Линклар

O‘zbekiston va Rossiya muhojirlarning “Mehnat daftarchasi” masalasida kelisha olmayapti


Rossiyaning Voronej viloyatidagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari.

Rossiyaning Voronej viloyatidagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari.

Bu haqda Ozodlik radiosiga O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligidagi manba ma’lum qildi. Manbaning bildirishicha, ayni paytda Janubiy Koreya bilan mehnat muhojirlariga oid kelishuv muddati ikki yilga uzaytirildi, Yaponiya hamda Chexiya bilan o‘zbekistonliklarga rasman kvota ajratish masalasida muzokaralar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligidagi Ozodlik manbasi o‘z ovozini yozib olmaslik va ismini oshkor etmaslik sharti bilan bergan ma’lumotlarga ishonilsa, Toshkent rasmiylari Rossiya hukumat tuzilmalari bilan ikki yildan beri o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish shartnomasi masalasida muzokaralar olib bormoqda.

Manbaga ko‘ra, shartnomani imzolash mehnat muhojirlarining “Mehnat daftarchasi”ni qaysi davlat yuritishi kerak, degan printsipial savol yuzasidan tomonlar murosaga kela olmayotgani ortidan cho‘zilib ketmoqda.

“O‘zingiz bilasiz, Rossiyada millionlab o‘zbek muhojirlari mehnat qiladi. Ularning asosiy qismi “Mehnat daftarchasi”ga ega emas. Buning oqibatida muhojirlar turli ijtimoiy huquqlar, jumladan, mehnat staji bo‘yicha pensiya olishdan mahrum bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston o‘zbek mehnat muhojirlariga Rossiyada mehnat daftarchasi berilishi shartligini shartnomaga kiritishni taklif qilgan. Bu taklifni Rossiya tomoni qabul qilgan. Ammo “Mehnat daftarchasi” qaysi davlatda to‘ldirilishi va saqlanishi kerakligi masalasida tomonlar mana ikki yildirki, murosaga kela olmayapti”, dedi manba.

Ozodlik manbasining aytishicha, O‘zbekiston muhojirning mehnat daftarchasi O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi tuzilmalarda ro‘yxatga olinishi, to‘ldirilishi va saqlanishini taklif qilmoqda. Moskva esa Rossiya qonunchiligida “Mehnat daftarchasi”ni davlat emas, ish beruvchi to‘ldirishi shartligini aytib, bu taklifni qabul qilmayotir.

“Rossiyada ish beruvchi bu daftarchani to‘ldirishdan bosh tortishi mumkin. Chunki unga mehnat muhojiri qonuniy ishlaganidan ko‘ra, noqonuniy ishlagani foydaliroq. Bu holatda ish beruvchi turli soliqlarni kamroq to‘laydi, muhojirga ijtimoiy himoya to‘lovlarini to‘lamaydi. O‘zbekiston uchun esa bu xavfsizlik masalasi bilan ham bog‘liqdir. Chunki Rossiyaning istalgan shahridagi metrodan to‘ldirilgan “Mehnat daftarchasi”ni sotib olish mumkin. Masalan, o‘zbekistonlik muhojir Suriyaga borib, keyin Rossiyaga kelishi va u yerdan “Mehnat daftarchasi”ni sotib olib, go‘yoki Rossiyada ishlab kelgan kishi sifatida yurishi mumkin”, dedi vazirlikdagi manba.

Ayni paytda manba Janubiy Koreya, Chexiya va Yaponiya bilan o‘zbekistonliklarga rasman ishlashiga kvota ajratish masalasi ijobiy hal etilayotganini aytdi. Manbaga ko‘ra, Janubiy Koreya bilan bu borada 2007 yilda imzolangan shartnoma muddati yakunlangani munosabati bilan bir necha kun oldin Toshkentga Koreya Respublikasi mehnat vaziri kelgan. O‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng shartnoma muddati uzaytirilgan. Chexiya va Yaponiya bilan muzokaralar esa yaqin oylarda yakunlanishi kutilmoqda.

Manbaning bu ma’lumotini O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rasmiysi ham tasdiqladi.

-Mehnat muhojirlarini Koreyaga qonuniy ravishda ishga jo‘natish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Bu memorandumda kvota belgilanmagan. Memorandumning muddati yakunlangan edi, mana shu muddat ikki yilga uzaytirildi,- dedi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rasmiysi.

Hozirda Janubiy Koreya 16 mamlakat fuqarolarining o‘z hududida rasman ishlashiga kvota ajratib kelmoqda va bu davlatlardan biri O‘zbekistondir.

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligidagi manba bergan ma’lumotga qaraganda, 2007 yilda Janubiy Koreya bilan imzolangan shartnoma asosida O‘zbekistondan mazkur mamlakatga 22,5 ming odam ishlash uchun jo‘natilgan. 2016 yilning shu kunigacha bo‘lgan ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda Janubiy Koreyada 16,5 ming o‘zbekistonlik qonuniy asosda mehnat qilmoqda.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbek muhojirlarining soni ancha ko‘proq bo‘lishi mumkin. Sababi, Janubiy Koreyaga “Erkin yollash tizimi” deb ataluvchi dastur orqali ishga joylashayotganlarni ko‘pchiligi olti yillik muddat tugaganidan keyin ham noqonuniy asosda qolib, ishlashda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG