Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:30

Tojikistonda isyonchi general Nazarzodaning jiyani qamaldi


Sobiq mudofaa vaziri Abduhalim Nazarzoda.
Sobiq mudofaa vaziri Abduhalim Nazarzoda.

Dushanbe shahar sudi 4 aprelь kuni sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Abduhalim Nazarzodaning jiyani Alisher Nazarovni 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. 2015 yil sentyabridagi voqeadan keyinoq Tojikistonni tark etgan Nazarov to‘rt muqaddam Rossiyada qo‘lga olinib, Dushanbega olib kelingandi.

Sentyabrь isyonida asosiy aybdor o‘laroq ko‘rilgan general Abduhalim Nazarzodaning jiyani – 28 yoshli Alisher Nazarov 3,5 yilga qamalgani haqida Ozodlikning tojik xizmatiga Tojikiston kuch ishlatar tuzilmalarida ishlaydigan manba ma’lum qilgan. U jinoyat haqida kerakli idoralarni xabar qilmaganlikda ayblangan.

Alisherning otasi Abdurahim Nazarov, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2015 yil 15 sentyabrida otishma chog‘ida o‘ldirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Nazarov sentyabr voqealarigacha Dushanbe xalqaro aeroportida ishlagan, ammo amakisi boshchilik qilgani aytilayotgan isyondan keyinoq Rossiyaga chiqib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yil 4 sentyabrida Dushanbe va Vahdat shaharlaridagi ikki hujum natijasida Tojikiston ichki ishlar idoralarining 9 xodimi o‘ldirilgandi. Tojik rasmiylari bu hujumlar uchun mas’uliyatni o‘sha paytgacha mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan Abduhalim Nazarzoda zimmasiga yuklagan.

Hujumdan keyin o‘tkazilgan aksilterror amaliyoti chog‘ida kuch ishlatar idoralarning 17 nafar xodimi hamda Nazarzoda guruhining 25 nafar a’zosi halok bo‘lgan, generalning yana 200 nafar tarafdori qo‘lga olingan.

Hoji Halim laqabi bilan tanilgan general Nazarzoda o‘tgan yilning 16 sentyabr kuni o‘tkazilgan amaliyotda o‘ldirilgan. Keyinroq tojik rasmiylari sobiq mudofaa vaziri mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi va xorijiy davlatlar ko‘magida davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringanini iddao qilib chiqdilar.

Bu voqealardan so‘ng mazkur partiyaga a’zo bo‘lgan o‘nlab muxolifatchi qo‘lga olindi, partiya rahbari Muhiddin Kabiriy esa o‘tgan yil martida parlament saylovi natijalari e’lon qilinganidan keyin Tojikistonni tark etgan va o‘shandan buyon xorijda yuribdi. Kabiriy tojik rasmiylari tomonidan o‘ziga va tarafdorlariga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad etgan.

Ozodlik manbasi 4 aprel kuni ustidan sud hukmi o‘qilgan Alisher Nazarov amakisi bilan hamkorlik qilganlikda ayblanganini aytadi. To‘rt oy muqaddam Rossiyada qo‘lga olingan va Dushanbega olib kelingan Alisher Tojikiston Jinoyat kodeksining 347-moddasi (Jinoyat haqida xabar qilmaganlik yoki uni yashirganlik) bo‘yicha aybdor, deb topilgan.

Alisher Nazarov qamalganini tasdiqlagan yaqinlari bu borada biror izoh berishdan tiyildilar.

Dushanba kuni sud general Nazarzodaga tegishli qurolni yashirganlikda ayblangan dushanbelik aka-uka Mukkomilovlar ustidan ham hukm o‘qidi. Sadriddin, Najmiddin va Muborak Mukkomilovlar o‘zlariga qo‘yilayotgan ayblov bo‘yicha aybdor deb topilib, 1,5 yildan 6,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinganlar.

Aka-ukalarning yaqinlari Ozodlikka sud hukmiga nisbatan e’tirozlari yo‘qligini, chiqarilgan hukm bo‘yicha shikoyat arizasi kiritmasliklarini bildirdilar.

Avvalroq Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Mukkomilovlar oilasidan 5 aka-uka qidiruvda bo‘lgani, ulardan 3 nafari qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.

2015 yil oktyabr oyi boshida tojik militsiyasi ikki to‘pponcha va 20 ta o‘q saqlaganlikda ayblangan 3 nafar dushanbelikni ushlagandi. Qo‘lga olinganlar qurolni Mukkomilovlardan sotib olganlarini e’tirof etganlar.

O‘sha paytda tergov ishlari bilan yaqindan tanish bo‘lgan manba Ozodlikning tojik xizmatiga musodara qilingan to‘pponchalar Abduhalim Nazarzodaga tegishli bo‘lgani, qurollardan biri esa Mudofaa vazirligi tomonidan berilganini ma’lum qilgandi.

XS
SM
MD
LG