Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:28

Latviyada Kremlparast “Sputnik” sayti kirish yo‘li to‘sib qo‘yildi


Latviya bayrog‘i
Latviya bayrog‘i

Latviya rasmiylari 29 mart kuni Kremlparast “Sputnik” saytini “targ‘ibot vositasi” deb atab, mamlakat hududida unga kirish yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Kreml esa buni darhol qoraladi.

Latviyada mahalliy domenlarni ro‘yxatga oluvchi tashkilot “Sputnik”ni sputniknews.lv yangilik saytiga egalik qilish huquqidan ayirdi. Sayt bir necha hafta avval Latviyaning rus tilida so‘zlashuvchi xalqi uchun rus va latish tillarida maqola chop etish maqsadida ochilgan edi.

Latviya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Raymonds Jonson AFP axborot agentligiga bergan intervyusida “Biz Sputnikni ishonchli ommaviy axborot vositasi emas, balki targ‘ibot vositasi, deb bilamiz”, degan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Latviyaning bu qarorini “oshkora senzura” deb atadi va “Rossiya ommaviy axborot vositalari professionalizm va etikaning eng yuqori standartlariga amal qilishini” iddao qildi.

Vazirlik e’lon qilgan bildiruvda Riga “Latviyadagi Rossiya ommaviy axborot vositalariga hujum qilishda davom etar ekan, matbuot plyuralizmini hamda so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini amalga oshirmayotganini yana bir marta ko‘rsatdi. Yetakchi inson huquqlari tashkilotlari esa atayin chora ko‘rmayapti”, deyiladi.

Latviya bundan avval ham rus ommaviy axborot vositalarini bloklagan. Masalan, 2014 yil mamlakatda Rossiya davlat televideniesi bir necha oy muddatga yopilgan edi.

Rossiyaning Latviyadagi elchixonasi “Sputnik”ka qarshi ko‘rilgan chorani “asossiz” deb atadi va Latviyani Rossiyaga qarshi informatsion urush boshlaganlikda aybladi.

Latviyada mahalliy domenlarni ro‘yxatga oluvchi tashkilot “Sputnik” saytini Latviya Tashqi ishlar vazirligidan xavotir xati olganidan keyin yopib qo‘ygan. Vazirlik “Sputnik”ning Ukrainadagi hodisalarni bir yoqlama yoritayotganini, mamlakatning hududiy birligini tan olmayotganini tanqid qildi.

Vazirlik hodisalarni bunday yoritish Yevropa Ittifoqi Rossiya Qrimni 2014 yilda anneksiya qilib olgani uchun joriy qilgan sanksiyalarga zid bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Jonson AFP agentligiga bergan intervyusida sputniknews.lv saytini ro‘yxatga olishda “Biz “Sputnik” direktori [Dmitriy] Kiselyov Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani e’tiborga olinishi kerakligi haqidagi fikrimizni bayon qildik”, dedi.

XS
SM
MD
LG