Линклар

Panama Leaks: Jahon hukmdor va boylarining 40 yillik qing‘ir ishlari fosh bo‘ldi


Mossack Fonseca advokatlik shirkatining Panama shahridagi bosh idorasi.

Mossack Fonseca advokatlik shirkatining Panama shahridagi bosh idorasi.

Noma’lum manba G‘arb jurnalistlariga Panamadagi Mossack Fonseca advokatlik shirkatining 40 yillik maxfiy hujjatlarini sizdirdi. 11 million hujjatdan jahon davlatlari rahbarlari va boylarning manbasi shubhali milliardlab dollarni qanday qilib soliq va jamoatchilikdan bekitgani aën bo‘ladi. Fosh bo‘lganlar orasida Rossiya¸ Qozog‘iston¸ Ozarbayjon va Ukraina prezidentlaridan Saudiya qiroli futbol yulduzi Leo Messigacha bor. Hozirda surishtiruv jurnalistlari tomonidan sinchkovlik bilan tahlil etilaëtgan nihoyatda katta hajmdagi hujjatlarning prezident va vazirlardan tortib pulini soliqdan bekitgan G‘arb yulduzlarigacha jiddiy siyosiy va moliyaviy zarba bo‘lishi kutilmoqda.

40 yillik ishning qiyrig‘i chiqdi

Panamadagi Mossack Fonseca advokatlik shirkati 40 yildan beri boy mijozlarga offshor hududlarda shirkat va bank hisoblari ochib berish bilan shug‘ullanadi. Dunyodagi davlat va hukumat rahbarlaridan to xususiy boylarga qadar xizmat ko‘rsatib kelaëtgan bu shirkat faoliyati hozirga qadar biror marta na jinoiy va na ma’muriy tekshiruv ob’ekti bo‘lgan emas.

Ammo o‘ta sirli bu shirkat ma’lumotlar bazasida saqlanayotgan 210 ming nomdagi offshor kompaniyasiga oid 11 million dona sizdirilgan hujjatdan Mossack Fonsecaning asosan noqonuniy pullarni yuvish kabi xalqaro jinoyat bilan shug‘ullangani oshkor bo‘ldi.

Yakshanba kuni ma’lum bo‘lishicha¸ Mossack Fonseca hujjatlari avvaliga Germaniyadagi nufuzli Suddeutsche Zeitung gazetasiga taqdim etilgan. Bu gazeta tahririyati so‘ngra sizdirilgan hujjatlarni Surishtiruv jurnalistlari xalqaro konsortsiumiga a’zo 72 davlatdagi 107 nashr bilan baham ko‘rishga qaror qilgan.

Kim tomonidan sizdirilgani ochiqlanmayotgan ushbu hujjatlardan dunyoning amaldagi va sobiq 72 davlati rahbari¸ umumiyatla 140 nafar siyosatchiga aloqador boyliklarning qanday bekitilganiga oid ma’lumotlar mavjud.

Pul yuvish va soliqdan qochish amaliëtining kundalik qadamlari aks etuvchi bu hujjatlar¸ mutaxassislar ta’kidicha¸ offshor dunyosiga hozirga qadar berilgan eng katta zarbadir.

Putin va uning komandasi

Fosh etilgan hujjatlarning bir qismi Rossiya prezidenti Putinning bolalik do‘sti¸ peterburglik violonchel cholg‘uchisi Segey Roldugin nomi bilan ochilgan offshor tarmoqlariga oiddir.

Aytilishicha¸ sizdirilgan hujjatlar Putinning qizi Mariyaning cho‘qintirgan otasi bo‘lgan Roldugin Panama shirkati xizmatidan 100 million dollarni yuvishda foydalangan.

Hujjatlarga ko‘ra¸ Rossiya telereklama bozoridagi aksiyalarning 12¸5 foiziga egalik qiluvchi Roldugin Rossiya banki aksiyalarining 3.2 foizi egasi hamdir.

Putinning yana bir eski do‘sti Yuriy Kovalchuk tomonidan nazorat qilinadigan Rossiya banki esa 2014 yilda Kreml Qrimni anneksiya qilgani ortidan G‘arb sanksiyalariga uchragan shirkatlar ro‘yxatida.

Panama shirkatining sizdirilgan hujjatlaridan Kovalchuk va uning banki Qibrisdagi Sandalwood ofshor kompaniyasi orqali davlat nazoratidagi bankdan 1 milliard dollar olgani anglashiladi. Bu pul esa¸ ko‘p o‘tmay Rossiyada yuqori foiz stavkalari bilan qarz sifatida berilgan va olingan daromad Shveytsariya banklariga borib o‘rinlashgan.

Hujjatlardan ayon bo‘lishicha¸ Qibrisdagi Sandalwood shirkati ayni paytda Putinning qizi Katerina to‘yini o‘tkazgan Sankt-Peterburgdagi tog‘ chang‘isi kurortiga moliyaviy jihatdan aloqadordir.

Sizdirilgan hujjatlardan bir qator yuqori darajali Rossiya rasmiylarining Mossack Fonseca advokatlik shirkati yordami bilan o‘z oila a’zolariga nomiga ochilgan offshor kompaniyalar orqali manbasi shubhali pullarni soliqdan yashirgani va yuvgani ko‘riladi.

Bu rasmiylar orasida Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov (xotini orqali)¸ Iqtisodiy taraqqiët vaziri Aleksey Ulukaev (o‘g‘li orqali) Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev (jiyani orqali) kabi Putin komandasining sadoqatli a’zolari bor.

XS
SM
MD
LG