Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:37

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarini to‘xtatmoqda


Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi ko‘p yillardan buyon Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi ziddiyat markazida turadi
Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi ko‘p yillardan buyon Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi ziddiyat markazida turadi

Ozarbayjon Qorabog‘da harbiy harakatlarni bir tomonlama tartibda to‘xtatmoqda. Bu haqda yakshanba kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida ta’kidlanishicha, agar armani tomonidan Ozarbayjon armiyasi va aholi maskanlariga o‘t ochilsa, Ozarbayjon qurolli kuchlari hududlarni ozod qilish va mamlakat hududiy yaxlitligini ta’minlash uchun harbiy yurishni davom ettiradi.

Avvalroq tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi Mudofaa vazirligi ozariy tomoni Moskva vaqti bilan soat ertalabki beshda taraflar tutash kelgan janubiy yo‘nalishda harbiy amaliyotni davom ettirayotganini bildirgan edi.

3 aprel kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, armani kuchlari bahsli Tog‘li Qorabog‘ mintaqasida uzoq muddatdan buyon amal qilib kelgan otashkesimni oxirgi 24 soat davomida 130 martadan ko‘proq buzganlar.

Bunday da’vo bahsli mintaqada zo‘ravonliklar o‘t olishidan bir kun o‘tib yangradi.

Ammo Armaniston kuchlari Ozarbayjonni tanklar, og‘ir artilleriya va qiruvchi vertolyotlar vositasida yirik hujum boshlaganlikda aybladi.

Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon ichkarisida joylashgan, ammo armanilar tomonidan nazorat etiladi.

Rasmiy Bokuning ma’lum qilishicha, Ozarbayjon qurolli kuchlari Kazax, Goranboy, Tartar, Ag‘dam, Xojavend va Fuzuliy rayonlariga o‘t ochilishiga javob qaytarmoqda.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligining aytishicha, ozariy kuchlari oltita armani tankini ishdan chiqarib, “strategik balandlik va joyni" ishg‘ol etganlar.

Ozarbayjon tomoniga ko‘ra, to‘qnashuvlarda 12 Ozarbayjon harbiysi halok bo‘lgan, Armaniston 100ga yaqin askarini yo‘qotgan.

Ammo Armaniston tomoni Ozarbayjonning qurbonlar haqidagi xabarini rad etdi.

2 aprel kuni Armaniston prezidenti Serj Sarksyan Ozarbayjon kuchlari mintaqada 18 nafar etnik armani askarini o‘ldirganini aytdi.

Тоғли Қорабоғда яна қон тўкилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:59 0:00

Ayni paytda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an idorasining 3 aprel kuni tarqatgan bayonotga ko‘ra, Erdo‘g‘an "Ozarbayjonni oxirigacha" qo‘llab quvvatlashini bildirgan.

Qo‘shma Shtatlar, Rossiya va YeXHT taraflarni janglarni to‘xtatishga chaqirgan.

YeXHTning Minsk Guruhi raisdoshlari 4 aprel kuni Venada uchrashib zo‘ravonliklarni muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida 1988 yil boshlangan Tog‘li Qorabog‘ uchun qarama-qarshilikda hozirga qadar bir necha bor qonli to‘qnashuvlar yuz bergan.

Biroq shanba kuni boshlanib ketgan to‘qnashuvni har ikkala tomon ham oxirgi o‘n yillardagi zo‘ravonliklarning eng halokatlisi, deya baholashmoqda.

Armanlar ko‘pchilikni tashkil qilgan Qorabog‘ mojarosi 1988 yil fevral oyida kuchayib, Ozarbayjon tarkibidan chiqishni talab qilib keladi.

1991 yilda Mustaqil Tog‘li Qorabog‘ respublikasi tuzilgani e’lon qilindi va shundan keyin boshlanib ketgan qonli voqealar 1994 yilgacha davom etdi.

Hozirda Tog‘li Qorabog‘ va Ozarbayjonning etti tumani Qorabog‘ armanlari nazoratida qolmoqda.

Ozarbayjon hukumati Qorabog‘ni kuch bilan qaytarib olishga urinishlari hozirga qadar besamar ketdi.

Tog‘li-Qorabog‘ ayni paytda Bokudan mustaqillikni saqlab qolgan bo‘lsada, xalqaro miqyosda tan olinmagan.

1994 yilda tomonlar orasida oteshkesimga erishilgan esa-da, chegaradagi harbiylar o‘rtasida to‘qnashuvlar tez-tez sodir bo‘ladi.

Otishmalarda tomonlar doimo bir-birlarini ayblab kelishadi.

XS
SM
MD
LG