Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:28

Rossiyada mehnat muhojirlarini nazorat qiladigan xizmat tugatildi. Biroq...


V.Putin o‘zining sobiq tan soqchisi V.Zolotov bilan
V.Putin o‘zining sobiq tan soqchisi V.Zolotov bilan

Seshanba, 5 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal migratsiya xizmati va Narkotiklar nazorati bo‘yicha Rossiya Federal xizmatini Ichki ishlar vazirligiga bo‘ysundirdi.

Shuningdek, Rossiya prezidenti bevosita o‘ziga bo‘ysinuvchi Milliy Gvardiya va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalovchi “Yunarmiya” harakatini ta’sis etajagini e’lon qildi.

Ekspertlar bu o‘zgarishlarni Putinning shaxsiy hokimiyatini kuchaytirishga qaratilganini taxmin qilmoqda.

FMS va FSKN tugatildi

Seshanba kuni Rossiya kuchishlatar tizimlarida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal migratsiya xizmati (FMS) va Narkotiklar nazorati bo‘yicha Rossiya Federal xizmati (FSKN) ni tugatib, ularning vakolatlarini to‘liq Ichki ishlar vazirligiga topshirdi. Tegishli qonun loyihasi Rossiya Davlat Dumasiga kiritilgani to‘g‘risida xabar 5 aprel kuni Kreml rasmiy saytida paydo bo‘ldi.

FSKN va Migratsiya xizmatining Ichki ishlar tarkibiga kiritilishini Vladimir Putin shaxsan o‘zi e’lon qildi:

- Biz FSKNni MVD tizimi tarkibiga kiritayapmiz. Bu tuzilma o‘z samarali ishini mustaqil holatda, ammo Ichki ishlar tarkibida davom ettiradi, degan fikrdaman. Bu Migratsiya xizmatiga ham tegishli gap. Xorijliklarning mehnat shartnomalari masalasida jiddiy muammolar mavjud. Bu masalani biz hukumat rahbari bilan ham muhokama qildik. Ichki ishlar vazirligi, Migratsiya xizmati va Narkotiklar nazorati xizmati hamda Ichki qo‘shinlar va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda o‘z ishini pishitmog‘i lozim, dedi Vladimir Putin.

Milliy gvardiya bevosita prezidentga bo‘ysunadi

Shuningdek, davlat rahbari “mamlakatda terrorchilik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish” maqsadida IIVning Ichki qo‘shinlar huzurida yangi tuzilma – Milliy gvardiya tuzilishini aytdi:

- Qaror qabul qilindi: Ichki qo‘shinlar huzurida ijro etuvchi hokimiyatning yangi bo‘g‘ini – Milliy gvardiya tashkil etiladi. U Ichki ishlar vazirligi bilan bir safda terrorchilik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashadi, ularga OMON, SOBR vakolatlari topshiriladi. Biz uni nafaqat qarorimizda, balki Federal qonunimizda ham aks ettiramiz. Milliy gvardiya biz uchun birlamchi sanalgan yo‘nalishlarda o‘z ishini muvaffaqiyatli davom etdiradi degan umiddaman, dedi “birlamchi” vazifalar nimaligiga alohida to‘xtalib o‘tirmagan Rossiya prezidenti.

Rasmiy qarorda Ichki qo‘shinlarning Milliy gvardiyaga o‘zgartirilishi “Davlat va jamoatchilik xavfsizligini ta’minlash, inson va grajdanin haqlari va erkinliklarini himoya qilish” zarurati bilan izohlanganini ko‘rish mumkin.

Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov gvardiya “noqonuniy” norozilik namoyishlarini bostirishga ham mo‘ljallanganini aniqlashtirdi. U, shuningdek, Milliy gvardiya tuzilishini yaqinlashib kelayotgan parlament va prezident saylovlari bilan bog‘lamaslikni so‘radi.

Gvardiyachilar chegara himoyasi, maxsus ob’ektlar va yuklar muxofazasi, qurol-aslaha oboroti va xususiy qo‘riqchilik faoliyati ustidan nazorat ham qilishi belgilandi. Bugunga kelib Rossiya Ichki qo‘shinlari 180 ming askardan tarkib topgan bo‘lib, uning asosiy qismi kontrakt asosida xizmat qiladi.

Yig‘ilishda Milliy gvardiya qo‘shinlari federal xizmati direktori etib Rossiya Ichki qo‘shinlari rahbari Viktor Zolotov tayinlandi. Bundan oldinroq Zolotov prezident Putinning shaxsiy tan soqchisi, keyinroq uning xavfsizligi xizmatini uzoq yillar davomida boshqarib kelgani ma’lum.

Yangi tuzilma jangchilari odamlarga nisbatan ogohlantirishlarsiz o‘qotar qo‘rol va kuch ishlatishi mumkinligi jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratdi: maxsus vositalar homilador ayollar, nogironlarga va odamlar to‘dasidagina ishlatilishi man etildi.

Qonun loyihasida belgilanishicha, Milliy gvardiya xodimlari istagan odamni hibsga olishi va buning uchun fuqarolar shaxsiy uylariga kirib borishiga ruxsat berildi. Gvardiyachilar hujjat tekshirish, ma’muriy qonunbuzarlik haqida protokol tuzish va shaxslarni 3 soatgacha ushlab turish huquqiga ega bo‘ldi.

Hozircha tasdiqlanmagan “Interfaks” ma’lumotiga binoan, Rossiya Milliy gvardiyasi umumiy soni 350 dan 400 ming kishini tashkil etishi mumkin.

Milliy gvardiya boshqaruviga tanklar, og‘ir artilleriya, harbiy hujum vertolyotlari topshiriladi.

Bu o‘zgarishlarni hayotga tatbiq etish ishlariga tayyorgarlik 2016 yilning 1 iyunigacha tugatilishi buyurildi.

“Yunarmiya” - vatanparvar yoshlar harbiy tuzilmasi

Joriy yilning 1 sentyabridan Rossiyada “Yunarmiya” yoshlar harbiy vatanparvalik harakati tuziladi. Bu haqda e’lon qilgan Rossiya Mudofaa vaziri muovini Nikolay Pankov “Yunarmiya” harbiy qismlar, harbiy-o‘quv dargohlari, DOSAAF tuzilmasi hamda TsSKA harbiy-sport tashkilotlariga biriktirilishini bildirdi.

Bundan oldinroq, 2015 yilning oktyabrida, Vladimir Putin sovet pionerlari tashkiloti analogi – “Rossiya o‘quvchilari harakati”ni tuzish to‘g‘risida maxsus qaror chiqargan edi.

Putin shaxsiy hokimiyatini kuchaytirmoqdami?

Ta’kidlash joyizki, FMS va FSKNning tugatilishi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar so‘nggi bir yilda paydo bo‘lgandi. FMS vakolati tugatilishi tarafdori bo‘lgan mutasaddilar Migratsiya idorasini “oddiy pasport-viza xizmatiga aylanib qolgani”, ishga ruxsatnoma - patent berish vakolatini Moskva hukumati tortib olib qo‘ygani, mintaqalarda ham shu ish boshlanib ketganini gapirmoqda edi. Migratsiya nazorati to‘liq FSB va unga qarashli Chegara xizmatiga o‘tkazilishi mumkinligi ham ma’lum qilingan edi.

Rossiya hukumati rahbariyati Federal migratsiya xizmati va Narkotiklar nazorati federal xizmatining tugatilishini davlat tizimida ko‘plab vakolatlarning biri-birini takrorlayotgani bilan izohladi.

Dumaga bu masalada yuborilgan tushuntirish xatida shu tariqa davlat byudjetiga katta miqdorda daromad kelishi, bu mablag‘lar esa bevosita jinoyatchilik, terrorchilikka qarshi kurashayotganlarni rag‘batlantirishga, ularni moddiy-texnika bazasini yangilashga qaratilishi bildirildi.

Kuzatuvchilar kuchishlatar tizimlardagi mazkur o‘zgarishlar FSB va MVDning FSKN va FMS vakolatlarini taqsimlab olishga intilish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qilmoqda.

Mustaqil siyosatshunos Dmitriy Oreshkin Milliy gvardiya aslida Putinning shaxsiy gvardiyasi ekaniga e’tiborimizni qaratdi. Ozodlik bilan suhbatda u yangi Federal xizmat Rossiya byudjetiga ortiqcha yuk bo‘ladi, deydi:

- Putin o‘z hokimiyatiga asosiy xavf ko‘cha namoyishlaridan emas, saroy fitnasidan bo‘lishi mumkinligini organdan chiqqan odam sifatida juda yaxshi tushunadi. Shu sababli u vaqti-vaqti bilan qartalarni chiylab turadi, yangi kuchishlatar tizimlarni tuzadi. Janob Zolotov esa yaxshi tekshirilgan, sodiq inson va aynan unga Milliy gvardiy boshqaruvi topshirilayotgani Vladimir Putinning o‘z xavfsizligi masalasida xavotirlari borligini anglatmoqda.

Milliy gvardiya bevosita Putinga bo‘ysunayotganiga e’tibor qarataman, chunki uni ishlatishga Vladimir Putinga hech kimdan, hatto parlamentdan ruxsat olish shart emas! Bu har qanday vaziyatda ishlatilishi mumkin bo‘lgan uning shaxsiy instrumenti.

Boshqa tomondan, bu o‘zgarishlar Vladimir Putinning imkoniyatlari cheklanib borayotganidan ham darakdir. Bir vaqtlar Sovet Ittifoqi tanklari butun dunyodagi jami tanklardan ko‘pligiga qaramasdan, yangi tanklarni ishlab chiqargan edi. Ittifoq parchalanganida SSSRda 63 ming 900ta tank bor edi, lekin ularning birortasi ham davlat parchalanishi oldini ololmadi. Yangi kuchishlatar tizimlar tuzilishi xavfsizlik illyuziyasini paydo qiladi. Aslida 300-400 minglik yangi tuzilma byudjetga og‘irlik, generallar o‘rtasida ziddiyatlarning avj olishi deganidir. Bugungi kunda yuzaga kelgan muammolarni hal etish esa huquqiy davlat tuzish, mustaqil sudlarni tashkil etish, qonun doirasidagina faoliyat yuritishga borib taqaladi, dedi Dmitriy Oreshkin.

Barcha mamlakatlarda “Panamageyt” bilan bog‘liq mojaro avj olib borayotgan bir paytda prezident Vladimir Putin Rossiya Federal arxiv agentligi (Rosarxiv)ni shaxsiy boshqaruviga olgani ham ma’lum bo‘ldi.

Idora rahbari Andrey Artizov Rossiya arxiv jamg‘armasida 500 million ish mavjudligini ochiqladi. Shuningdek, 2016 yilning mart oyida Rossiya Davlat arxivini 1992 yildan buyon boshqarib kelgan Sergey Mironenko iste’foga chiqarilgan edi.

XS
SM
MD
LG