Линклар

logo-print

Tojikistonning Xatlon viloyat prokuraturasi “Zello” internet-radiosi orqali aksilhukumat tashviqotini olib borganlikda gumonlangan 6 nafar tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Rasmiylar Abdurahmon Jomiy tumanidagi markaziy bozorda ishlagan bu savdogarlarga 36 yoshli Farhod Hayitov bosh bo‘lganini iddao qilmoqdalar.

Xatlon viloyat prokuraturasi xodimlari 1 aprel kuni Ozodlikning tojik xizmatiga Farhod Hayitov, Nekro‘z Jumaev, Farhod Melikov, Safarali Saidbekov, Jasur Rashidov va Mahmadkarim Aliev fevral oyi boshida tumandagi markaziy masjid imom-xatibini ko‘pchilikningoldida haqorat qilganidan keyin hibsga olinganlarini ma’lum qilganlar.

Xatlonlik tergovchilar iddaosicha, shundan keyin Farhod Hayitov o‘z sheriklari bilan bo‘sh vaqtini “Zello” internet-radiosida o‘tkazib, u yerda aksilhukumat tashviqoti yuritgani aniqlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda savdogar yigitlarga qarshi Tojikiston Jinoyat kodeksining 307-moddasi 1-bandi 2-qismi (internetdan foydalangan holda ekstremistik faoliyatga oshkora chaqirganlik) va 307-modda 3-bandi (mansabidan foydalangan holda ekstremistik birlashma tuzganlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

- Tergov ularning WhatsApp dasturi orqali o‘zaro videomateriallar almashgani, keyin bu materiallarni ijtimoiy tarmoqlarga joylaganini aniqladi. Shuningdek, ular “Zello” internet-radiosi orqali hukumatni tanqid qilganlar va boshqalarni qonunga bo‘ysunmaslikka chaqirganlar. Ular ish joylarida ham shunaqa tashviqot tarqatib yurganlar. Ularga qarshi o‘nlab odam guvohlik ko‘rsatmasi berdi, - deya iqtibos keltiradi prokuratura vakili so‘zlaridan Ozodlikning tojik xizmati.

Ayni paytda Farhod Hayitovning ukasi Sherali tug‘ishganining “tuhmat qurboni” bo‘lganini aytmoqda.

Sheraliga ko‘ra, Farhod bozorda mobil telefonlar va fleshkalar sotgan, ba’zan mijozlarga pul evaziga o‘z internetidan foydalanishga ruxsat bergan.

- Kimdir uning jihozlaridan foydalangan ekan, endi esa barcha aybni unga to‘nkayaptilar, - dedi Sherali.

U akasining mullani haqorat qilganiga oid ayblovlar ham yolg‘onligini aytadi.

- Gap shundaki, u ma’lum vaqtdan beri namoz o‘qimay kelyapti, hech qanaqa bahsda ham ishtirok etmayapti. Aksincha, u bu mulla bilan salom-alik qilib yurgan. Farhod qo‘lga olinganidan keyin bu mulla bizdan qochadigan bo‘lib qoldi, - dedi Sherali.

Tojikiston rasmiylari ekstremizm mamlakat uchun jiddiy xavf tug‘dirishini aytib keladilar. So‘nggi ikki oy ichidayoq Tojikistonda Salafiylik oqimiga mansublikda ayblangan 100 ga yaqin odam ushlangan.

Ayni paytda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mingdan ziyod tojikistonlik Suriya va Iroqdagi urushlarda ishtirok etib yuribdi. Rasmiylar bu fuqarolar urushga ekstremistik g‘oyalar tashviqoti ta’sirida ketgan, deb hisoblaydilar.

XS
SM
MD
LG