Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:37

Senat komissiyasi aholini 10 ming mahalla raisini saylashga tayyorlayapti


O‘zbekiston Oliy Majlis Senatida tuzilgan maxsus komissiya turli viloyatlarda seminarlar uyushtirib, aholini may-iyun oylarida o‘tadigan mahalliy saylovlarda "eng munosib oqsoqollar"ni saylashga hozirlamoqda. "Xalq so‘zi" gazetasi Farg‘ona, Namangan, Andijon va Qoraqalpog‘istonda bu boradagi seminarlardan hikoya qildi. Aksar mahalla faollari saylanadigan oqsoqollar hozirdan aniq ekanini aytmoqda.

Rasmiy xabar

Bu yil may va iyun oylarida bo‘ladigan mahalliy saylovlarda mahalla fuqarolar yig‘iniga 9 ming 764 oqsoqol va ularning 99 mingdan ortiq maslahatchisini saylash rejalashtirilgan.

"Xalq so‘zi" gazetasining xabar qilishicha, joylarda aholiga "fuqarolar yig‘inlari raislari hamda ularning maslahatchilari lavozimlariga munosib nomzodlar ko‘rsatishning ahamiyati" tushuntirilmoqda.

Bunda "Oliy Majlis Senati Kengashi ko‘maklashuvchi komissiyasi, hududiy ko‘maklashuvchi komissiyalar a’zolari, ularning huzuridagi axborot xizmatlari vakillari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hududiy bo‘limlari raislari, saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlarning rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari" ishtirokida tashkil qilingan seminarlar qo‘l kelmoqda.

Seminarda ishtirok etayotgan mahalliy organlarning mas’ullari saylovga tayyorgarlik oliymaqom suratda borayotgani, ayrim tumanlarda hozirdanoq ovoz berish uchastkalari va saylov byulletenlari tayyorlab qo‘yilganini aytmoqdalar.

Nomzodlar ro‘yxati qariyb tayyor

Toshkent shahri Olmozor tumanidagi mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, shu kunda nomzodlar ro‘yxatini tayyorlash yakuniga etmoqda.

Amaldagi mahalla oqsoqolining o‘zi tuzgan ro‘yxatdagi nomzodlarni tuman hokimiyatidagi maxsus guruh saralamoqda:

- Mahalla yig‘inidagi ishchi guruh mahalla ahli talabi asosida nomzodlarni tanlayapti, mahalla oqsoqoli ularning tarjima holi bilan hokimiyatdagi maxsus komissiyasiga jo‘natayapti, ular tasdiqlagan nomzodlar qolayapti, tasdiqlamaganining o‘rniga yana yangisi jo‘natilyapti. Endi mana aprel oyidan aholi bilan ish boshlandi, oqsoqollarni saylash masalasida tushuntirish ishlari boshlandi, - dedi ismini oshkor qilmagan mahalla faoli.

Tushuntirish ishlari

Toshkent viloyati Qibray tumanida istiqomat qiladigan tinglovchi G‘ofur aka bu yil mahalla yig‘inlari raisligi uchun saylovlarning boshlang‘ich qismida demokratik alomatlar ko‘rinmoqda, deydi:

- Avvallari saylanishi aniq bitta oqsoqolning yoniga nomiga ko‘rsatilgan 3-4 kishini nomi bo‘lardi, shunaqa qilib o‘tkazib yuboriladi. Bu yil mahalla, hokimiyat va boshqa organlardan odamlar kelib, ko‘chama-ko‘cha yurib, nomzodlikka loyiq odamlarni qidirib yuribdi, gaplashishyapti. Men xursand bo‘ldim, demokratiyani qaerdandir boshlash kerakku, shuni mahalladan boshlagan bo‘lsak, ajabmas, - deydi G‘ofur aka.

Uning aytishicha, bu yil oqsoqolikka saylanayotgan nomzodlarni yoshartirish tavsiya qilingan. Toshkent shahridagi mahalla yig‘inlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu yil nomzodlarning 35 yoshdan 55 yoshgacha, ba’zi mahallalarda 57 yoshgacha bo‘lishi hamda imkon qadar oliy ma’lumotli erkak kishi bo‘lishi so‘ralmoqda.

Amaldagi oqsoqollar

Olmazor tumanidagi mahalla faolining fikricha esa bu yilgi saylovning avvalgilaridan jiddiy farqi bo‘lmaydi.

Uning mahallasida 10 yildan beri oqsoqollik qilib kelayotgan kishining yana saylanishi kutilmoqda:

- Bu yil 10 yil bo‘ldi, 4 marta qayta saylanganlar. Endi u kishini hamma taniydi, biladi, shuning uchun yana saylansa mayli, deb turishibdi. Chunki, keyin keladigan odam bu kishidanda yomon bo‘lishidan cho‘chishadi. Hokimiyatdagilarga ham shu kishi ma’qul aslida. Ularning mahalladagi ko‘zu-qulog‘iga aylanib qolganlar. Bu kishi ularga muammo tug‘diradigan, ularga qarshilik ko‘rsatadigan ish qilmaydilar. Rahbarlar bilan qanday muomala qilishni yaxshi biladilar, - deydi ismini ochiqlashni istamagan mahalla faoli.

Bu kishi mahalla yig‘inlari raisligiga saylov va ayni paytda mahalla yig‘ini faoliyatiga doir qonunchilik jiddiy islohotlarga muhtojligini e’tirof etib o‘tdi.

U kishi, xususan, oqsoqollik va mahalla yig‘ini ishini nazorat qiladigan taftish komissiyalari rahbarligi uchun nomzodlarning amaldagi mahalla oqsoqollari tomonidan ko‘rsatilishini O‘zbekiston hukumati da’vo qilib kelayotgan demokratik printsiplarga zid ekanini ta’kidladi.

Маҳалла фаоли: Оқсоқолни сайлаш тизимини ўзгартириш керак
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:24 0:00
Бевосита линк

Oqsoqol nomzodga qo‘yiladigan talablar

​O‘zbekistonda mahalla fuqarolar yig‘inlari shahar, posyolka, qishloq va ovullardagi mahallalarda tuzilgan. Bu yig‘inlarga raislik qiladigan shaxslar va ularning yordamchilari 2 yarim yillik muddatga mahalla ahli saylovi bilan saylanadi.

Mahalla oqsoqolligiga nomzodlar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi lozim. Nomzod oliy ma’lumotli bo‘lishi va mamlakat hududida besh yildan kam bo‘lmagan muddatda doimiy yashagan bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, tashkilotchilik qobiliyatini namoyish qilgan bo‘lishi va muqaddam davlat yoki nodavlat idoradalarda ishlab, tajriba orttirgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, mahalla ahli bu nomzodni yaxshi tanishi va hurmat qilishi lozim.

Senat qoshidagi "Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi" esa joylarda oqsoqollik va ularning maslahatchilari uchun ko‘rsatilgan nomzodlarni tanlash va saylashga bosh-qosh bo‘ladi.

Saylanadigan oqsoqollar nomzodini esa amaldagi mahalla oqsoqoli ko‘rsatadi, tuman va shahar hokimliklari ko‘rsatilgan nomzodlarni saralab, tasdiqlab beradi. Bir oqsoqol ketma-ket cheklanmagan muddatga qayta saylanashi mumkin.

XS
SM
MD
LG