Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:08

Jurnalistga solingan jarima uning qarindoshlaridan undirildi


O‘zbekistonlik jurnalist va huquq faoli Malohat Eshonqulova.
O‘zbekistonlik jurnalist va huquq faoli Malohat Eshonqulova.

2011- 2013 yillar davomida uch marta sudlanib, 15 million so‘mga yaqin jarima solingan jurnalist va huquq faoli Malohat Eshonqulovadan ushbu jarimani undirishga qaror qilgan sud ijrochilari¸ jurnalistga ko‘ra¸ qizi va kuyovi mol-mulkini noqonuniy tarzda musodara qilgan.

Eshonqulovaning aytishicha, bunday haqsizliklarning so‘nggisi 30 mart kuni sodir bo‘lgan.

Chorshanba kuni o‘zini sud ijrochilari deb tanishtirgan, lekin hech qanaqa hujjat ko‘rsatmagan 10 kishi Malohat Eshonqulovaning kuyovi uyiga kirib kelganlar va “davlatdan bo‘lgan qarzingiz evaziga uydagi narsalarni olib ketamiz”, deyishgan. Ular hatto uy egasi bo‘lgan kuyovning kelishini ham kutib o‘tirmaganlar:

- Bilasizmi, oldin ham mening uyimda musodara bo‘lgan, lekin bunday tarzda bo‘lmagan. Masalan, 10 kishi kirib kelgan bo‘lsa, hali dalolatnoma tuzmasdan turib, uyning egasi kelmasdan turib, birinchi bo‘lib kompyuterimni olib chiqib ketayapti, keyin fotoapparat bilan telefonlarni bittasi olib chiqib ketdi, bittasi televizorlarni olib chiqib ketayapti, bittasi narsalarni olib chiqib ketayapti.

Men: “Tushunmadim sizlarni, oldin bularning yaroqli-yaroqsizligini tekshirib, markalarini yozib, dalolatnoma tuzib, bir nusxasini menga berib, keyin olib ketmaysizlarmi? Nima sizlar bitta-bitta tashiyapsizlar qaroqchilarga o‘xshab? Kuppa-kunduz kuni uyni talon-taroj qilayapsizlarmi, tushunmadim?” desam, “Tepada o‘zimiz yozaveramiz, bular olib borib qo‘yaversin”, dedi.

Shu paytda kuyovim kelib qoldi. Kuyovim: “Mening uyimda nima qilayapsizlar? Kimdan ruxsat so‘rab keldinglar? Ogohlantirish berdinglarmi bir og‘iz? Nima uchun uyimdagi narsalarni musodara qilayapsizlar? Tegmanglar narsalarga”, dedi.

Shu paytda eshikning oldida televizorni olib chiqib ketayotgandi. “Joyiga qo‘yib qo‘ying” deb, oldini to‘sib chiquvdi, ikkitasi qo‘lidan ushlab kuyovimning qo‘lidan tortdi. [Sud ijrochilari bilan birga kelgan] uchastka noziri: “Men tinchlikni saqlash uchun kelib o‘tiribman. Qarshilik ko‘rsatmang. Qanaqa da’voingiz bo‘lsa, sudga murojaat qilasiz”, dedi.

Kuyovim: “Nimaga men sudma-sud sargardon bo‘lib yurishim kerak, hozir ishimni tashlab kelishga majbur bo‘lib o‘tiribman, sabab nima?” degandi, “Bu ayolning qarzlari bor”, dedi. Kuyovim: “Xo‘p, qarzlari bo‘lsa, o‘zidan undiringlar, nega mening uyimdan urdirishlaring kerak?” degandi, shu uyda yashaganidan keyin undiramiz-da”, dedi, - deydi Malohat Eshonqulova.

Jurnalist ayol sud ijrochilariga dalolatnoma tuzdirishga muvaffaq bo‘lganini, biroq hujjat nusxasini ulardan ololmaganini qo‘shimcha qiladi.

Eshonqulovaning aytishicha, u hodisa chog‘ida militsiyaning 02 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan, javob bo‘lavermagach, Bosh prokuraturaning ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan, prokuratura vakillari go‘shakni sud ijrochilari ketib bo‘lganidan so‘ng ko‘targan va jurnalistning shikoyatini eshitgach, “Vaqtida jarimani to‘lashingiz kerak edi” deyish bilan cheklangan.

Jurnalist va huquqbon Malohat Eshonqulova O‘zbekistondagi qonunsizliklarga qarshi turgani, norozilik namoyishlari, ochlik aksiyalari o‘tkazgani tufayli 2011- 2013 yillar davomida sud tomonidan uch bor noqonuniy tarzda sudlanib, 15 million so‘mga yaqin jarima bilan jazolangani, sud ijrochilari shu jarimani undirish bahonasida kelganlarini aytadi.

Advokat Ruhiddin Komilovning aytishicha, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, sud ijrochilari biror kishiga solingan jarimani uning o‘zidangina undirishga haqli, jarima solingan odam biror uyda vaqtincha yashab turgan bo‘lsa, bu uyning egasiga tegishli ashyolarni musodara qilishga haqli emaslar.

Jurnalist va huquq faoli Malohat Eshonqulovaning aytishicha, u so‘nggi olti yil davomida haq istab rasmiy idoralarga sanoqsiz murojaat va shikoyat arizalari yozgan, O‘zbekistondagi adolatsizliklarga oid dolzarb maqolalar yozgan, hatto piket va namoyishlarga chiqib ko‘rgan. Biroq bu ishlar ortidan haqsizlik barham topmay, aksincha, unga nisbatan tazyiq, bosim va tahqirlar tobora kuchayib borgan:

- O‘zbekiston hukumatining adolatsizligi bo‘g‘zimga keldi. Endi o‘zim qolib bolalarimga hujum qilishi meni o‘z jonimga qasd qilish darajasiga etkazdi. Bulardan o‘lib qutulmasam, bolalarim ham, men ham qutulmasligimni tushunib etdim, – degan Malohat Eshonqulova Prezident devoni oldida joniga qasd qilish o‘yida yurganini qo‘shimcha qildi.

Jurnalist ayol 31 mart kuni dalolatnoma nusxasini olish uchun sud ijrochilari oldiga borgani, ularni o‘z niyatidan xabardor qilgani, lekin ular kinoya qilish bilan kifoyalanganlarini aytadi:

- “Voy, o‘zingizni-o‘zingiz... joningizdan to‘yganmisiz?” deydi. “Jonimdan to‘ydirdinglar sizlar, majbur qilyapsizlar, bolamga ham tahdid qilayapsizlar” desam, “Voy, kamera bilan borib turar ekanmiz-da, bitta tomosha bo‘lar ekan-da”, deydi, - dedi Malohat Eshonqulova.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida 21 yil ishlaganidan so‘ng "bu erda korruptsiya gullab-yashnagani va inson haqlari oyoqosti qilinayotgani" haqidagi iddaolari ortidan kompaniyadan ishdan haydalgan Malohat Eshonqulova 2010 yildan buyon mustaqil jurnalist va huquq faoli sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG