Линклар

Internet tarmoqlarida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan Ungartepa-Unkurtog‘ strategik hududi qirg‘iz hukumati tomonidan 2006 yildayoq O‘zbekistonga tegishli ekani tan olingan hujjatning paydo bo‘lishi ortidan Qirg‘izistonda bosilayozgan siyosiy janjal yana avj ola boshladi. Mazkur strategik ahamiyatga ega tepalik yuzasidan janjal Bishkekda mart oyi oxirlarida boshlangan edi.

Toshkent Ungartepa, Bishkek Unkurtog‘ deb atovchi tepalikda O‘zbekistonning telefon signallarini uzatuvchi, Qirg‘izistoning esa teleradioto‘lqinlarini retranslyatsiya qiluvchi stantsiyalar mavjud. Bu tepalikdan butun Farg‘ona vodiysiga taraluvchi signallarni nazorat qilish imkoniyati mavjud.

2011 va 2013 yillarda O‘zbekiston mazkur hududda o‘z nazoratini o‘rnatishga harakat qilgan, ammo bunga erisha olmagan edi. 2013 yilning 22 sentyabrida O‘zbekiston chegarachilari vertolyotda teleradio signallarini tarqatuvchi stantsiya hududiga kirib kelgan. Keyinroq ularni qirg‘iz tomoni ortga qaytargan.

Internetda so‘nggi bir necha kun ichida Ungartepa-Unkurtog‘ hududi 2006 yildayoq Qirg‘iziston tomonidan O‘zbekiston hududi sifatida tan olingani to‘g‘risidagi hujjatlar nushalari paydo bo‘ldi. Mazkur hujjatlarga ishonilsa, sobiq prezident Qurmonbek Bakiev 2006 yilning 23 sentyabrida Toshkent bilan chegara masalasida imzolangan protokolda Ungartepa-Unkurtog‘ O‘zbekiston hududi ekanini tan olishi qayd etilgan. Protokolda mazkur hududning nomi Ungartepa, deb yozilgan.

Qirg‘iziston hukumatining chegaralarni aniqlash bo‘yicha davlatlararo komissiyasining o‘sha paytdagi raisi Salamat Alamanov haqiqatan ham mana shunday hujjat imzolanganini tasdiqladi.

- Bir kishi hujjatga qo‘l qo‘ygan bo‘lsa, butun mas’uliyatni o‘sha shaxsga yuklab qo‘yish noto‘g‘ri buladi. Chunki bu hujjatga qo‘l qo‘yilguniga qadar tuman, viloyat va respublika bo‘yicha er, kartografiya mutaxasislari bu masalani hujjatlar orqali o‘rganib, bu borada o‘z xulosalarini taqdim etishgan. Prezident yoki bosh vazir o‘zi xohlaganday qilib, bu ishni amalga oshira olmaydi. 1955 yildagi hujjatlarda Unkurtog‘ O‘zbekiston hududi ekani aniq qayd etilgan. Agar Qirg‘izison mutaxasislari buning aksini isbotlovchi hujjatni topisha olsa, unda boshqacha gap bo‘lishi mumkin, - dedi Salamat Alamanov.

Ungartepa-Unkurtog‘ masalasi Qirg‘izistonda 18 mart kuni O‘zbekiston bahsli bo‘lib turgan Chalasart hududiga harbiy texnika va askar kiritganidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi vaziyat ancha keskinlashggan paytda ko‘tarilgan edi.

O‘shanda Qirg‘izistonning Karvon tuman shahar kengashi hukumatdan strategik ahamiyatga molik tepalikdan qirg‘iz stantsiyalarini boshqa joyga ko‘chirish haqida ko‘rsatma kelgani, ko‘rsatmada bu hudud O‘zbekistonniki ekani qayd etilganini oshkor etib, katta janjal ko‘targan edi.

Mazkur voqea parlamentda yopiq eshiklar ortida muhokama qilingan, ammo hukumat o‘z ko‘rsatmasida Unkurtog‘ O‘zbekistonga tegishli ekanini tan olmagan. Parlament esa bu ko‘rsatma yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni bosh prokuraturaga topshirgan. Bosh prokuratura 20 aprelgacha tekshiruvni yakunlab, jamoatchilikka hisobot berishi lozim.

Ayni paytda Qirg‘iziston hukumatining chegaralarni aniqlash bo‘yicha mutasaddisi Qurbanbay Iskanderov Bishkek Ungartepa-Unkurtog‘ning O‘zbekiston yeri ekanini tan olmasligi va bu er ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib qolayotgan 58 hududdan biri ekanini aytib chiqdi.

Biroq qirg‘iz parlamentidagi muxolifatchi “Respublika –Ata Jurt” fraktsiyasi hukumatning bu borada qabul qilgan hujjatlarini tekshirish yuzasidan mustaqil tergov boshladi.

18 mart kuni O‘zbekiston bahsli bo‘lib turgan Chalasart hududiga harbiy texnika va askar kiritganidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi bungacha ham iliq bo‘lmagan munosabatlar keskinlashuvi ortidan Bishkek rasmiylari O‘zbekistonga oid bir qator qarorlarni qabul qildi.

Masalan, 30 mart kuni“O‘rtato‘qay” (O‘zbekistonda Kosonsoy, deb ataladi) va Karkidon suv omborlari, Katta Namangan, Chust, Norin, So‘x-Shoximardon, Lagan, Savay kanallarini O‘zbekiston ixtiyoridan Qirg‘izistonga qaytarish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan.

4 aprel kuni esa Qirg‘iziston bosh vaziri Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga tegishli 4ta pansionatni milliylashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan.

XS
SM
MD
LG