Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:39

Stiv Jobsning Sovet Ittifoqida boshdan kechirganlari


1985 yilning yozida AQShning Moskvadagi elchixonasida yosh savdo attashesi Apple shirkatining ikki vakili bilan uchrashgan. Mayk Merin ularning biri yoshi kattaroq, ikkinchisi esa novcha, bir oz sabrsiz yigit bo‘lganini eslaydi. Merin Ozodlikka mazkur uchrashuv haqidagi xotiralarini so‘zlab berdi.

Mayk Merinning aytishicha, yoshi katta odam o‘zini shirkatning yuridik maslahatchisi o‘laroq tanishtirigan.

Ikkinchisining vizitkasida esa lavozimi ko‘rsatilmagan bo‘lgan. Shuning uchun Merin ikkinchi suhbatdoshiga avvaliga e’tibor bermagan.

Mehmonlar Meringa Sovet Itifoqida Apple kompyuterlarini ishlab chiqarish rejalari haqida so‘zlab berishgan. Merin esa AQShning Sovuq urush davridan raqibi bo‘lib qolgan SSSR qo‘liga murakkab texnologiyalar tushishini oldini olishga qaratilgan ko‘rsatmalar sabab bunday qilishning iloji yo‘qligini aytgan.

Bu gap novcha yigitga ma’qul kelmagan.

Merin yosh yigit o‘rnidan turib, unga baqira boshlaganini, “Kimsiz siz? Oddiy rasmiyatchisiz. Nima qilayotganingizni bilmaysiz!” deganini eslaydi. O‘shanda Al Eyzenshtat – Merinning yoshi katta suhbatdoshi – o‘zining yosh hamkasbini tinchlantirgan.

Apple shirkatining 40 yoshga to‘lishi arafisida so‘zlagan Merin bu hodisani yuzida tabassum bilan esladi. Merin o‘sha kuni kech ikki mehmonni gruzin restoraniga olib borgan va go‘shtli taomlarga buyurtma bergan. O‘sha payt Merin avvalroq e’tibor bermagan yosh suhbatdoshi Apple shirkatining asoschilaridan biri bo‘lmish Stiv Jobs ekanligini anglab etgan. Merin Jobsning et yemasligi haqida avval eshitgan bo‘lgan.

Jobs o‘shanda o‘ziga salat olgan.

Bu Jobsning Sovet Ittifoqiga qilgan ilk va yagona tashrifi bo‘lgan. Jobs 2011 yil 56 yoshda olamdan o‘tganidan beri uning sovet Moskvasiga qilgan safarining yangi-yangi tafsilotlari oshkor bo‘ldi.

Quyida Jobsning Sovet Ittifoqida boshdan kechirgan besh sarguzashti bilan tanishishingiz mumkin:

DXQ yoki MRB

Jobs 1988 yil AQSh Mudofaa vazirligi tergovchilariga Sovet Ittifoqida xalqaro huquqshunosni uchratganini, nazarida bu huquqshunos yoki Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (DXQ), yoki Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) xodimi bo‘lganini aytgan. Ammo Jobs huquqshunosning razvedka xizmatida ishlashini ko‘rsatuvchi dalilga ega emasligini aytgan.

Jobs yana Moskvadagi mehmonxonada uning xonasiga “biror bir sababsiz, chaqirilmasdan” kelgan televizor ustasi josus ekanligini shubha qilgan. Bu haqda jurnalist Alan Doychman qalamiga mansub biografiyada yozilgan.

Makintosh inqilobi

Jobs Moskvaga borishidan avval Parijda AQShning o‘sha paytdagi vitse-prezidenti Jorj Bush bilan uchrashgan. Bush Jobsni Sovet Ittifoqida inqilob keltirib chiqarish uchun mamlakatga kompyuterlar olib kirishga chorlagan. Bu haqda Uolter Ayzekson o‘zining “Stiv Jobs” kitobida yozgan. Merin Ozodlik bilan suhbatda Jobs Moskvaga qilgan tashrifi davomida Bush bilan suhbatlashganini aytganini tasdiqladi.

Merinning aytishicha, Jobs Bushning bu g‘oyasini targ‘ib qilgan. Bush agar Sovet Ittifoqi bo‘ylab Mac kompьyuterlari tarqatilsa, aholida gazeta va ma’lumot byulletenlari nashr qilish imkoni tug‘ilishiga, bu esa o‘z navbatida inqilobga turtki bo‘lishiga ishongan.

“Aql velosipedi”

Jobs Moskvadaligida kompьyuter ilmini o‘rganayotgan talabalar oldida nutq so‘zlagan. Bu nutqning to‘liq transkripti bor-yo‘qligi noma’lum. 2001 yil Rossiya Fanlar akademiyasi xodimi Viktor Zaxarov Jobs nutqining qisqa transkriptini e’lon qildi. Zaxarov Jobsning Moskvadagi leksiyasini eshitgan talabalar orasida bo‘lgan.

Zaxarov tarjimasining qanchalik to‘g‘ri ekanligi ma’lum emas. Shunday bo‘lsada, transkriptdagi gaplar Jobsning odatiy so‘zlashuv uslubiga mos keladi. Unda Jobsning kompyuterlar haqidagi sevimli gapi ham bor. Jobs Moskvaga kelishidan avval hayvonlar harakatlarining samaradorligi haqida ilmiy maqola o‘qigan.

Transkriptda yozilishicha, Jobs “Kondor qushi birinchi o‘rinda turadi. Ammo velosiped mingan odam ham samaradorligini ancha oshiradi”, degan.

Jobs Apple haqida so‘zlaganda kompyuterlarni “aql uchun velosiped” deya ta’riflashni xush ko‘rgan.

Xorijlik trotskiychi

Ayzeksonning yozishicha, Jobs Moskvada Lev Trotskiy haqida tinmay so‘zlagan. Bolsheviklar liderlaridan biri bo‘lgan Trotskiy keyinchalik “xalq dushmani”, deb topilib, surgun qilingan. Trotskiy Sovet diktatori Iosif Stalinning buyrug‘i bilan o‘ldirilgan. Ayzeksonga ko‘ra, Jobsni Moksvada nazorat qilish uchun tayinlangan DXQ agenti tadbirkorni Trotskiy haqida ehtiyotkorlik bilan so‘zlashga chaqrigan.

“Trotskiy haqida gapirmang. Bizning tarxichilarimiz bu holni o‘rganib chiqishgan. Biz endilikda u buyuk odam bo‘lgan, deb hisoblamaymiz”, degan agent.

Ayzeksonning yozishicha, bu gaplar Jobsni Trotskiyni yanada ko‘proq muhokama qilishga chorlagan.

Elchining dachasi

Ayzeksonga ko‘ra, Jobs va Eyzenshtat AQSh elchixonasining 4 iyulga bag‘ishlangan tadbirida ishtirok etgan. Lekin Merinning aytishicha, sovet rasmiylari Jobs va boshqa amerikalik ishbilarmonlarga AQSh elchisining Moskva chetida joylashgan dachasida bo‘lib o‘tgan alohida marosimda ishtirok etishga izn bermagan.

“Ular amerikaliklarga, ayniqsa, tadbirkorlarga elchining dachasiga borishga ruxsat bermas edilar. Bundan maqsad shunchaki o‘zlarini ko‘rsatish bo‘lgan”, deydi Merin.

Karl Shrek

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG