Линклар

logo-print

Moskvadagi o‘zbekistonlik bir ayoldan OzodMikrofonga kelgan murojaatda deportatsiyaga hukm qilingan muhojirlar markazida saqlanayotgan ayollar ahvolidan shikoyat bo‘ldi. Audeomurojaatda aytilishicha, markazda bir necha oydan beri alohida kameralarda saqlanayotgan ayollar o‘ta og‘ir sharoitda qolgan. Hatto, bir ayolning jinsiy tajovuzga uchraganini iddao qilib, vatandoshiga murojaat qilgani aytildi.

Audiomurojaatni yo‘llagan ayol Moskva oblastining Troitskiy tumanidagi "Xorij fuqarolarini saqlash" deportatsiya markazida qolayotgan o‘zbekistonlik ayollar shikoyatini ayni markazda saqlanayotgan qarindoshidan olganini aytgan.

"Shu xabarni eshitganimdan beri uxlolmayapman. Ayollar alohida saqlanar ekan, ahvoli o‘ta og‘ir ekan. Ishqilib, jinsiy zo‘rlik, degan ishlar bo‘layapti ekan. Mening tanishim o‘ziga kelgan posilkani olgani chiqqanda unga o‘xshab yaqinini ko‘rgani chiqqan bir yoshgina ayol bilan ko‘rishib qolibdi. O‘shanda bu ayol yig‘lab, tez-tez aytib beribdi: "Ahvolimiz og‘ir, bizga yordam beringlar, zo‘ravonliklar bo‘layapti", depti. U ayolni uch kishi dachaga olib borib, rosa qiynaganmish. Iltimos, Ozodlik, shu ayollarimizga yordam bering!" deb iddao qilindi audiomurojaatda.

Quyida ushbu murojaatni tinglashingiz mumkin:

Ozodlik ismini oshkor qilishni istamagan bu ayol ko‘magida ayni markazda yaqinlari qolayotgan bir necha o‘zbekistonlik bilan bog‘landi. Ismini ochiqlamaslik sharti bilan gaplashgan ikki o‘zbekistonlik erkak shunday shikoyatdan xabari borligini aytdi.

"Lekin, anig‘ini bilmaymiz, chunki u ayollar bilan hech kim ko‘risha olmaydi. Ruxsat yo‘q. Bunaqa priyomniklarda ayollarning ahvoli og‘irligi aniqda. Ko‘pining ishlashga ruxsatnomasi yo‘q, shuning uchun qo‘lga tushgan va katta miqdorda jarima solingan. Endi ham jarimani to‘lashi kerak, ham O‘zbekistonga ketadigan biletni sotib olishi kerak. Bu bechoralarda pul yo‘q, orqasidan boradigani ham yo‘q, shuning uchun oylab yotibdi. Ularni ishlatishayapti hozir. Ya’ni, jarima va biletga yarasha pulni ishlab topsin, deb. Shu ayollar hozir kalish zavodida ishlayapti", dedi o‘zbekistonlik muhojirlardan biri.

Moskvadagi yana bir o‘zbekistonlik muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda ushbu markazda bir oydan beri qizi qolayotgan keksa andijonlik kishini uchratganini so‘zlab berdi:

"Bechora bir oy yugurib, qiziga solingan 13 yarim ming rublni topib kelgan ekan. Qizlarning ahvoli og‘ir, eguligi ham juda nochor ekan, deb noligan edi u kishi. Endi makaron ekanda, bor ovqati. Hech kim bilan ko‘rishtirmaydi, ayollarni alohida bokslarga qamab qo‘ygan. Bechoralar dardini hech kimga aytolmaydi", dedi shu kunda bir yaqini ayni markazda qolayotgan o‘zbekistonlik muhojir.

Ozodlik tahririyatga kelgan ushbu murojaatdagi "jinsiy zo‘ravonlik" iddoasini tasdiqlovchi biror dalil yoki rasmiy javobga ega emas. Ammo, tahririyat bir necha muhojir tomonidan bilvosita tasdiqlangan bu shikoyat ortidan surishtiruv boshladi. Tez orada ushbu saytda qo‘shimcha tafsilotlar bilan tanishishingiz mumkin!

Ayni holatdan xabari bo‘lgan mushtariylar, marhamat, bizga bog‘laning:

WhatsApp + 420 724 971 539, + 420 602 612 713

VIBER + 420 602 612 713

SKYPE ozodskype, ozodlikonline, ozodovoz

------------------------------------------------------------------------------------------

Muhim eslatma: OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr-mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG