Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:23

Zararli daraxtni kesgani uchun bog‘cha mudirasiga 1 000 000 so‘m jarima solindi


Toshkentdagi bolalar bog‘chalaridan biri hududidagi bundan 70 yil muqaddam ekilgan chinor kesilgani uchun bog‘cha mudirasi qariyb 1 mln. so‘m jarima to‘lagani to‘g‘risida ma’lumot paydo bo‘ldi.

Bu ma’lumot 2009 yili yili boshlanib, hanuz davom etayotgan chinor qirg‘ini davomida bu daraxtning zararli ekanligi to‘g‘risida aytilayotgan yarimrasmiy gaplar fonida tushunarsizdir.

Norma.uz cayti materialida gap qaysi bog‘cha ustida borayotgani, mudirning ism-familiyasi, jarima qachon solingani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Lekin saytning O‘zbekiston bo‘ylab chinorlar qirib tugatilayozgan bir pallada nafaqat asriy chinorlar, balki cho‘ltoq buta ham qonun himoyasida ekanligini eslatgani qiziq.

norma.uz saytida e’lon qilingan material noma’lum bog‘chada chinor kesilishi munosabati bilan advokat Zumrad Niyomatovaning sharhidir.

Har bir buta qonun bilan ixotalangan

Advokatning ma’lum qilishicha, dov-daraxt O‘zbekiston Konstitutsiyasining 55- moddasi, 2013 yil, 27 dekabrda kuchga kirgan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi hamda 1990 yil, 31 oktyabrda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi qonun bilan muhofaza qilinadi.

Masalan, “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi qonunda yer, yer osti boyliklari, ichki suvlar, respublika hududi doirasidagi havo havzasi, o‘simlik va hayvonot dunyosi O‘zbekiston Respublikasining mutlaq mulki ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Tilga olingan qonunlarni buzib, dov-daraxtni kesganlar ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka tortilishini ham eslatib o‘tgan advokat Zumrad Niyomatova.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60- moddasida Yerdan, yer osti boyliklaridan, suvdan, o‘simlik yoki hayvonot dunyosidan o‘zboshimchalik bilan foydalanish yoxud yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik huquqini bevosita yoki yashirin shaklda buzuvchi bitimlar tuzish yoki boshqa harakatlar sodir etish, tabiatdan maxsus foydalanish huquqini boshqalarga berish, xuddi shuningdek yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, —

fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

Kodeksning 162-moddasida shaharlardagi daraxtlarni shikastlantirish yoki ularni o‘zboshimchalik bilan kesib tashlash uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Unda aytilishicha, ayrim joylarda imorat qurayotganda shu yerda o‘sib turgan dov-daraxtlarga shikast yetkazish, ularni o‘zboshimchalik bilan kesib tashlash yoki boshqa joyga ko‘chirish, shuningdek fuqarolar va mansabdor shaxslarning o‘z ixtiyorlaridagi dov-daraxtlarni muhofaza qilish choralarini ko‘rmasligi —fuqarolarga eng kam ish haqining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

202-moddada esa, jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, har bir daraxtning egasi bor va egasi O‘zbekiston Respublikasidir.

Qonunni buzish “Amir Temur”dan boshlangan

Biroq shunga qaramay, mamlakat bo‘ylab chinorlar kesilmoqda. Chinor qirg‘ini 2009 yili Toshkentning Amir Temur xiyobonidan boshlangan edi.

O‘shandan beri Ozodlik bu mavzuda bir necha o‘n material tayyorladi. Mana eng so‘nggi sarlavhalarimiz: 10 mart – “Daraxt kesish navbati Samarqand va Buxoroga keldi”, 15 fevral - SOS! Chilonzorda chinorlarni kesishga tayyorlashdi!!!

SOS signali Chilonzordagi chinorzor atrofidagi aholiniki edi. Lekin chinorkesarlar sos-posga e’tibor bermadi. Chinorlar kesildi.

Chinor – "zararli daraxt"

Hanuz davom etayotgan chinor qirg‘ini davomida chinorning zararli daraxt ekanligi to‘g‘risida yarimrasmiy gaplar ko‘p aytildi. Mahalliy jurnalistlar esa, bu gaplarni asoslashga urinib maqolalar yozdi. Asriy chinorlari kesib tashlangan Farg‘onada yashovchi jurnalistlarning o‘shanday maqolalaridan birini VVS radiosi O‘zbek xizmati chop etgan edi.

Unda mana bu gaplar bor: “Yurtimizda bronxial astma kasalligini keltirib chiqaruvchi tashqi omillardan biri chinor guli changiga bog‘liq ekanligini afsus bilan qayd etib o‘tish joiz, - deydi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi Pulmonologiya bo‘limi mudiri, oliy toifali shifokor Mohira Rasulova. - Chinor guli changi havo orqali nafas yo‘liga tushib, bron shilliq qavatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu tufayli shilliq qavatlarda shish va shilliq ajralmalar ko‘payadi. Natijada nafas olish jarayoni buzilib, nafas qisadi”.

Tabiiy savol

Agar farg‘onalik vrachning gapi rost bo‘ladigan bo‘lsa, demak, advokat Zumrad Niyomatova tilga olgan bog‘cha mudirasi zararli chinorni kestirib to‘g‘ri qilgan bo‘lib chiqadi. Agar shunday bo‘lsa, uni nega jarimaga tortdilar?

To‘g‘ri, bu savolga javoban “Bog‘cha mudirasi chinorni kesish uchun qonunda nazarda tutilgan protseduralarni bajarmagan”, deyishlari mumkin. Lekin boshqa holatlarda, bitta chinor emas, chinorzorlar kesilgan paytda o‘sha protseduralarni kesuvchilar o‘ylamagani, tabiatni himoya qiluvchi idoralardan ruxsat olmagani Ozodlik materiallarida aks etgan.

Mebelga aylanayotgan chinorlar

Oxir-oqibat chinor qirg‘inining asl sabablari to‘g‘risida haqiqatga yaqinroq taxmin qilishga Toshkenda o‘tkazilgan mebel ko‘rgazmasi oydinlik kiritganday bo‘ldi. Unda chinordan yasalgan jihozlar eng qimmat va bozori chaqqon ekanligi ma’lum bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG