Линклар

logo-print

Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan besh davlat qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan mahkumlar soni 120 ming kishiga yetadi, ularning uchdan bir qismi O‘zbekiston qamoqxonalarida jazo o‘tamoqda. Bu haqda London qirollik kolleji qoshidagi Qamoqxonalar tizimini o‘rganish xalqaro markazining yangi hisobotida aytiladi.

Qamoqxonalar tizimini o‘rganish xalqaro markazi (The International Centre for Prison Studies – ICPS) o‘zining so‘nggi hisobotida dunyodagi barcha qamoqxonalarda 10 milliondan ziyod mahkum jazo o‘tayotganini, ulardan qariyb 120 mingi Markaziy Osiyo mintaqasidagi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston qamoqxonalarida o‘tirganini qayd etadi.

Hisobotda o‘zbek qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan kishilar soni aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, ular soni 42 ming chog‘li ekani aytilgan.

ICPS hisobotiga muvofiq, mintaqada eng ko‘p mahkum bo‘lgan mamlakat Qozog‘istondir. Bu mamlakat qamoqxonalarida 48 ming 684 kishi jazo o‘tayapti. Mahkumlar soni eng kam bo‘lgan Tojikistonda esa 9 ming 317 kishi qamoq jazosi o‘tamoqda. Shuningdek, Turkmanistonda 10 ming 953 kishi, Qirg‘izistonda esa 9 ming 827 kishi qamoqda o‘tiribdi.

Mahkumlar soni Qozog‘istondagidan kamroq bo‘lgani bilan O‘zbekiston qamoqxona va hibsxonalari aql bovar qilmas darajada qiynoq va shafqatsizlik makoniga aylangani vajidan xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining doim diqqat markazida bo‘lib kelgan.

O‘tgan hafta Xalqaro Amnistiya tashkiloti O‘zbekistonda keng qo‘llanilaëtgan qiynoqlarga qarshi yangi aktsiya boshlagan. “Yolg‘onlar va sirlardan to‘ydik!” deb nomlangan va bir oy davom etadigan bu aktsiya davomida tashkilot faollari O‘zbekistondagi qiynoq markazlari deb ko‘riluvchi Jasliq qamoqxonasi¸ Toshturma va Milliy xavfsizlik xizmatining Yunusoboddagi hibsxonasi manziliga “Biz bu yerda qiynoqlar qo‘llanilayotganini bilamiz. Qiynoqlarni to‘xtating!” deb yozilgan otkritkalar jo‘natishni rejalaganlar. Huquq faollari inson haqlari buzilishiga befarq bo‘lmagan barchani bu aksiyaga qo‘shilishga da’vat etgan.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti otkritkalaridan biri.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti otkritkalaridan biri.

Huquq himoyachilari O‘zbekiston hibsxona va qamoqxonalarida siyosiy yoki diniy motivlar bilan qamalganlarga nisbatan shafqatsiz va g‘ayriinsoniy munosabat ayniqsa kuchayganini urg‘ulaydilar. O‘zbekistonlik huquqbonlar taxminicha, mamlakat qamoqxonalarida bu kabi siyosiy mahbuslar soni 10 mingdan 12,5 minggacha bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda o‘zbek rasmiylari mamlakatda siyosiy mahbuslar borligini ham, qamoqxonalarda mahkumlarga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘linayotganini ham tamoman inkor qilib keladilar.

ICPS hisobotida mahkumlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni AQSh egallashi, bu mamlakat qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan 2 million 240 ming kishi borligi aytiladi. 1 million 640 ming kishini qamoqda saqlayotgan Xitoy ikkinchi o‘ringa, qamoqxonalarida 681 ming kishi o‘tirgan Rossiya esa uchinchi o‘ringa qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG