Линклар

O‘zbekiston hukumati vakillari AQSh firmalari bilan farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohasidagi texnologiyalar sohasida hamkorlik qilish ehtimollariga qaratilgan takliflarini kiritdi.

Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan o‘tgan haftada uyushtirilgan Amerika-O‘zbekiston biznes forumi – davra suhbati yakunlari to‘g‘risidagi xabarnomasida ma’lum qildi.

AQSh elchixonasi xabarida aytilishicha, o‘tgan haftada o‘tkazilgan biznes forumda O‘zbekiston bilan savdo qilishga, bu mamlakatga sarmoya yotqizishga qiziqish bildirayotgan 13 yirik Amerika kompaniyasining 30 dan ziyodvakili O‘zbekiston hukumati hamda biznes doiralari vakillari bilan so‘zlashuvlar o‘tkazdi. Anjumanda mahalliy kompaniyalar hamda O‘zbekistondagi Amerika savdo palatasi a’zolari ishtirok etdi, biznes forumda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen nutq so‘zladi, deyiladi xabarda.

Amerika biznesi vakillarining O‘zbekistonga safarini O‘zbekiston hukumati AQSh elchiligi, AQSh Savdo vazirligi, Amerika savdo palatasi hamda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan.

Biznes forum – Davra suhbati boshlanishidan ikki kun oldin AQSh Savdo vazirligi 7 kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyani O‘zbekistondagi biznes muhitini o‘rganish uchun jo‘natgani, Davra suhbati davomida O‘zbekiston hukumati vakillari iqtisodiy ko‘rsatkichlarga doir ko‘rsatkichlar hamda hukumat tanlagan prioritetlar to‘g‘risida ma’lumot bergani xabar qilindi.

Aytilishicha, amerikalik tadbirkorlar O‘zbekistonda biznes yuritishga oid savollarini bergan, kompaniyalararo hamda amerikalik biznesmenlar va O‘zbekiston vazirliklari va davlat kompaniyalari vakillari o‘rtasida o‘zaro yuzma-yuz muloqotlar bo‘lib o‘tgan.

Elchixona xabarnomasida aytilishicha, “Davra suhbati va boshqa tadbirlar ularning ishtirokchilariga O‘zbekistondagi biznes muhiti to‘g‘risida hamda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro aloqa qilishning qimmatli imkoniyatlari to‘g‘risida aniq tasavvur shakllantirishga yordam berdi. Ba’zi kompaniyalar bunday tadbirlarda ishtirok etish savdo sohasida hamda sarmoya yotqizishga doir konkret shartnomalar tuzilishiga yo‘l ochishi mumkin, degan optimistik fikr bildirdilar, deb xabar qildi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, hozirda Astanadagi Yevroosiyo universiteti dotsenti, iqtisodchi Saparboy Jubaevdan Toshkentda bo‘lib o‘tgan Amerika-O‘zbekiston biznes forumining ahamiyati to‘g‘risida so‘radik.

- Biznesmenlarning uchrashuvlari har doim muhim, albatta. Xususan, O‘zbekistonda Amerika biznesmenlarining farmatsevtika sohasida qiziqishlarini qondiradigan xom ashyolar bor. Masalan, Qoraqumda, Qizilqumda bo‘ladigan lakritsa ildizi farmatsevtika sanoati uchun juda kerak xom ashyo. Biz bir vaqtlar uni eksport qilar edik, dedi Saparboy Jubaev.

Suhbatdoshimizdan O‘zbekistonning AQSh biznesmenlari uchun qanchalik jozibali ekanligini so‘radik.

- Bu masalada juda ko‘p gapirsak bo‘ladi. Lekin gapning po‘stkallasini aytsak, bugungi kunda O‘zbekistonda bu masalada muammo bor. Bir qarashda O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun iqlim yaxshiday: xalq tinch yashaydi, ish kuchi arzon, lekin o‘zlarining topgan foydasini olib chiqib ketish yoki investitsiyani reeksport qilish masalasida muammo borki bu konvertatsiya bilan bog‘liq. Buni hamma biladi. Balki DEU avtozavodiga yaratilganday alohida sharoit yaratib berishar amerikaliklarga? Shu o‘rinda men bir raqam keltiray: Markaziy Osiyo mamlakatlariga keladigan investitsiyalarning 80-82 foizi Qozog‘istonga yotqiziladi. Chunki bu mamlakatda investitsion muhit erkin. Har yili investorlar Qozog‘istondan 20-25 mlrd dollarlik foydani olib chiqib ketadi. O‘zbekistonda esa, bu masala juda murakkab, dedi Saparboy Jubaev.

Suhbatdoshimizga mana bu savolni ham berdik: Tasavvur qiling, Siz universitet domlasi emas, milliardersiz. Siz O‘zbekistonga sarmoya kiritarmidingiz?

Saparboy Jubaevning javobi o‘ta qisqa bo‘ldi:

- Yo‘q.

XS
SM
MD
LG