Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:11

Moskvada ushlangan o‘zbek muhojirlari ishidchilikda ayblanmoqda


Rossiya FSBsi politsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan maxsus amaliyot davomida Moskvaning ikki joyida IShIDga aloqadorlikda gumonlanib 18 nafar muhojir hibs etildi. Huquq tizimlari iddaosicha¸ O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilayotgan migrantlarning qalbaki hujjat tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan.

IShIDga aloqadorlikda gumonlanayotganlarning aksari - o‘zbeklar

29 mart kuni Moskvada “Islomiy davlat” terrorchilik tashkilotiga odam yollaganlikda va u yerga ketayotganlarni qalbaki hujjatlar bilan ta’minlaganlikda gumonlanayotgan bir guruh xorij fuqarosi hibs etildi.

"FSB va politsiya olib borgan hamkorlikdagi amaliyot davomida IShIDga aloqadorlikda gumonlanayotgan 20ga yaqin odam qo‘lga tushirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Moskvada ular IShIDga yangi a’zolar qidirish va ëllash bilan shug‘ullanganlar", deb yozdi RIA-Novosti.

Aytilishicha¸ maxsus amaliyotlar Moskvadagi bir qator manzilda¸ xususan¸ Simonovskiy valdagi xususiy kvartiralardan birida o‘tkazilgan. Hibsga olinganlarning telefon va kompyuterlari musodara qilingan¸ ular yonidan turli davlatlar¸ xususan¸ Turkiya pasportlari topilgan. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸bu mavzedagi ikki xonali kvartirada 5 kishi, 5 xonali yana birida – 13 kishi qo‘lga olingan.

Rossiya huquq tizimlariga ko‘ra¸ bu pasportlar soxta va ular IShIDga yollanganlarning Rossiya hududidan ortiqcha tekshiruvsiz chiqib ketishini ta’minlash maqsadida hozirlangan.

Rossiya ommaviy axborot vositalarida avvaliga ushlangan migrantlarning 20 nafar ekani, ularning barchasi Turkiya fuqarosi ekani to‘g‘risida ma’lumot tarqaldi. Keyinroq, maxsus amaliyot davomida qo‘lga olinganlarning aksari O‘zbekistondan kelgani, tintuv paytida ikki dona Turkiya haydovchilik guvohnomasi topilgani ma’lum bo‘ldi.

Aytilishicha¸ o‘zbekistonlik muhojirlar hozirda politsiya bo‘limida saqlanmoqda.

NTV telekanali efirga uzatgan videoxabarda terrorchi tashkilotga aloqadorlikda ayblanayotganlar politsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatmagani va so‘roq davomida terrorchilikka mutlaqo aloqasi yo‘qligini gapirgani ko‘riladi.

- Men 20 kun Moskvada bo‘lmagan edim.

- Nima qilayapsan bu yerda?

- Bu yerda men yashayman. Podmoskovyeda ishlayman.

- Bu hujjatlar kimniki?

- Bilmadim.

Bu ruschani bazo‘r gapirayotgan ko‘rinishidan o‘zbek yigiti va muxbir o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbat.

Videolavhada musodara qilinayotgan bir nechta skaner, kompyuter va printerlarlarlan hamda topilgan qalbaki patentlar, tibbiyot daftarchalari, registratsiyalar va boshqa migratsiya hujjatlaridan o‘zbekistonlik yigitlarning Moskvaga ishlagani kelayotgan yurtdoshlariga soxta hujjatlar rasmiylashtirish bilan shug‘ullanib kelgani anglashiladi.

Politsiya matbuot xabarlarini tasdiqlamadi

NTV telekanaliga bergan intervyusida Rossiya Federatsiya Kengashining Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha raisi birinchi o‘rinbosari Frans Klintsevich Rossiya maxsus xizmatlari “mamlakatda mavjud terrorchilik tarmoqlarini doimiy tozalab borayotgani”ga qaramasdan, “Rossiyada ichkarisida terrorchilik xurujlarini uyushtirishga intilayotgan” guruhlar bor degan fikrni bildirdi:

- Sodir bo‘layotgan bu hodisalar ko‘lami benihoyat katta! Bu yigitlardan musodara qilingan texnikaga mablag‘ kerakku. Primitiv shaklda bo‘lsa ham, ular qalbaki hujjatlarni tayyorlab, xorijdan kelayotgan va ketayotganlarni ta’minlab kelgan, jumladan Suriya hududiga odam jo‘natib turgan, dedi deputat Klintsevich.

Ayni paytda, FSB va politsiya tomonidan maxsus operatsiya tafsilotlari borasida biror aniq ma’lumot berilganicha yo‘q.

Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy saytida 30 mart kuni soat 13:37 da qo‘lga tushirilgan muhojirlar tekshiruvdan o‘tkazilgani,“bir nechtasi migratsiya qonunchiligini buzgani”, yana ikkitasi “soxta hujjatlar tayyorlagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgani” xabari chiqdi.

Bu xabar bilan Moskva politsiyasi Rossiya ommaviy axborot vositalari “IShID terrorchilari” to‘g‘risida oldinroq xabar qilgan ma’lumotni inkor etdi.

Moskva shahar politsiya boshqarmasining Ozodlik muxbiri bog‘langan rasmiysi 29 mart kuni qo‘lga tushirilgan “ishidchilar” borasida ma’lumotga ega emasligini bildirdi:

- Kechirasiz, afsuski bu haqda konkret ma’lumotlarim yo‘q. Bu xabarlarni na tasdiqlay va na inkor qila olaman, dedi Moskva shahar politsiyasi boshqarmasining navbatchi ofitseri.

“Rossiya hukumati qo‘rquv hissiyotini kuchaytirmoqda!”

Ozodlik so‘nggi paytlarda Rossiyaning turli o‘lkalarida “Islomiy davlat” guruhi, “Hizb-ut Tahrir”, “Nurchilar” va Rossiyada taqiqlangan boshqa diniy tashkilotlarga aloqasi borligida gumonlanib mehnat muhojirlarining qama-qamalari keskin ko‘paygani to‘g‘risida xabar berib bormoqda.

Ekaterinburgda bir guruh o‘zbeklar "ishidchilik"da ayblanmoqda
Ekaterinburgda bir guruh o‘zbeklar "ishidchilik"da ayblanmoqda

Moskvalik diniy faol, “Musulmonlar haqlari uchun” jamoatchilik harakati rahbari Ali Charinskiy Ozodlikka 29 mart kuni ushlangan o‘zbekistonliklarni shunchaki mayda qalloblar ekaniga ishonishini gapiradi. U oxirgi paytlarda ommaviy axborot vositalari Rossiya jamiyatida “aksilturkchilik” kayfiyatini sun’iy ravishda qo‘zg‘atayotgani sabablariga to‘xtaldi:

- OAV va kuchishlatar tizimlar – bu ijrochilar. Kreml esa bu siyosat yordamida odamlarda qo‘rquvni kuchaytirmoqchi. Biz Suriyaga kirganimiz, milliardlab dollar xarajat qilganimiz va hech qanday natijasiz u erdan chiqib kelganimizni yana nima bilan izohlash mumkin?! Endi mana yana Palmiraga spetsnaz jo‘natayapmiz! Odamlar axir fikrlayapti: xo‘p, Ukrainadagi urush Qrim bilan bog‘liq edi... Suriyada Rossiya nima izlayapti? Shu erda mahalliy gazeta-televidenie sahnaga ko‘tarilib “Mana, bizni terrorchilar yo‘q qilmoqchi!” qabilida turli yolg‘on reportajlarni va maqolalarni tarqatmoqda. Ya’ni Kreml bu kayfiyatni kuchaytirmoqda: OAV buyurtmani bajardimi – pulingni ol, FSB shov-shuv ko‘tardimi – mana senga pul! Bunday yolg‘on siyosatdan esa¸ birinchi navbatda¸ Rossiya musulmonlari norozi, ular kimningdir manfaatini ko‘zlab o‘z birodarlarini o‘ldirishni istamayapti, dedi Ali Charinskiy.

Ayni paytda¸ “Islomiy davlat” guruhi 30 mart kuni Rossiya hududida sodir etgan uchinchi terrorchilik hujumi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Barcha portlashlar Dog‘iston hududida bo‘lib, o‘ldirilganlarning hammasi huquq-tartibot organlari xodimlaridir.

XS
SM
MD
LG