Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:02

Toshkent AYoQShlarida benzin qimmatlaydi


UzGazOil shirkatining Toshkent shahridagi davlat narxida benzin sotadigan yonilg‘i quyish shoxobchalari soni qisqartirilib, tijoriy narxda sotadigan shoxobchalari soni ko‘paytiriladi. Bu o‘zgarishlar bois UzGazOil shirkatida katta qisqartirishlar ham kutilyapti. Bu o‘zgarishlar UzGazOil AYoQShlarining norentabelligi bilan bog‘liq ekani aytilyapti.

UzGazOil rahbariyatiga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, Toshkent shahrida davlat narxida benzin sotadigan yonilg‘i quyish shoxobchalarining faqat sakkiztasi qoladi, qolgani xususiy qo‘llarga o‘tkaziladi, tijoriy narxda benzin sotadigan shoxobchalarga aylantiriladi:

- Chunki davlat narxida benzin sotadigan shoxobchalarda tushum deyarli bo‘lmayapti, - dedi manba.

Bu o‘zgarishlar bois UzGazOil shirkatida katta qisqartirishlar ham kutilyapti.

Notijoriy narxda benzin sotuvchi shoxobchalarning xodimlarini ishdan bo‘shatish allaqachon boshlangan.

– Hozir Toshkentda UzGazOilga qarashli AYoQShlarda olti odam smena almashib ishlayapti, lekin ularda tushum yo‘q. Tijoriylarda ishni uch odam eplayapti, ishlar rivoj¸ deydi manba.

UzGazOil shirkati shoxobchalarida benzinni kam quyish, rasmiy bahodan yuqori narxlarda chayqovchilarga sotish oddiy holga aylanib qolgani, buning oqibatida shirkatning daromad ko‘rsatkichlari ham pasayib ketgani xabar qilingan edi.

Aftidan, shirkat yuzaga kelgan vaziyatni anglab yetgan ko‘rinadi.

UzGazOil shirkati mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda tijoriy narxda benzin sotidigan shoxobchalarni ko‘paytirish rejalashtirilayotganini tasdiqladi, lekin bu haqda shundan ortiq izoh berolmasligini aytdi.

- Bizda davlat narxida benzin sotadigan yonilg‘i quyish shoxobchalari ham bor, tijoriy narxda sotadigani ham bor. Lekin qanchasi tijoriylashtiriladi, qanchasi qoladi, bu haqda men izoh berish vakolatiga ega emasman. Lekin ko‘pchiligi kommersiya benziniga o‘tadi, - dedi Ozodlik bog‘langan UzGazOil mulozimi.

O‘zbekistonda xalq orasidagi ommabop Ai-80 benzinining bir litrining davlat belgilagan narxi 2005 so‘mni tashkil etmoqda.

Xalq orasida "kommersiya benzini" deb ataluvchi benzinning narxi 3000 so‘m atrofidadir.

"O‘zneftmahsulot" mulozimlari Toshkentda sotilayotgan arzon benzinning ko‘p miqdorda viloyatlarga olib ketilayotgani va benzin chayqovchiligi manbayiga aylanayotganini aytishgandi.

Zeromax neft va gaz shirkati tarkibiga kirgan UzGazOil AYoQShlari 2005 yilda ishga tushirilgan.

Olti yil avval Zeromax kasodga uchrashi ortidan UzGazOil davlat tasarrufiga olindi.

Shundan so‘ng shirkatning daromad ko‘rsatkichlari keskin pasayib ketdi.

O‘zbekistonda benzin taqchilligi tez-tez kuzatila boshladi.

O‘zbekiston o‘z neft zaxiralariga ega bo‘lsa-da, mavjud tabiiy resurslari o‘z ichki ehtiyojini qondirish darajasida benzin ishlab chiqarishga imkon bermasligi aytiladi.

Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining benzinga bo‘lgan extiyojini qondirish uchun chetdan yiliga kamida 4 million tonnadan ortiq benzin sotib olishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

XS
SM
MD
LG