Линклар

Panamada joylashgan Mossack Fonseca yuridik shirkatidan sizdirilgan hujjatlarga ko‘ra, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Alievning oilasi maxfiy offshor shirkatlariga egalik qiladi.

3 aprel kuni jurnalistlar xalqaro konsorsiumi Mossack Fonseca so‘nggi 40 yil davomida tayyorlagan 214 mingga yaqin hujjat bo‘yicha dastlabki hisobotini e’lon qildi.

Hujjatlarda yozilishicha, Alievning turmush o‘rtog‘i Mehribon Alieva 2015 yil Panamada joylashgan offshor shirkatning yetakchilaridan biri o‘laroq ko‘rsatilgan. Bu shirkat o‘z navbatida AtaHolding konglomeratini boshqargan.

Yana bir hujjatda Alievning uch farzandi hamda yuqori lavozimli soliq xizmati xodimlari benefitsiar, ya’ni tushgan foydani oluvchi shaxslar o‘laroq ko‘rsatilgan. Lekin bu taklif rasman qabul olingani yoki yo‘qligi noma’lum.

Bundan tashqari, Alievning ikki qizi Ozarbayjon oltin konlarini boshqaruvchi shirkatlar guruhi aksiyalariga egalik qiluvchi Panama shirkatini boshqargan.

Hujjatlarda prezidentning opasi 2005 yil Britaniya Virgin orollarida ochilgan shirkatning yagona egasi ekanligi aytilgan. Londonning badavlat qismida joylashgan uy uning manzili sifatida ko‘rsatilgan.

Bir yil avval prezident Aliev va uning yaqinlariga tegishli offshorlarning Ozarbayjon byudjetiga soliq to‘lamagani haqida xabar qilingan edi. O‘shanda Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq qilish markazi (OCCRP) Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev hamda uning oila a’zolari boshqaruvidagi shirkatlar mamlakat byudjetiga 600 million dollar kam pul to‘lagani aytilgan edi.

XS
SM
MD
LG