Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:19

IShID tuzog‘iga tushgan o‘zbek, bolalarni zo‘rlagan jinoiy guruh va o‘g‘irlangan qo‘shiqlar


Internet kafe rahbaridan 1000 dollar pora olayotgan militsiya noziri ushlandi. IShID safida jang qilgan toshkentlik yigit 13 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Pensiya berishni paysalga solgan bankirlarga ish qo‘zg‘atildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

2015 yilda 848 ta ob’ekt xususiylashtirildi

2015 yili O‘zbekistonda 848 tashkilot va ob’ekt xususiylashtirildi. Bu haqda bir necha matbuot nashri Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga tayanib xabar beradi. Hisobotga ko‘ra, eng ko‘p ob’ekt Toshkent (128 ta) va Namangan (108 ta) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Davlat aktivlari realizatsiyasidan 103,2 milliard so‘m tushgan.

Toshkentda internet kafe rahbaridan 1000 dollar pora olayotgan militsiya noziri ushlandi

Toshkent shahri Shayxontohur tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi inspektori poraxo‘rligi uchun 5 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 31 mart). Ismi oshkor etilmagan militsiya xodimi “Azizbek Pay Mobile” firmasi qarashli internet kafega kirib, kompyuterlardan birida “O‘zbekkino” milliy agentligi taqiqlagan kino borligini ro‘kach qilib, 4 million 250 ming so‘mlik protsessorni hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan olib ketadi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan kompyuter xotirasida “Bleyd” va “Sumerki” nomli zo‘ravonlik targ‘ib etilgan filmlar borligi haqida ekspertiza xulosasi oladi. So‘ng militsiya noziri firma rahbarini ushbu holat tufayli unga katta miqdorda jarima solinishi va firmaga tegishli barcha mol-mulk musodara etilishini aytib qo‘rqitadi. Chora ko‘rmaslik evaziga 1500 dollar pora talab qiladi. Militsiya xodimi firma rahbaridan 1000 dollar olayotganda ushlangan.

IShID safida jang qilgan toshkentlik yigit 13 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Suriyada IShID jangarilari safida jang qilgan toshkentlik yigit sud tomonidan 13 yilga ozodlikdan mahrum etildi (“Postda”, 26 mart). Ismi oshkor etilmagan yigit 1991 yili Toshkentda ishchi oilasida tug‘ilgan. Poytaxtdagi korxonalardan birida oddiy ishchi bo‘lib ishlagan. 2013 yilda pul ishlab kelish maqsadida Turkiyaga borgan va o‘sha erda IShID tuzog‘iga tushgan. Janglardan birida yaralanib, shifoxonaga tushgan yigit Suriyadan Turkiyaga qochib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi. O‘zbekistonga qaytganda esa qo‘lga olingan. Qayd etilishicha, IShID safida jang qilgan yigit aybiga butunlay iqror bo‘lib, tergov bilan hamkorlik qilgan. Gazetaning ogohlantirishiga ko‘ra, terrorchilar o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilishda ijtimoiy tarmoqlardan, shu jumladan, o‘zbek tilidagi tashviqotlardan keng foydalanmoqda.

O‘zbekistonda norasida bolalarni zo‘rlagan jinoiy guruh ushlandi

O‘zbekistonda norasida o‘g‘il bolalarni zo‘rlagan jinoiy guruh fosh etildi (“Darakchi”, 31 mart). Ismi oshkor etilmagan uch nafar yigit 2012 yilda voyaga yetmagan bolalarni aldab uyga olib kelgan hamda g‘ayritabiiy usulda jinsiy ehtiyojini qondirgan. Jinoyatchilar “agar hozirgi ishlar haqida churq etsang, o‘sha zahoti o‘ldiraman” deya zo‘rlangan bolalarni qo‘rqitgan. Mazkur holat bir necha bor ro‘y bergan. Jinoyatdan huquq idoralari xabar topgach, guruh boshlig‘i aylanma yo‘llar bilan Qozog‘istonga qochib ketgan. Qo‘shni davlatda bir muddat yashab O‘zbekistonga qaytayotgan yigit qo‘lga olingan. Jinoyat kodeksining 119-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etgan sudlanuvchilar 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Pensiya berishni paysalga solgan bankirlarga ish qo‘zg‘atildi

Farg‘ona viloyatida pensionerlarga pensiya pullarini vaqtida bermaslik holatlari aniqlandi. Viloyat prokurori o‘rinbosari O‘ktamali Yo‘lchievning “Huquq” gazetasiga ma’lum qilishicha, “O‘zsanoatqurilishbank” Farg‘ona mintaqaviy filiali 2279 nafar pensionerning 849 million so‘m pensiya pullarini berishni paysalga solib kelgan. “Hamkorbank” Farg‘ona filiali ham 3100 nafar pensionerning 1 milliard 75 million so‘mlik pensiyasini o‘z vaqtida bermagan. Xabar qilinishicha, pensiyani to‘lashda sansardorlikka yo‘l qo‘ygan bank boshqaruvchilariga nisbatan ma’muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi: Ayollar suv sporti bilan shug‘ullanishi uchun 95 ta tumanda basseyn qurish kerak

O‘zbekiston qishloqlaridagi ayollar va qizlar suv sporti bilan muntazam shug‘ullanishi uchun 95 ta tumanda basseyn qurish talab etiladi (“Oila davrasida”, 31 mart). Bu haqda mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova ma’lum qilgan. Qoraqalpog‘istonda 12 ta, Andijonda 1 ta, Buxoro, Jizzax, Samarqandda 9 tadan, Qashqadaryoda 10 ta, Navoiyda 5 ta, Namangan va Sirdaryoda 6 tadan, Surxondaryoda 12 ta, Toshkent va Farg‘onada 4 tadan, Xorazmda 8 ta basseyn etishmaydi. O‘rganishlar chog‘i o‘t o‘chirish uchun suv yig‘ilgan rezervuarlar ham hisobotga suv havzasi deb kiritilgani aniqlangan. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi suv sport bilan shug‘ullanayotgan qizlarga milliy qadriyatlar va zamonaviy moda uyg‘unlashgan suzish kiyimlari ishlab chiqarish lozimligini ham aytgan.

O‘zbek klipmeykerlari orasida o‘g‘irlik avj olmoqda

O‘zbek xonanlaridan klipmeykerlariga o‘tgan ko‘chirmakashlik “virusi” avj olmoqda, deb xabar beradi “Darakchi” nashri. Masalan, qo‘shiqchi Manzuraning “Hayotim” qo‘shig‘iga ishlangan klip kadrlari Rossiya estradasi xonandalari Vera Brejneva va Dan Blan ijrosidagi “Lepeskami slez” qo‘shig‘i klipidan o‘g‘irlangan. Xonanda Lola Ahmedovaning “Unutolmadim” qo‘shig‘i klipi kadrlari esa Rossiya estradasi vakillari Grigoriy Leps va Ani Lorakning “Zerkalo” dueti klipidan o‘zlashtirilgan. Yosh xonanda Botir Yaminovning “Arazladingmi yana” klipida esa Yegor Kridning “Nevesta” qo‘shig‘iga ishlangan klip kadrlaridan aynan foydalanilgan.

XS
SM
MD
LG