Линклар

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Yadro fizikasi instituti rahbariyati mazkur ilmiy muassasaning yopilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Avvalroq O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbalariga tayanib, Uzmetronom.com nashri Toshkentdagi Yadro fizikasi instituti shu yilning 1 iyulidan faoliyatini tugatishi, institutdagi VVR-SM yadro tadqiqot reaktori to‘xtatilib, ilmiy muassasaning moddiy-texnik bazasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent Davlat universiteti tasarrufiga o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi. Ilmiy muassasaning Ozodlik bog‘langan rahbar xodimlari buni "noto‘g‘ri, noxolis tuhmat va bo‘htonga to‘la xabar" deb atadi.

Toshkentdagi Yadro fizikasi institutining rahbarlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda ilmiy muassasa 1 iyuldan faoliyatini to‘xtatishi haqidagi xabarga shunday munosabat bildirdi:

– Bu noto‘g‘ri, noxolis tuhmat va bo‘htonga to‘la xabar. Institutni yopish haqida qaror hali chiqqani yo‘q. Hozir biz O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi bilan institut shaklini o‘zgartirish masalasini muxokama etyapmiz xolos. Hozir talablar o‘zgaryapti. Lekin, men ko‘p ma’lumot berolmayman, chunki institutimiz yopiq muassasa hisoblanadi, - dedi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Yadro fizikasi institutining ismi sir qolishini istagan ilmiy rahbarlaridan biri.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Yadro fizikasi institutiga 60 yil avval Sovet Ittifoqi davrida asos solingan edi.

Uch yil o‘tib baza negizida VVR-SM yadroviy tadqiqot reaktori ishlay boshlagandi.

Ma’lumki, Sovet davrida O‘zbekiston Ittifoqning uran rudasi yetkazib beruvchi respublikasi hisoblangan.

Boyitilgan uran esa Sovet davrida 10 megavattlik tajriba reaktorini ishga tushirish maqsadida O‘zbekistonga olib kelinar edi.

O‘zbekistondagi ushbu yadro reaktoridan tinch maqsadlarda tadqiqot olib borish va meditsina sohasi uchun maxsus materiallarni ishlab chiqishda foydalanilgan.

O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘lgach tadqiqot maqsadlarida foydalanilgan yuqori darajada boyitilgan yadroviy yonilg‘i qoldig‘i Rossiyaga olib chiqib ketildi.

O‘g‘irlanib yanada boyitilishi tufayli qo‘lbola atom bombasi, yoki "iflos" bomba yaratishga yetarli bo‘lgan yadroviy xomashyoning terrorchilar qo‘liga tushib qolishi xavfi borligi bois bu modda 2004 yildan Rossiyaga olib o‘tila boshlandi va bu ishlar Atom energiyasi xalqaro agentligi, Rossiya va AQSh amalga oshirayotgan Yadroviy tahdidni kamaytirish bo‘yicha global tashabbus doirasida amalga oshirildi.

Toshkentdagi Yadro fizikasi institutidagi VVR-SM yadro tadqiqot reaktori esa past darajada boyitilgan uran yonilg‘isiga o‘tkazildi.

Kuzatuvchilar yuqori boyitilgan uran qoldig‘ining O‘zbekistondan olib chiqib ketilishi ortidan Toshkentdagi Yadro fizikasi institutining istiqboli ham so‘nganini bashorat qilishgandi.

Lekin, Yadro fizikasi instituti xodimlari o‘zlari ishlayotgan muassasa kelajagiga ishonishmoqda.

- Boyitilgan uranning olib chiqib ketilishining institutimizdagi ilmiy ishlarga hech qanday ta’siri yo‘q. Hozir tadqiqot reaktorida boshqacha turdagi yonilg‘idan foydalanish yo‘llari ham ko‘rib chiqilmoqda. Xullas institutimiz ishlayapti, - O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Yadro fizikasi institutining ismi sir qolishini istagan ilmiy rahbarlaridan biri.

XS
SM
MD
LG