Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:58

Oyatulloh Xomanaiy: Eron kelajagi uchun diplomatiya emas, raketalar muhim


Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘z mamlakati kelajagi uchun diplomatiya emas, balki raketalar muhim ekanligini aytdi.

Xomanaiyning bu bayonoti 30 mart kuni uning rasmiy vebsaytida e’lon qilindi. Avvalroq g‘arb mamlakatlari hukumatlari BMT Xavfsizlik kengashini Eron yaqinda o‘tkazgan raketa sinovlari uchun jazolashga chaqirgan edi.

Vebsaytda Xomanaiy “Kelajak raketalar emas, muzokaralarda, deb hisoblaydiganlar yoki johil, yoki sotqindir”, deyiladi.

Oyatullohning bu gapi sobiq prezident Akbar Hoshimiy Rafsanjoniyga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Rafsanjoniy nisbatan mo‘’tadil siyosiy ittifoqning etakchisidir. O‘tgan haftada u Twitterda “Eronning kelajagi dialogdir, raketalar emas”, deb yozgan edi.

Xomanaiy yana radikal Eron Inqilobiy gvardiyasining raketalarni yanada rivojlantirish rejasini qo‘llashini izhor qildi. Bu bilan oyatulloh Erondagi raketa sinovlari yuzasidan tashvishlanayotgan g‘arb mamlakatlarini pisand qilmasligini ko‘rsatdi.

“Agar Islom Respublikasida mudofaa kuchi bo‘lmaganida, muzokaralarda kuchsiz mamlakat tahdidlariga ham yon berishga majbur bo‘lgan bo‘lardi”, dedi u.

Xomanaiy 2015 yilning iyulida Tehronning yadroviy dasturini qisqartirish bo‘yicha qudratli mamlakatlar bilan erishilgan kelishuvni imzolagan. Kelishuvga ko‘ra, Eron o‘z yadroviy dasturini qisqartiradi, buning evaziga unga qarshi joriy qilingan sanksiyalar bekor qilinadi. Ammo Xomanaiy kelishuv g‘arb bilan do‘stona aloqalarning tiklanishiga olib kelmasligini, Tehron o‘zining harbiy mohiyatini kuchaytirishda davom etishini ta’kidlab keladi.

30 mart kuni BMT bosh kotibi Ban Ki Mun Eronning raketa sinovlari xavotirlarga sabab bo‘lganini, biror sanksiya yoki chora ko‘rishni BMT Xavfsizlik kengashi hal qilishi kerak ekanligini bildirdi.

Eron qudratli davlatlar – veto huquqiga ega Rossiya, AQSh, Xitoy, Britaniya, Frantsiya hamda Germaniya – bilan o‘zining yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga erishganidan keyin BMT Xavfsizlik kengashi Tehronni yadroviy kallak tashiy oladigan raketalarni sinovdan o‘tkazmaslikka chaqiruvchi rezolyutsiyani imzoladi.

Mazkur haftada AQSh, Frantsiya, Britaniya hamda Germaniya o‘rtacha masofaga uchuvchi “Shahob-3” hamda qisqa masofaga uchuvchi “Qiyom-1” raketalari bilan mart boshida o‘tkazilgan testlar BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga zid ekanlgi haqida arzlandi.

Mazkur to‘rt mamlakat kengashga yuborgan xatda Eronning sinovlari “beqarorlikka hamda provokatsiyaga olib keladi, chunki bu raketalar yadroviy qurol tashiy oladi”, deyiladi.

Xatda Ban Ki Mun Eronning BMT rezolyutsiyalarini buzuvchi har qanday raketa amaliyotlari haqida to‘liq hisibot berishga, kengash esa tegishli choralarni muhokama qilishga chaqirildi.

Eron o‘z raketalari yadroviy qurol tashimasligini aytib keladi. Eron Inqilobiy gvardiyasi o‘z sinovlari mamlakatning yadroviy bo‘lmagan harbiy kuchini ko‘rsatishga qaratilganini bildirdi.

BMT Xavfsizlik kengashi Rossiya tufayli bu vaziyat bo‘yicha chora ko‘ra olmayapti.

14 kuni Eronning sinovlari haqida so‘z ochilganda Rossiya sinovlar 2015 yilgi rezolyutsiyaga zid emasligini, chunki “chaqiruv” majburiy talab emasligini aytdi.

30 mart kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligining yadroviy qurollar tarqalishini oldini olish hamda qurol nazorati bo‘limi boshchisi Mixail Ulyanov Eron harakatlarini himoya qildi.

Ulyanov Eronning raketalari yadroviy kallak tashishini ko‘rsatuvchi isbot yo‘qligini aytdi.

Rossiya Vashingtonda 31 mart kuni boshlanadigan Yadroviy xavfsizlik sammitiga vakil yubormasligini bildirdi. Bu esa g‘arb mamlakatlarining Eronning raketa sinovlariga qarshi chora ko‘rishini mushkullashtiradi.

Rossiya Eron bilan kelishuvni imzolagan, P5+1 deb ataluvchi qudratli mamlakatlar ichida Vashington sammitida ishtirok etmayotgan yagona davlatdir. 2015 yilgi kelishuv Eronni o‘zining yadroviy dasturini qisqartirishga chaqiradi. Evaziga unga qarshi joriy qilingan sanksiyalar bekor qilinadi. Tehron o‘z yadroviy dasturi tinchlik maqsadlarini ko‘zlashini aytib kelsada, g‘arb mamlakatlari Eron aslida yadroviy qurol ustida ishlayotganidan xavotirda.

Vashington sammitida boshqa masalalar bilan bir qatorda Eronning o‘z majburiyatlarini bajarayotgani yoki yo‘qligi muhokama qilinadi.

XS
SM
MD
LG