Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:00

O‘zbekistonlik "virtual-quyov" 3 yilga qamaldi


 Virtual-kuyov Umid Jabborov
Virtual-kuyov Umid Jabborov

Moskvalik ayollardan 1 million rubldan ziyod pulni aldab olgan o‘zbekistonlik “virtual-kuyov” 3 yilga qamaldi. Moskva prokuraturasiga ko‘ra, yosh va badavlat rus ayollari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishgan Umid Jabborov ularning ishonchini qozonib, katta miqdorda pul “qarz” olib qochgan. Ostankino tuman sudi qarori bilan o‘zbek muhojiri nafaqat umrining keyingi uch yilini koloniyada o‘tkazadi, balki aldanganlarga etkazgan moddiy zararni ham qoplaydi.

Moskvaning Ostankino tuman sudi 4 aprel kuni qalloblikda ayblangan o‘zbekistonlik 32 yoshli Umid Jabborovni qamoq jazosiga mahkum etdi.

- Unga ayblov qarori chiqarildi: u umumiy rejimdagi axloqni tuzatish koloniyasiga 3 yilga jo‘natildi. Shuningdek, sud da’vogarlarning talablarini to‘liq qondirdi, dedi Ozodlikka Moskvaning Ostankino tuman sudi raisi muovini Kristina Botirova.

Moskva prokuraturasiga ko‘ra, Umid Jabborov 2014 yil davomida tanishuv saytlariga kirib, u yerda puldor ayollarning ko‘nglini ovlagan.

U o‘zini Birlashgan Arab Amirliklaridan Rossiyaga borgan puldor yigit qilib ko‘rsatish uchun qimmat avtomobil, kvartiralarni ijaraga olgan, gullar sovg‘a qilgan, restoranlarga taklif etgan.

Ayollar bilan aloqasi mustahkamlangach, katta miqdorda qarz olib, g‘oyib bo‘lgani aytilmoqda.

- U avvaliga rosa ko‘nglimni ovladi. Meni qandaydir o‘rashga harakat qildi. U o‘zini mening orzuimdagi erkak qilib ko‘rsatishga urindi. Gullar berdi. Aslida esa juda ayyor odam ekan. U meni qaerda ishlashim, yaxshi pul topishimni va men unga qarz bera olishimni bilgan, deydi aldangan moskvalik ayollardan biri.

Tergovchilar ayollar ishonchiga kirgan o‘zbekistonlik muhojir ularga “biznesi xavf ostida ekani”, “bir-ikki oy ichida yanayam ko‘proq ishlashi va pulni qaytarishi” to‘g‘risida gapirgan. Niyatlari “jiddiy” ekanini namoyish qilish uchun u hatto cho‘ntagidan qutichadagi nikoh uzugini olib ko‘rsatgan.

Moskva shahar prokuraturasi ma’lumoticha, xotinboz yigit 2014 yilning oktyabridan 2015 yilning yanvarigacha 30-40 yoshlardagi uch moskvalik ayoldan 190, 720 va 340 ming rubldan pul olgan va juftakni rostlagan.

Poytaxt politsiyasi Jabborovga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 159 moddasi (“tovlamachilik”) asosida jinoiy ish ochdi.

Moskva shahar politsiyasi matbuot xizmati rahbari Andrey Galiakberov Ozodlikka Umid Jabborov o‘z “rejasida katta xatoga yo‘l qo‘ygani” – aldangan ayollarni biri-biri bilan tanishtirgani haqida so‘zladi:

- Poytaxt politsiyasiga murojaat qilgan 32 yoshli kosmetik firma egasi unga noma’lum kimsa aldov yo‘li bilan 720 ming rublь miqdorida pul olib, bir necha haftadan buyon qochib yurganini xabar qildi. Moskva jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari tez kunlarda 32 yashar markaziy osiyolikni hibsga oldi, dedi Andrey Galiakberov.

Xalqaro qidiruvga berilgan Umid Jabborov maxsus amaliyot davomida 2015 yilning 24 noyabrida qo‘lga olindi.

Tovlamachilikda ayblanayotgan Umid Jabborovning O‘zbekistonda ayoli va ikki nafar farzandi borligi aniqlandi.

Tergovchilarga barcha qilmishlarida iqror bo‘lgani va tavba qilganini hisobga olgan sud unga 3 yillik qamoq jazosi tayinladi.

XS
SM
MD
LG