Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:52

Andijonda 200-500 dollardan pora olgan ta’lim xodimlari ushlandi


So‘nggi ikki hafta ichida Andijon shahar Xalq ta’limi boshqarmasi rahbari va Andijon politexnika kasb-hunar kolleji direktori pora bilan qo‘lga olindi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, boshqarma boshlig‘i 500 AQSh dollari miqdorida, kollej direktori esa 200 AQSh dollari miqdoridagi pora olishda ayblanmoqda. Andijonlik manbalar keyingi paytda viloyatda katta-kichik miqdorda pul olayotgan poraxo‘r rahbarlar ovi kuchayib qolganini aytmoqdalar.

Ikkita rahbar ayol pora bilan ushlandi

Andijon shahridagi manba Navro‘z bayramidan buyon shaharda uch amaldor naqd pora olayotgan kezda qo‘lga olinganini xabar qilmoqda.

Manbaga ko‘ra, bulardan biri Xalq ta’limi shahar boshqarmasi rahbari M.M.dir:

"Bu ayolning 40-45 yoshlar atrofidagi yordamchisi bo‘lardi, Sh. degan yigit. Ayol yillar davomida porani mana shu yigit qo‘li bilan olgan ekan, oxirgi marta 500 AQSh dollarini olayotgan paytda MXX ushlagan bu yigitni. Hozir yigit hibsda, u ayol ochiqda, ammo uning ustidan ham "pora olish-berishga aloqadorlik" aybi qo‘yilgan", dedi andijonlik manba Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Unga ko‘ra, Andijon politexnika kasb-hunar kolleji rahbarining ham bir necha kun muqaddam 200 AQSh dollari miqdoridagi pora bilan qo‘lga olingan:

"Navro‘zdan keyinoq Andijon shaxar, Muqimiy ko‘chasi 14-uydagi Politexnika kolleji direktori ishga qabul qilishda 200$ pora olishda qo‘lga olindi", deb yozdi andijonlik manba.

Rahbarlar ishiga tiklanmaydi

Ozodlik har ikki mulozim - Xalq ta’limi shahar boshqarmasi rahbari M.M. va Andijon politexnika kasb-hunar kolleji direktori bo‘lgan D.Yu.ning ishdan olinganini tasdiqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Andijon shahar hokimligidagi xodimning tasdiqlashicha, shahar Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan M.M. o‘z arizasiga binoan ishdan bo‘shagan:

"O‘zi ariza yozib, ishdan ketdi. Endi boshqa ishga o‘tsa kerak. Hozir qaerda ekanini ham hech kim bilmaydi. Shunaqa pora ishlari bo‘ldi, deb eshitdik. Yordamchisi ham yo‘q ishda, ishdan olingan", dedi ismini ochiqlamagan xodim.

Ozodlik boshqarma bilan bog‘landi va ayni paytda M.M.ning o‘rnida yangi rahbar ishlayotgani, sobiq rahbar ishdan o‘z ixtiyori bilan bo‘shagani rasman tasdiqlandi.

Andijon viloyati Kollejlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi ham Politexnika kasb-hunar kolleji direktori pora mojarolari ortidan ishdan olinganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, D.Yu. O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim boshqarmasi qarori bilan ishdan olingan va bu sohada boshqa ​ishga tiklanmaydi.

Andijonda poraxo‘r mulozimlar ushlanmoqda

Bular Andijon viloyatida pora bilan ishdan olingan qator mulozimlardan ikkisi ekani aytilmoqda.

Ozodlik bilan ismi-familiyasini sir saqlab gaplashgan manba so‘nggi oylar ichida Andijon shahar pasport stolida ishlaydigan bir mulozimning 100 AQSh dollari, prokuraturada ishlaydigan yana bir mulozimning 600 AQSh dollari miqdoridagi pora bilan qo‘lga olinganidan xabardorligini iddao qilmoqda:

"Shu MXX tuzilmasiga ham yangi odamlar kelib qoldi ikki yildan beri. Shunaqa korrupsioner rahbarlarni ishdan olishayapti. Aslida hamma korrupsioner, lekin MXX ma’lumotlarni sekin o‘rganib, bitta-ikkitadan ishdan olayapti. Ikkinchi yil ketayapti, MXX rahbari almashgan. Yangi kelganda 2 yilcha shunaqa yaxshi ishlashadi, keyin o‘zgarishadi".

Pora miqdori kichik, ammo doimiy

Katta-kichik lavozimlarda ishlayotgan amaldorlarning pora bilan hibsga olinishi keyingi paytlarda O‘zbekistonda tez-tez kuzatilmoqda.

Kuzatuvlarga ko‘ra, keyingi yillarda aksariyat mulozimlar olayotgan pora miqdori biroz kichiklashgan, ammo muntazam daromad manbaiga aylangan.

"Andijonda hozir istalgan tashkilotga ishga kirishi pulli. Kollejni bitirganlar 150 dollargacha, Bakalavr bosqichini tugatib kelganlar 200 dollargacha pora bersa, ishga olinadi. Tibbiyotni bitirganlar ko‘proq - 600 dollargacha pora bersa, kasalxonada hamshira bo‘lib ishga olinadi. Stavkalar shunaqa. Bu qo‘lga olingan rahbarlar shunaqa poralarni olishda ushlangan-da", deb iddao qildi vaziyatni sharhlagan andijonlik manba.

Poraxo‘rlar ovi respublika bo‘ylab bormoqda

Keyingi paytda O‘zbekiston rasmiy matbuoti, ayniqsa, "Huquq" gazetasi pora bilan qo‘lga olingan davlat amaldorlari, turli tashkilot va korxona xodimlari haqida tez-tez xabar qilmoqda.

Rasmiy xabarlar mazmunidan, ushlanayotgan poraxo‘rlarning aksariyati ta’lim, tibbiyot, IIV va soliq tizimida ishlayotgan xodimlar, asosan, kichik darajadagi mulozimlardir.

Jumladan, Andijonda poraxo‘rlar ushlanganiga oid xabar matbuotga oshkor bo‘lgan bir paytda O‘zbekistondagi nashrlar poraxo‘rlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik soliq inspeksiyasi xodimi 36 yashar Qahramon Tursunov, hatto, Boshqirdistondan ushlab kelinganini xabar qildi.

25 mart kuni “Huquq” gazetasi Jizzaxdagi “Ko‘k bozor” hududida tekshiruv o‘tkazgach, qonunbuzarlikni ro‘kach qilib, mahalliy tadbirkordan 3 million 500 ming so‘m pora talab qilgan shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimi Akmal Bozorov pora bilan qo‘lga olinganini xabar qildi.

Ayni gazeta 18 mart kuni bergan xabarga ko‘ra, Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani davlat soliq idorasi tekshiruvlar sho‘’basi boshlig‘i Shavkat Kamolov 1100 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda ushlangan, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Yana ayni gazetada 3 mart kuni berilgan xabarga ko‘ra, Buxoro viloyati Qorako‘l tumani tibbiyot kolleji direktori lavozimida ishlagan ayol imtihon mavsumida jami 32 ming AQSh dollari miqdorida pora olgani aniqlangan.

Biroz muqaddam UZINFORM agentligi Namanganda bolalarni pora evaziga tibbiyot kollejiga kiritib qo‘yishni va’da qilgan Erkin Jalolov ushlanib, sudga tortilganini xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG