Линклар

Qirg‘iziston Bosh vaziri 4 mart kuni Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga tegishli to‘rt pansionatni 80 gektar yeri bilan Bishkek ixtiyoriga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Mazkur pansionatlar Sovet Ittifoqi paytida O‘zbekistondagi turli davlat tashkilotlari va korxonalar hisobidan bunyod etilgan edi.

Qirg‘iziston o‘zbek pansionatlari uchun Toshkentga haq to‘lashi yoki to‘lamasligi noma’lum

Qirg‘iziston hukumatining matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 4 aprel kuni Bosh vazir Temir Sariev Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga qarashli bo‘lgan “Rohat”, Dilorom”, “Oltin qum” va “Bo‘ston” pansionatlarini Qirg‘izistonga qaytarib olish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan.

Mazkur pansionatlar Sovet Ittifoqi paytida O‘zbekistondagi turli davlat tashkilotlari va korxonalar hisobidan bunyod etilgan, mustaqillikdan so‘ng esa ularning maqomi noaniq bo‘lib qolayotgan edi.

O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan “Oltin qum” pansionati hozirda Toshkent mexanika zavodi, deb atalyotgan sobiq Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi tomonidan 1972 yilda barpo etilgan. Mexanika zavodi rasmiysi Nikolay Kolodov qirg‘iz hukumatining bu qarori hozirda zavod rahbariyati tomonidan o‘rganilayotganini aytdi:

- Bu ish bilan hozir tegishli organlar shug‘ullanayapti. Men bu qaror haqida eshitdim. Lekin hozircha biron narsa deya olmayman. Qirg‘iziston hukumatining qarori munosabati bilan pansionatning direktori Toshkentga chaqirtirilgan. Hozir bu qaror tegishli davlat organlari tomonidan o‘rganilib, muhokama qilinayapti. Ammo bir narsani aytish lozimki, bu pansionat zavodimiz hisobidan qurilgan edi, bu yerda juda ko‘p ishchilarimiz dam olar edi, - dedi Nikolay Kolodov.

Qirg‘iz hukumati qarorida qayd etilgan pansionatlardan yana biri “Rohat” bo‘lib, mazkur pansionat O‘zbekiston milliy bankiga tegishlidir. Milliy bankning o‘z nomini aytishimizni va ovozini yozib olishimizni istamagan rasmiysi ayni paytda bank rahbariyati qirg‘iz hukumati qaroridan xabardor ekani, biroq hozircha Bishkekdan bu masalada rasmiy bildiruv kelmaganini aytdi. Milliy bank rasmiysi Qirg‘izg‘iston tomoni O‘zbekiston mablag‘i hisobiga qurilgan pansionatlar uchun qirg‘iz tomoni haq to‘lashi yoki to‘lamasligi ham noma’lum bo‘lib qolayotganini aytdi.

Qirg‘iziston hukumati esa O‘zbekiston bilan 1994 yilda imzolangan “Ikki davlat o‘rtasidagi hususiy mulk huquqini muvofiqlashtirish shartnomasi” hamda Qirg‘iziston parlamentining 1992 yildagi Issiqko‘lda MDH mamlakatlariga tegishli bo‘lgan pansionatlarni Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga asosan pansionatlar Bishkek balansiga o‘tkazilayotganini bildirmoqda.

Issiqko‘ldagi O‘zbekiston pansionatlarida asosan qozoqlar va ruslar dam oladi

Biroq “Rohat”, Dilorom”, “Oltin qum” va “Bo‘ston” pansionatlarining bugungi kundagi bozor narxi bir necha o‘n million dollarni tashkil qiladi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonga tegishli pansionatlar rasmiylari pansionatlarni Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazish masalasi ikki davlat o‘rtasida moliyaviy muammoni keltirib chiqaradi va bu jarayon juda uzoq davom etadi, degan fikrda.

- Masalan, bizning pansionatimizning balans qiymati juda katta. Bozor narxida 6 million dollarga baholangan. Qirg‘iziston pansionatlarni o‘z ixtiyoriga o‘tkazish bo‘yicha bir tomonlama qaror qabul qilayapti. Bu esa O‘zbekiston bilan munosabatlarni yanada sovuqlashuviga va qo‘shimcha muammolar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu masalani O‘zbekiston bilan hamkorlikda, maslahatlashib va muzokaralar o‘tkazish orqali hal qilish kerak edi. Men Toshkentdagilar pansionatlarni bitta qaror chiqqani uchungina berib qo‘yadi, deb hisoblamayman. Bu jarayon juda uzoqqa cho‘ziladi, - dedi Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga qarashli pansionatlardan birining o‘z ismini aytishimizni istamagan menedjeri.

Uning aytishicha, mazkur pansionatlarda ishlovchilarning 20-30 foizi O‘zbekiston, qolganlari esa Qirg‘iziston fuqarolaridir. O‘zbekistonga tegishli pansionatlarning asosiy mehmonlari qozog‘istonliklar va rossiyaliklar hisoblanadi. Menedjerning aytishicha, pansionatdagi narxlar juda qimmat bo‘lgani uchun ham, bu yerda dam oluvchi o‘zbekistonliklar soni umumiy dam oluvchilarning 15 foizidan ortmaydi.

O‘zbekistonlik uchun Issiqko‘ldagi o‘zbek pansionatida dam olish o‘rtacha 1000 dollarga tushadi

Toshkentdagi sayyohlik shirkatlaridan biri Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga tegishli pansionatlarga dam oluvchilarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Shirkat menedjerlaridan birining aytishicha, Issiqko‘ldagi O‘zbekiston pansionatlarida yil sayin bir necha ming o‘zbekistonlik dam olib qaytar edi. Ikki kishining bu pansionatlarda 10 kunlik dam olishi o‘rta hisobda 1000 dollar atrofida bo‘lar edi.

- Kattalar uchun samolyotda borish-kelish bileti 1 million 200 ming so‘mni tashkil qiladi. Bishkekdan Issiqko‘lgacha yetib olish uchun yana 60-70 dollar sarflanadi.Ikki kishilik nomer bir kuniga 88 dollar turadi. O‘n kunga bo‘lsa 880 dollar bo‘ladi. Uch mahal ovqatlanish ham mana shu pulning ichida, - dedi sayyohlik shirkati menedjeri.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Bishkek hukumatining qarori Issiqko‘ldagi pansionatlar bilan ishlayotgan sayyohlik shirkatlarini ham tashvishga solib qo‘ygan. Biroq mazkur pansionatlar rahbariyati bilan o‘tkazilgan telefon suhbatlaridan so‘ng, pansionatlar odatdagiday ishlayotgani, ularni O‘zbekiston balansidan Qirg‘iziston balansiga o‘tkazish jarayoni bir necha yillarga cho‘zilishi ayon bo‘lgan va Issiqko‘lga putyovkalarni sotishni to‘xtatmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Ayrim kuzatuvchilar Qirg‘iziston hukumati O‘zbekiston harbiylarining o‘zbek-qirg‘iz chegarasida mart oyi so‘nggidagi harakatlariga javob o‘laroq ushbu pansionatlarni qaytarib olayotganini aytmoqda.

18 mart kuni O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan bahsli bo‘lib turgan Chalasart hududiga harbiy texnika va askar kiritgan, bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning o‘ta keskinlashuviga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG