Линклар

O‘zbek militsiyasi aroq ichganni ham jarimaga tortishga o‘tdi


Shu kunlarda o‘zbek militsiyasining ko‘z-qulog‘i qatorida spirtli ichimlik ichganlarni ov qilish uchun burni ham hushyor bo‘lib qolgan.

Shu kunlarda o‘zbek militsiyasining ko‘z-qulog‘i qatorida spirtli ichimlik ichganlarni ov qilish uchun burni ham hushyor bo‘lib qolgan.

Davlat g‘aznasiga naqd pul tushirishni ko‘paytirish bosimi kuchaygan ayni kunlarda o‘zbek militsionerlari “belgilanmagan joyda spirtli ichimlik ichganlik”da ayblanayotgan fuqarolarni jarimaga tortishni yangi bosqichga chiqarmoqda. “Belgilanmagan joylar” ro‘yxatini tuzish har bir ichki ishlar xodimining o‘z erkida bo‘lgani bois¸ militsioner jarima undirishi mumkin hududlar ko‘lami ham kengaymoqda.

“Ichganlarga jarima solishayapti. Men bugun ozgina ichganim va kechasi soat 10 dan keyin harakatlanganim uchun 65 ming so‘m jarima to‘ladim. Men to‘rtta jo‘ram bilan ko‘chada emas¸ do‘konda ichib o‘tirgan edik¸ uchastka noziri kelib qishlog‘imizda joylashgan tayanch punktiga olib keldi. Qaysi qonunni buzganimizni tushunmadik. Bizni qandaydir qog‘ozga qo‘l qo‘ydirishga majburladi¸ lekin qanaqa qog‘ozligini tushuntirmadi ham. Keyin bilsak¸ men jarima to‘layman¸ degan qog‘ozga qo‘l qo‘yibmiz va 65 ming to‘latishdi.

Bu narsa o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi. O‘zi ish yo‘q¸ pul yo‘q. Cho‘ponman¸kechki 9 gacha odamlarning molini boqaman. Uyga kirib¸ choy-poy ichguncha¸ 10 bo‘ladi. Zerikish kuchli – televizor ko‘ray desang¸ svet yo‘q. Ko‘chaga chiqsang¸ 10 dan keyin chiqding deb¸ 65 ming jarima solsa! Bu qanaqa qonun¸ odamlarga oldin yaxshilab tushuntirmaydimi?”

Jizzaxdan kelgan bu shikoyat tafsilotini o‘rganish jarayonida militsiya nozirlari o‘zlarining bunday hatti-harakatini O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik Kodeksi bilan asoslayotgani ayon bo‘ldi.

Ozodlik bilan suhbatda Jizzax ichki ishlar tizimi xodimlaridan biri do‘konda aroq ichish ham Kodeksda ruxsat berilmagan jamoat joyi hisoblangani uchun¸ bundaylarni jarimaga tortish qonunga mos ekanini ta’kidladi:

- Jarimaga tortilganlar belgilanmagan joylarda¸ masalan¸ ko‘chalarda¸ biror chorrahada ichgan bo‘lishi mumkin. Do‘konda ham spirtli ichimlik ichish mumkin emas. Do‘kon sotish uchun belgilangan joy¸ ichishga emas. Do‘kondan aroq olib¸ uyiga yoki choyxonaga borib ichsin¸ hech kim indamaydi. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik Kodeksining 187-moddasida belgilanmagan joyda ichish mumkin emas deb ko‘rsatilgan. “Belgilanmagan” deganga¸ ko‘chalar¸ chorrahalar¸ umuman jamoat joylari kiradi¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan militsiya xodimi.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 187-moddasiga 2015 yil 29 dekabrida tahrir kiritilgan. Yangi tahrirdagi bu moddaga muvofiq:

Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish:

Ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, bundan to‘ylar, yubileylar hamda boshqa tantanalar va marosimlar o‘tkaziladigan joylar, shuningdek alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlari mustasno, —

eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.”

Bunday jazo olgan shaxs bir yil ichida yana militsiya qo‘liga tushsa¸ bu gal unga endi “eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solinadi yoki o‘n besh sutkagacha muddatgacha qamoqqa” tashlanadi.

Ozodlik bilan suhbatda ichki ishlar xodimi¸ kechqurun soat 10 dan keyin ko‘chaga chiqqan fuqarolarning jarimaga tortilishi haqidagi shikoyatga ham izoh berdi:

- 10 dan keyin ko‘chada yurish mumkin emas¸ degan qonun yo‘q. Lekin 10 dan keyin yurganlardan militsiya xodimlari nima maqsadda ko‘chada yurganini so‘raydi¸ hujjatini ko‘radi. “Bemaqsad ko‘chada yurmang”¸ deydi. Militsiya xodimlari bir og‘iz¸ “Uka¸ kech bo‘lganda qaerga ketayapsan?” deb so‘raydi. Ko‘p qilsa¸ familiyasini yozib oladi¸ “omon bo‘l”¸ deydi va qo‘yvoradi. Ketaveradi¸ bunga hech qanday jazo qo‘llanmaydi. Ichgan bo‘lsa¸ birov bilan janjallashmasin¸ deydi. Ichmasin¸ bemaqsad yurmasin¸ deydi. Ichib olib¸ birovni urib janjallashi mumkin axir¸ deydi Jizzax militsiyasi vakili.

Jizzaxlik huquq faoli Ziyodulla Razzoqov¸ militsiyaning jamoat tartibi va tinchlikni qo‘riqlash maqsadida qo‘llayotgan hatti-harakatlari¸ kuchaytirayotgan yangi choralari faqat bir narsaga – xalqni qo‘rquvda ushlashni yanada kuchaytirishga qaratilganini aytadi:

- Komendantlik soati joriy qilinmagan¸ ko‘cha-ko‘yda soat 10 dan keyin yurish mumkin emas¸ degan qonun chiqarilmagan bo‘lsa ham¸ 10 dan keyin yurganlarni uchastkaga olib borib¸ sen jamoat tartibini buzayapsan¸ qanaqadir oqimlarga qo‘shilayapsan¸ bu paytda ko‘chada yurish yo yig‘ilib gaplashish mumkin emas¸ deb minimal oylikning yarmi miqdorida jarimaga tortish ko‘paygan. Menga keyingi paytlarda kechqurun yurgani uchun tayanch punktlariga olib ketilgani¸ tonggacha ushlab o‘tirilib¸ keyin jarimaga tortilgani haqida murojaat qilayotganlar ko‘paydi. Bu jarayonda xalqning birlamchi dushmani mahalla¸ uning tepadagilarga josuslik qiluvchi faollari bo‘lib qoldi¸ deydi jizzaxlik huquq faoli.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ jamoat joyida spirtli ichimlik ichish¸ kechqurun soat 10 dan keyin hujjatsiz ko‘chaga chiqding¸ degan asosda odamlarni ushlash va jarimaga tortish boshqa viloyatlarda ham kuzatilmoqda.

Xususan¸ Farg‘ona tumanida keng qo‘llanilayotgan bunday amaliyot haqida Ozodlikka gapirgan farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev buni jamoat tartibini saqlash iddaosi bilan militsiya xodimlari qilayotgan navbatdagi jinoyat deb baholadi:

- Men aroq sotib olgani yoki ko‘chada pivo ichgani uchun¸ nos chekkani uchun 65 ming so‘mlik jarimaga tortilganlar bilan gaplashdim. Kim¸ qaerda¸ qanday oldi¸ deb so‘radim. Aytishlaricha¸ militsiya xodimlari jarimani naqd pulda olib¸ cho‘ntaklariga solgan. Bu jinoyat. Agar qonuniy asosda jarima solinsa¸ hujjat to‘ldiriladi va jarimani bankda to‘lash uchun kvitansiya beriladi. Bular unday qilmayapti¸ demak na jarimaga tortish¸ va na pulni naqd undirish qonuniy asosga ega emas¸ deydi farg‘onalik huquq faoli.

Ozodlik bilan suhbatda ichki ishlar tizimiga yaqin manba¸ naqd pul taqchilligi kuchayib¸ militsiya kabi maxsus kontingent tashkilotlari xodimlari oyligi ham plastikka o‘tkazilgach¸ militsiyadagilar o‘zlari uchun naqd pul keltiradigan yangi “kormushka” izlayotganini aytadi.

“Jamoat tartibi va tinchlikni saqlash uchun har qanday chora o‘zini oqlaydigan bo‘lib qolgan hozirgi sharoitda¸ Ma’muriy javobgarlik Kodeksining erkin talqini militsionerlarga istagan shaxsni istagan joyda jarimaga tortish vakolatini berib qo‘ydi. Ular shundan foydalanayapti”¸ deydi Ozodlikning bu tizimga yaqin manbasi.

XS
SM
MD
LG