan kelgan shaxs avval poytaxtga kelib biror huquqbuzarlik sodir etgan bo‘lsa yoki uning jamoat tartibini buzishi mumkinligi haqida militsiya bo‘limida ma’lumot bo‘lsa hamda hujjatlarida noto‘g‘ri ma’lumotlarning mavjudligi aniqlangan taqdirda ham hisobga olish rad qilinishi mumkin.

Yangi tartibga ko‘ra, endilikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi mehmonxonalar, davolash muassasalari, sanatoriylar, dam olish uylariga kelgan viloyatliklar ham militsiya hisobiga turishlari shart qilib belgilangan.

Bu holatda ushbu muassasalarning mas’ul shaxslari bir sutka mobaynida viloyatdan kelgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni militsiya bo‘limlariga jo‘natishi lozim.

Respublika OVIR bo‘limi rasmiysi viloyatdan Toshkentga kelganlarni mehmonxonada turishlarini tavsiya qiladi. Unga ko‘ra, bu holatda hisobga olish jarayoni oson kechishi mumkin.

Rasmiyning aytishicha, Toshkentga kelib belgilangan muddat ichida militsiya hisobiga turmaganlar jarimaga tortiladi.

“Viloyatdan kelgan fuqaro hisobdan o‘tmagan holda yashayotgani aniqlansa, unga eng kam ish haqining 1 barobaridan 3 barobarigacha jarima solinadi. Uy egasi ham mehmonni militsiya hisobidan o‘tmagan holda yashashiga ruxsat bergani uchun jarimaga tortiladi”, dedi rasmiy.

Yangi tartibga ko‘ra, hisobga turmagan va hisobga olinishi rad qilingan fuqaro Toshkentdan majburan chiqarib yuborilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG