Линклар

logo-print

Rossiya va Turkiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini vatanga qaytarish maqsadida MXX va militsiya xodimlari ularga birma-bir telefon qilib bosim ko‘rsatmoqda. Muhojirlarning telefon raqamlarini olish uchun MXX boshchiligidagi guruh uyma-uy yurib, xorijdagilarning oila a’zolariga tahdid qilayapti. Yaqinlarining raqamlarini bermaganlar militsiya bo‘limiga chaqirtirilib, maxsus suhbatga tortilmoqda.

Yaqinining raqamini bermaganlarga “povestka” jo‘natilayapti

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ MXX boshchiligidagi guruhlarning xorijdagilarni O‘zbekistonga qaytarish tadbirlari bugungi kunda ikki bosqichda bormoqda.

Birinchi bosqichda xorijdagilarning telefon raqamlari ularning uyidagilar orqali qo‘lga kiritilayotgan bo‘lsa¸ ikkinchisida, xorijdagilarni qaytishga majburlash uchun ular bilan bevosita telefon suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Joylardan olingan ma’lumotga ko‘ra, ikkala holatda ham odamlarga bosim va tahdidlar qilinmoqda.

Buxorodagi manbaning aytishicha, MXX, Ichki ishlar bo‘limi va mahalla yig‘inlari raislaridan iborat guruh kimki xorijda bo‘lsa, uning uyiga bostirib borayapti:

Bu guruhdagilar ba’zi joylarda 2-3 kishi, ba’zida undan ham ko‘p bo‘lib yurishibdi. Agar bir ko‘chadan 5 odam xorijda bo‘lsa, hammasining uyiga birma-bir kirib chiqayapti. O‘sha uydagi odam qaysi xorij davlatida?, Qachondan beri yuribdi? Hamma ma’lumotni yozib olib, xat qilishayapti. Keyin telefon raqamini berishni talab qilishmoqda. Ko‘pchilik yaqinlarining telefonlarini berishni istamayapti. Ularni esa militsiya bo‘limiga “povestka” bilan qayta-qayta chaqirtirayapti. Raqamni bermaguncha tinch qo‘yishmayapti. “Davlat siyosatiga qarshimisan”, deb ularga bosim ko‘rsatib, qo‘rqitib olayapti o‘sha telefon raqamlarini”, deydi Buxorodagi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan manba.

Sim qoqish operatsiyasi

O‘zbekistonning turli viloyatlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, xorijdagi muhojirlarga MXX va militsiya bo‘limlari vakillari shaxsan qo‘ng‘iroq qilib, ularni ortga qaytarishga urinayapti.

Xorijdagi o‘zbeklardan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayrim hollarda qo‘ng‘iroq qilgan organ xodimlari yaxshi gap bilan qaytishni tushintirayapti, ba’zida ochiqdan-ochiq bosim bilan qaytish talab qilinmoqda.

Turkiyaning Istanbul shahriga Samarqanddan borib ishlayotgan ayolga, Samarqand shahar Ichki ishlar bo‘limidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan:

“Samarqand GOVDsidan dugonamga qo‘ng‘iroq qilib, uni bu yerda nima ish qilayotgani borasida hamma ma’lumotni so‘rashibdi. Ayniqsa¸ ular din bo‘yicha ko‘p savol berishgan. “Ishlayotgan joyingda seni dinga da’vat qilishdimi?, Namoz o‘qiyapsanmi?, O‘zbekistonga qaytsang dindor bo‘lib ketmaysanmi?” deb so‘rashibdi. Men ham Istanbuldaman. Menikiga ham militsiyadan borishgan. Lekin menga hali qo‘ng‘iroq qilishmadi. Uydagilar meni ogohlantirib qo‘yishdi. Shuning uchun tayyorlanib, o‘tiribman. Lekin dugonamga hech kim aytmagan ekan. Juda qo‘rqib qolgan. Endi qaytib ketmoqchi”, deydi ismini ochiqlamayotganimiz samarqandlik ayol.

Xorijdan qaytarish uchun uydirma ayblovlar ishlatilmoqda

Rossiyada ishlayotgan o‘zbek muhojirlaridan birining Ozodlikka murojaat qilib aytishicha, u tezda vatanga qaytmasa¸ vahhobiyga chiqarilib¸ Rossiyadan ekstraditsiya qilinish tahdidi ostida qolayapti:

- O‘zbekistondalik paytimda masjidga borib yurardim. Lekin Rossiyaga kelgandan beri¸ ishdan ortmayman. Biror diniy guruh¸ yoki dindorlarga aloqam yo‘q. Uyimga uchastkovoy melisa kelib¸ tez qaytsin, depti. Akamga tergovchi telefon qilib¸ ukang vahhobiylar ro‘yxatida¸ o‘zi qaytmasa¸ FSBga berib¸ ekstraditsiya qildiramiz¸ deb po‘pisa qilipti. Uy-joy qilaman deb bolalarimni tashlab¸ Rossiyaga keluvdim. Bir yildan beri bu yerda ham tuzuk-quruq ish topolmay¸ pulsiz yuribman. Shunga uyga bormay yuruvdim. Endi nima qilishimni bilmayman¸ deydi bu suhbatdosh.

Xorijga ishlashga ketib, uzoq muddatga qolib ketganlarni uyiga qaytarish harakati o‘tgan yil oxirida boshlandi. Avvaliga xorijga ketganlar va ularning uyida qolgan yaqinlari qaydga olinib, militsiya va MXX suhbatidan o‘tkazilib, har bir oiladan tushuntirish xati olindi.

Mahalla qo‘mitalaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, xorijga ketganlarni ortga qaytarish tadbiri mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan aksilterror tadbirlari doirasida amalga oshirilayapti.

Ushbu aksilterror tadbirlari doirasida maktab, kollej-litseylar, oliy o‘quv yurtlari, shifoxona va deyarli barcha davlat tashkilotlarida tungi navbatchilik tashkil qilindi.

Shuningdek, joylardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, MXX nazoratida turgan, ya’ni oldin qamalgan yoki yaqinlari qamoqda bo‘lgan shaxslar MXX idorasiga chaqirtirilib, maxsus suhbatdan o‘tkazilayapti.

Asiaterra nashriga ko‘ra, poytaxtning katta savdo markazlarida odamlar metall detektorlar yordamida tekshirilib, ryukzak, portfel va sumkalar tintilmoqda.

Uzmetronom nashri xorijdan qaytgan har bir fuqaroning terrorchilik tashkilotlariga aloqasi bor yoki yo‘qligini tekshirish uchun uchastka nozirlari so‘roq qilayotgani haqida yozdi.

Ijtimoiy tarmoqlardan olingan xabarga ko‘ra, poytaxtdagi barcha Internet kafelar qattiq nazoratga olingan hamda Internet trafigi tekshirilayapti.

XS
SM
MD
LG