Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:26

O‘zbekiston Turkmanistondan kambag‘alroq, Tojikistondan boyroq


AQShning Global Finance Magazine nashri “Dunyoning boy davlatlari” reytingida 185 davlat ichidan O‘zbekistonni 127 - o‘rinda qayd etdi. Reyting Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlari asosida tuzilgan bo‘lib, unda aholining xarid quvvati, farovonlik darajasi va mamlakatdagi inflyatsiya ko‘rsatkichi hisobga olingan.

Yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga 5 963 dollardan to‘g‘ri keladigan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida reytingdagi 50-o‘rninni egallagan Qozog‘iston, 77-o‘rinda qayd etilgan Turkmanistondan keyin uchinchi o‘ringa qo‘yilgan. Reytingda 142-o‘rindagi Qirg‘iziston farovonlik bo‘yicha mintaqada to‘rtinchi, 153-o‘rindagi Tojikiston beshinchi o‘rinda turadi.

Aytib o‘tish lozimki, joriy yilda 127-o‘ringa qo‘yilgan O‘zbekiston, boy davlatlar reytingida 2011 yilda 130-o‘rinda edi. Besh yil davomida O‘zbekiston bu reytingda uch pog‘ona ko‘tarilishga erishgan.

Reytingdagi ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, 15 ta postsovet davlati orasida O‘zbekiston 11-o‘rinda ekani ayon bo‘ladi. Postsovet davlatlari orasida eng boy mamlakatlar reytingda 42 - va 43-o‘rinda qayd etilgan Litva va Estoniyadir. Litvada yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga 28 245 dollardan, Estoniyada 27 729 dollardan to‘g‘ri keladi. Postsovet davlatlari o‘rtasida Qozog‘iston uchinchi, Rossiya to‘rtinchi, Latviya beshinchi o‘rinni egallagan. O‘zbekiston Ozarbayjon, Belarusь, Turkmaniston, Ukraina va Armanistondan keyingi 11- o‘rinda turadi.

Dunyoning eng boy davlati sifatida 1-o‘ringa Qatar qo‘yilgan. Qatarda yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga 146 ming dollardan to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinda 94 ming 167 dollar bilan Lyuksemburg, uchinchi o‘rinda 84 ming 821 dollar bilan Singapur qayd etilgan. Dunyoning eng boy davlatlari o‘nligida Bruney, Quvayt, Norvegiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Gonkong va AQSh ham tilga olingan.

Qizig‘i shundaki, O‘zbekistonning ayrim sohalar bo‘yicha xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichi avvalgi yillarga nisbatan o‘sish o‘rniga, pasayib ketayotgani kuzatiladi.

Sidneydagi Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan har yili e’lon qilib boriladigan Global Peace Index (Jahon tinchliksevarlik ko‘rsatkichi) da O‘zbekiston 2015 yilda dunyodagi 162 mamlakat orasida 113-o‘rinni egallagan. 2014 yilda O‘zbekiston bu reytingda 104-o‘rinda edi.

Avstraliya va AQSh ilmiy markazlari ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan Global tinchliksevarlik indeksi 20 dan ziyod omilga asoslanib tuziladi. Unda ichki va u yoki bu mamlakat aralashgan xalqaro mojarolarning mavjudligi va ularning ko‘lami, bir mamlakat ichidagi barqarorlik va xavfsizlik darajasi, davlat militarizatsiyasi – harbiy byudjet miqdori, har 100 ming aholiga harbiy xizmatchilar, mahbuslar soni, siyosiy terror, terrorchilik xurujlari va boshqa omillar e’tiborga olinadi.

O‘zbekiston 2015 yilgi Qonun ustivorligi jahon reytingida ham 2014 yilda egallagan 73- o‘rindan 81- o‘ringa tushib qolgan.

World Justice Project xalqaro nodavlat tashkiloti o‘tkazgan tadqiqotda jahonning 102 ta mamlakati hokimiyat institutlari vakolatlarining cheklanganligi, korrupsiyaning yo‘qligi, tartib va xavfsizlikning ta’minlangani, asosiy huquqlar himoyalangani, hokimiyat institutlarining shaffofligi, qonunlarga rioya qilinishi, fuqarolik sudlari va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar kabi 8 ko‘rsatkich baholangan.

Bu reytingning 81- pog‘onasini egallagan O‘zbekiston ba’zi qo‘shnilari va hamkorlaridan ortda qolgan: Qozog‘iston 65-, Moldova 69-, Ukraina 70-, Xitoy 71-, Qirg‘iziston 74- va Rossiya 75-o‘rinda.

O‘tgan yili O‘zbekiston ijtimoiy rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha 133 mamlakat orasida 90-o‘rinni egallagan. Deloitte auditor firmasi tomonidan tayyorlangan Social Progress Imperative nomli reytingga ko‘ra, O‘zbekiston 2015 yilda 100 ballik tizimda 59,71 ball olib, dunyo bo‘ylab o‘rtacha ko‘rsatikchdan pastroq natija ko‘rsatgan.

Ayni paytda O‘zbekiston to‘g‘ri ovqatlanish va birlamchi tibbiy yordam sohalarida eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan. Ta’lim sohasida ham nisbatan yaxshi ko‘rsatikchlar namoyish qilgan. Lekin hisobotda O‘zbekiston ekologik barqarorlikda ortda qolgani xulosa qilingan.

XS
SM
MD
LG