Линклар

Jizzax futbol federatsiyasi mansabdorlari millionlab mablag‘ni o‘margan. Samarqandlik oshiq ma’shuqasiga uylanayotgan kuyovni o‘g‘irladi. Nozim To‘laxo‘jaev aktyorlar kam haq olishidan nolidi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Senatning prokuratura ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tarkibi tasdiqlandi

Oliy Majlis Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tarkibi tasdiqlandi (“Oila davrasida”, 7 aprel). Mazkur masala Senatning 31 mart – 1 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan beshinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqildi. Komissiya a’zolari senatorlar orasidan, ularning vakolati muddatiga, respublikaning barcha mintaqasidan vakil bo‘lgan o‘n besh kishilik tarkibda saylandi. Komissiya prokuratura organlari ustidan muntazam parlament nazoratini amalga oshirishi ko‘zda tutilgan.

Jizzax futbol federatsiyasi mansabdorlari millionlab mablag‘ni o‘margan

O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Jizzax filiali ijrochi direktori Baxtiyor G‘ofurov mas’ul lavozimdan cho‘ntagini qappaytirish yo‘lida foydalandi (“Darakchi”, 7 aprel). Baxtiyor G‘ofurov 2010-2014 yillarda hujjatlarni soxtalashtirish va boshqa “makkorona usullar” bilan jamg‘armaning 2 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ini o‘margan. Masalan, 2013-2014 yillarda jamg‘arma filiali hisobiga homiylardan 793 million so‘m kelib tushgan. Mazkur mablag‘dan 786 millioni soxta hujjatlar yordamida o‘zlashtirilgan. Qayd etilishicha, Jizzax futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ergash O‘rinov, federatsiya mutaxassisi Sahobjon Xo‘jaev ham juda katta miqdorda mablag‘ni o‘margan. Sud hukmiga ko‘ra, B. G‘ofurov 7 yil, E. O‘rinov 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. S. Xo‘jaev esa amnistiya bilan ozodlikka chiqarilgan.

Samarqandlik oshiq to‘yni to‘xtatish uchun ma’shuqasiga uylanayotgan kuyovni o‘g‘irladi

Samarqandlik Nodir Abduhamidov odam o‘g‘irlagani uchun 3 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 7 aprel). Qayd etilishicha, N. Abduhamidov bir necha yil davomida yaxshi ko‘rib yurgan qiziga etisholmagan. Sevgan qizi boshqa yigitga unashtirilgach, to‘yni to‘xtatish uchun bo‘lajak kuyovni o‘g‘irlab ketgan. “Kuyov o‘g‘irlash operatsiyasi”ga qarindoshlari Habibulla Abduhamidov va Abbos Ibragimovlarni ham jalb etgan. Kuyov o‘g‘rilari militsiya aralashuvi bilan ushlangan. N. Abduhamidovga kuyov o‘g‘irlashda yordamlashgan qarindoshlari 3 yilga kesilgan.

Kirakashlarning bayram bahona ketmoni uchyapti

8 mart va Navro‘z bayramlarida har yilgidek O‘zbekistonning turli viloyatlaridan Toshkentga kelib ketuvchi kira mashinalar narxi ikki-uch barobarga ko‘tarildi (“Hurriyat”, 6 aprel). Masalan, Toshkentdan Samarqandgacha kira haqi 50 ming so‘m, G‘allaorolgacha esa 35 ming so‘mga chiqqan. “Bayram oldidan uzoqdagi qavmu qarindoshini yo‘qlashni niyat qilgan yo‘lovchilar, ota-onasi yoniga qaytayotgan talabalar ushbu holatdan jig‘ibiyron bo‘lishi tayin”, deb yozadi gazeta. Qayd etilishicha, yo‘lovchilar bayram bahona “ketmoni uchgan” haydovchilar bilan har qancha bahslashmasin, narx tushirilmagan.

Buxoroda mehmonxona liftida qamalib qolgan mijoz mehmonxonadan ma’naviy zarar undirdi

Buxorodagi “Grand Bukhara” mehmonxonasi sifatsiz xizmat ko‘rsatgani bois sud tomonidan javobgarlikka tortildi (“Iste’molchi”, 6 aprel). Mehmonxona ma’muriyati andijonlik Ilshat Gimadaevga ko‘ngildagidek xizmat ko‘rsatmagan. Boz ustiga, mijoz Gimadaev 7-qavatdan tushayotganda liftda 40 daqiqa qamalib qolgan. Lift sozlangach, u poezdga arang yetib olgan. Shundan keyin I. Gimadaev Iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyati ishonch telefoniga murojaat qilgan. Sud mehmonxona mijozga 130 ming so‘m ma’naviy zarar to‘lashi haqida qaror chiqargan.

Kollej direktori o‘rinbosari pora bilan ushlandi

Samarqanddagi Sartepa turizm va maishiy xizmat kolleji direktori o‘rinbosari Zarina Murodova pora bilan ushlandi. “Huquq” gazetasi xabariga ko‘ra, direktori o‘rinbosari 2015-2016 yilgi o‘quv yili uchun qabulda jiyanini o‘qishga kiritish evaziga fuqaro Zamira Shamsievadan dastlab 200, keyin 300 dollar pora talab qilgan. Direktor o‘rinbosari talab qilingan summani olayotganda ushlangan.

Nozim To‘laxo‘jaev: Aktyorlar kam haq oladi

O‘zbekistonlik taniqli aktyor Nozik To‘laxo‘jaev “Darakchi” nashriga bergan intervyusida aktyorlarga berilayotgan haq kam ekanini qayd etdi. “Bosh rol ijrochisi filmning assistentidan uch baravar kam gonorar oladi. Ko‘pchilik aktyorlarning xususiy filmda ishtirok etish uchun yugurishi sababi ham shunda”, degan u. N. To‘laxo‘jaev aktyorlik kasbi mashaqqatli ekanini ham ta’kidlagan. “Yodimda, Sankt-Peterburgda bir serialda suratga tushganimda 40 daraja sovuqda ishlaganimiz yetmaganidek, meni qorga ko‘mishgan. Aktyor sog‘lig‘ini xavfga qo‘yib, o‘zini ming ko‘yga soladi, axir. Bizning kasbimiz hayotiy xavfliligi jihatidan uchuvchilardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi”, deydi aktyor.

XS
SM
MD
LG