Линклар

Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyadagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etganlar uchun 10 300 medal yasatmoqchi. Bu esa Rossiyaning olti oy davom etgan harbiy amaliyotlarida ishtirok etgan rossiyaliklarning haqiqiy sonini ko‘rsatuvchi ilk rasmiy ma’lumotdir.

Vazirlik medallar uchun deyarli 2 million rubl, sertifikatlar uchun esa yana 255 ming rubl sarflaydi. Mazkur buyurtma rasmiy xaridlar davlat saytida e’lon qilindi.

Medallarni ishlab chiqaruvchi shirkat 15 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan elektron kimoshdi savdosida aniqlanadi. Medallar yetti ish kuni davomida yasalishi kerak.

Mudofaa vaziri Sergey Shoygu mazkur medalni joriy qilish haqidagi buyruqni 2015 yilning 30 noyabrida, Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlari boshlanganidan keyin ikki oy o‘tib imzolagan edi.

Medalь 32 mm diametrli aylana bo‘lib, unda uch bombardimonchi uchoq hamda harbiy kema, fonida esa Suriyaning umumiy ko‘rinishi tasvirlangan.

Gazeta.ru rus sayti tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, bunday medallar allaqachon ishlab chiqarilgan va ularni Internetda sotib olish mumkin. Turli saytlarda medalning bahosi 400 rubldan 1,5 ming rublgacha ko‘rsatilgan.

15 mart kuni Moskva Suriyadagi harbiylari va harbiy texnikasining asosiy qismini olib chiqa boshladi. Rossiya harbiy amaliyotlari Suriya prezidenti Bashar Asadga jangarilar hamda isyonchi guruhlar egallab olgan yerlarni tortib olishga yordam berdi.

Moskva Suriyada razvedka missiyalarini amalga oshirish va mamlakatdagi rus bazalarini himoya qilish uchun taxminan ming nafar harbiy qoldirilishini bildirdi.

Suriyafagi urush 2011 yilning martida boshlanganidan beri 270 mingdan oshiq odam halok bo‘ldi, millionlab odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG