Линклар

logo-print

Mirziyoevning jiyani kiygan 7 ming dollarlik ko‘ylakcha Britaniyada ovoza bo‘ldi


Suratda: Diyora Usmonova (Instragamdagi sahifasidan olindi)

Suratda: Diyora Usmonova (Instragamdagi sahifasidan olindi)

“O‘zbek Mariya Antuanettasi: 5 000 funt sterlingli bolalar kiyimi sotuvchi, biroq dushmanlarini YoG‘da qovuruvchi mustabidga aloqador glamur “malika”ning aqlni shoshiradigan hayoti”.

Yuqoridagi uzun jumla - tahririyati Britaniyadagi dailymail.co.uk veb-sayti 29 mart kuni e’lon qilgan maqola sarlavhasi.

Fransiya qiroli Lyudovik XVI ning xotini, Buyuk fransuz inqilobi arafasida hayotini maishatda o‘tkazgan, monarxiya tugatilgach gilyotinada qatl qilingan Mariya Antuanettaga qiyoslanayotgan ayol O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning jiyani, milliarder Alisher Usmonovning jiyan kelini Diyora Usmonovadir.

Ma’lum bo‘lishicha, dailymail.co.ukda e’lon qilingan maqola Diyora Usmonova haqidagi yagona publikatsiya emas.

Bundan 2 yil muqaddam Toshkentda avtohalokatda o‘lgan Bobur Usmonovning 27 yashar bevasi kiborlar hayotini yorituvchi Rossiyadagi nashrlarning ham e’tiboriga tushgan.

dailymail.co.ukda e’lon qilingan maqolaga Diyora Usmonovaning, qizi Mariamning, marhum eri Boburning, Alisher Usmonov, Islom Karimov, Shavkat Mirziyoevlarning suratlari ilova qilingan.

Sayt maqolasida:

“27 yashar Diyora Usmonova Moskvada xos bolalar uchun kiyim do‘koni ochgani;

u O‘zbekistonning ko‘p yillik bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning jiyani ekani;

Mirziyoev inson huquqlarini toptovchi prezident Karimovga royish ekani;

Diyora Usmonovaning do‘konida Chor Rossiyasi sharafiga duru marjonlar bilan bezatilgan ko‘ylaklar sotilishi” to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.

Superqimmat ko‘ylakchalar

Maqola Diyora Usmonova ochgan "ot kutyur" butikda sotiladigan bolalar kiyimlaridan bittasining narxi 13 nafar oddiy o‘zbekistonlikning bir yillik ish haqiga teng ekanligi to‘g‘risidagi gap bilan boshlanadi.

Tog‘a

Superqimmat ko‘ylakchalar tasvirini tushirib qoldiramiz. Maqola davomida uning muallifi Diyora Usmonovani o‘quvchiga tanishtirar ekan, mana bunday degan:

“U (Diyora Usmonova) O‘zbekistonning o‘z siyosiy raqiblarini qaynatib o‘ldirishi bilan nom chiqargan, o‘z qizi - 43 yashar milliarder Gulnorani korruptsiyada ayblab, uy qamog‘iga tashlagan 78 yashar avtokrat prezidenti Islom Karimovga royish ko‘p yillik bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning jiyanidir”.

Bu gapdan keyingi jumlada Shavkat Mirziyoev to‘g‘risida mana bu ma’lumot keltirilgan:

“Inson huquqlari himoyachilari Diyoraning qattiqqo‘l tog‘asini u iqtidorga kelayotgan davr – 2000 yillarda matematatika o‘qituvchisi Eshniyoz Hamzaevni o‘quvchilari paxtani sekin tergani uchun kaltaklagan, deb ayblaydi. O‘qituvchi oradan 5 kun o‘tib o‘lgan”.

Shunga o‘xshash yana bir epizod keltirilgan dailymail.co.ukda e’lon qilingan maqolada.

Mariyam - Bibiona - Bibiona Couture

So‘ngra maqoladagi gaplar Diyora Usmonova to‘g‘risida Rossiyadagi nashrlarning yozmishlariga ko‘chadi.

Tatler.ru nashri shu yilning 20 fevralida Diyora Usmonova bilan qilingan suhbatlar asosida kattagina maqola bergan.

Unda Diyora hozirda 4 yashar qizchasiga bundan bir-ikki yil oldin Bonpoint shirkatining odmigina ko‘ylaklarini kiydirganini, lekin qizchasi chiroyli ko‘ylakchalar talab qilgani to‘g‘risida gapirgan.

Diyoraning aytishicha, xos bolalar uchun xos kiyimlar yaratish istagi shundan paydo bo‘lgan va onasi Sayyora Xoshimovaga qo‘ng‘iroq qilgan va qizchasi uchun biron nima o‘ylab ko‘rishni so‘ragan.

Tatler.ru yozadi: "Shu kunda Diyora va 2013 yili avtohalokatda nobud bo‘lgan Bobur Usmonovlarning qizi Mariyam 4 yoshda. Bibiona – Mariyamga otasi erkalab qo‘ygan nom. Bibining ko‘ylaklari bilan kiyim javoni to‘lib bo‘lgan. Onasidan bir-ikki yoshgayoq katta ko‘rinadigan buvisi Sayyora Xoshimova hamma narsani unutib ko‘ylaklar eskizini chizadi. Bu ko‘ylaklar nafaqat nabirasi, balki sevikli farzandiga 200 ming rubldan 500 minggacha to‘lab, ko‘ylakcha sotib olishni istovchilar uchundir".

Shunday qilib Diyora Usmonova o‘sha – bittasi 200 000 dan 500 000 rublgacha turadigan xos ko‘ylakchalarni sotishga ixtisoslashgan Bibiona Couture brendiga asos soldi va joriy yil yanvarida brendning ilk shou-rumini Moskvada ochdi.

Ozodlik Bibiona Couture shou-rumining pressa bilan ishlovchi xizmati bilan bog‘landi. Lekin telefonni ko‘targan xodima savollarimizga javob berishni istamadi.

"Parij zerikarli, Moskva yaxshi"

Bibiona Couture ilk shou-rumini nega Toshkent-Parij-London-Nyu-Yorkda emas, Moskvada ochdi?

Bu savolga Diyora Usmonovaning Tatler.ruga aytgan mana bu gapi javob bo‘lishi mumkin: “Parijda bir haftadan keyinoq depressiyaga tushib qolaman, - deb kuladi u.– U yerda zerikaman, Moskvada mazza”.

2 yil oldingi dahshatli avtohalokat

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 2013 yil, 8 may kuni tong saharda ro‘y bergan avtohalokat oqibatida Diyora Usmonovaning eri, milliarder Alisher Usmonovning jiyani Bobur Usmonov va uning yo‘ldoshi 20-25 yoshlardagi qiz halok bo‘lgan edi.

“Toshkentning Yunusobod tumanidagi “Shedevr” supermarketi yonida 8 may kuni ertalab soat 5 dan 15 daqiqa o‘tganda sodir bo‘lgan avtohalokat natijasida rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning jiyani Bobur Usmonov boshqarayotgan qizil rangdagi “Ford Mustang” rusumli avtomobil avariyaga uchradi. Halokat natijasida Bobur Usmonovning o‘zi va uning yonida ketayotgan 20-25 yoshlardagi qiz ham voqea joyida halok bo‘ldi. Avtomobil qayta tiklanmaydigan darajada pachoq bo‘lgan”, deb xabar bergan edi Ozodlikning Toshkentdagi manbalaridan biri.

XS
SM
MD
LG